Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Ovozga zor “iste’dodli”lar

Ovozga zor “iste’dodli”lar

Foto: "Atameken.kz"

Xabarning audio talqini

Hozir so‘z ochmoqchi bo‘lgan holatim deyarli barchaga tanish. Ijtimoiy tarmoqlarga kirsangiz, tanishingiz yoki do‘stingizning iltimosini qabul qilasiz: “Iltimos, shu raqamdagi ishtirokchiga ovoz berib yuboring”. Iltimosni bajarish bir necha soniyangizni band qiladi xolos, ortiqcha  mehnat talab qilmaydi, megabaytingiz sarfi ham aytishga arzigulik emas. Ammo shu kichik sahna ortida katta mantiqsizlik yashiringani haqida balki mushohada yuritmassiz.

So‘nggi yillarda xalq fikri eshitiladigan, o‘rganiladigan, oddiy insonlar uchun minbarlar bo‘shatiladigan bo‘ldi. Bu juda yaxshi, albatta. Binobarin, insonlarning ko‘nglidagi gap ular kutgan islohotlarni yaratishga asos bo‘ladi. Ijtimoiy fikrni o‘rganishdan maqsad ham shu: xalqning muddaosini bilib olish va shunga hamohang ravishda harakat qilish. So‘rovnomalar o‘tkazishdan shu niyat ko‘zlanadi. Lekin hozirda tashkil etilayotgan onlayn so‘rovnomalar haqiqatni yuzaga chiqaryaptimi? Afsuski, “Ha” deb javob berishga asoslar yetarli emas.

O‘zim guvohi bo‘lgan so‘rovnomalar misolida aytadigan bo‘lsam, “Qaysi o‘qituvchining faoliyatini a’lo darajada deb baholaysiz?” savoli va 5 ta variant keldi. Ism-sharifi yozilganlarning birortasini tanimayman. Tagidan dugonamning izohli iltimosi yozildi: “3-qatordagi Falonchiyeva Pistonchini belgila, o‘g‘limning o‘qituvchisi”.

Demak, bu so‘rovnoma maktab miqyosida, ota-onalarning ta’lim berayotgan ustozlar haqidagi fikrlarini o‘rganish uchun tashkil etilgan. Shu asnoda o‘qituvchilar mahorati aniqlanadi. Ammo so‘rovnoma ishtirokchilari chek-chegarasiz, unda nafaqat ushbu maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilarning ota-onalari, balki internetning barcha foydalanuvchilari qatnashishi mumkin. O‘qituvchi va ota-onalarning yoyma reklamasi asosida buyurtma tashlanganiga ovoz berilaveradi. Tabiiyki, o‘qituvchini umuman tanimaydiganlar ham iltimosni bajo keltirish uchun unga biriktirilgan tugmachani bosaveradi. Xo‘sh, yakunda nima bo‘ladi? O‘qituvchining bilimi baholanadimi? So‘rovnomada kim yuqori pog‘onani egallaydi? Professionallarmi yoki tanish-bilishi ko‘plar? Bu korrupsiyaning kichik ko‘rinishi emasmi?

Karantin taqozosidan ko‘plab tanlovlar onlayn o‘tkazildi. To‘g‘risi, bunday sharoit kimlargadir moydek yoqib tushdi. Onlayn tanlovni boshqacha – haqqoniy usulda, masalan elektron pochtadan jo‘natiladigan savol-javob yoki test shaklida o‘tkazsa ham bo‘lardi, ammo ayrim tashkilotchilar balki oson yo‘lni tanlab, balki o‘ziga tegishli nomzodni o‘tkazish bahonasida ana shu so‘rovnoma usulini tanlab qo‘yaqoldilar.

“Telegram” mesenjerida men a’zo guruhlardan birida qoldirilgan postdan buni anglagandek bo‘ldim. “20 ta chet tili o‘qituvchisidan faqat 1 tasi xorijda o‘qish imkoniyatiga ega, tanlovda g‘olib bo‘lishim sizlarga bog‘liq, ism-familiyam 12-qatorda turibdi, iltimos, ovoz bervoringlar”, deyiladi unda. Taassufki, guruhdoshlar bu o‘qituvchi ayolni uncha tanimaydi, chet tiliga oid bilimlari qay darajada ekanligidan-ku umuman bexabar. Shu holda unga hakamlik qiladi va ovoz beradi. Shaffoflik qayerda qoldi, ustoz? Nohaqlik bilan cho‘qqiga chiqib bo‘lmasligini hech yo‘q siz tushunmaysizmi?

Masalaning boshqa tomoni ham bor. Deylik, mazkur onlayn tanlovda ishtirok etayotgan o‘qituvchilardan biri bilimli, zukko, xorijda tahsil olishga loyiq. Ammo adolatsizlik bilan yutishni istamay yoki o‘zini reklama qilishga istihola bilan so‘rovnomani internet uzra tarqatmadi. Yakunda esa undan bilimi past sherigi ko‘p ovoz olgani uchun o‘zib ketdi va mukofotni qo‘lga kiritdi. Oqibatda bilimdon pedagog emas, virtual olamdagi shovvoz xalqaro darajada tan olinadi.

Xabaringiz bor, karantin sharoitida maktab o‘quvchilar va bog‘cha bolalari dars hamda mashg‘ulotlari onlayn tarzda olib borildi. Ba’zi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari eng faol bolajonlarni tanlov asosida aniqlab, rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘ydi. Ayni payt iltimosli postlar yana avjiga mindi. “Shu videoga “layk” bosvoring, qizim chiqqan”, “Shu havolaga kirib 4-raqamli ishtirokchini tanlang, u mening o‘g‘lim”. Bahonada do‘st-dugonalaringizning farzandlarini ham tanib olasiz. Qiziq, ota-onalar kimni aldashyapti? O‘zlarinimi?

Shak yo‘qki, har qanday ota-ona bolasining yutug‘idan sevinadi, boshi ko‘kka yetadi. Bu yutuq uyushtirilgan bo‘lsachi? O‘g‘lingiz yoki qizingiz “layk” bosilgan tanlovda g‘olib bo‘lishi sizga nimani anglatadi? Farzandingizning iqtidorinimi yoki sizni veb makonda qo‘llab-quvvatlovchi qarindosh-urug‘, tanish-bilishlarning ko‘pliginimi? Mabodo bolangiz oxirgi o‘rinni olib qolsa, uni urishib yurmang, kam “layk” bosgan do‘stlaringizdan o‘pkalang. Axir hammasini shu tugmacha bosishlar, ko‘rsatilgan havolada sichqoncha tugmasini yurgizishlar hal qildi.

Bo‘lishi mumkin, siz bularni o‘zingiz emas, bolangiz uchun qilyapsiz. Tanlov haqqoniy emasligini juda yaxshi bilib tursangiz ham o‘g‘il-qizingiz xursand bo‘lishini xohlayapsiz. Lekin bu to‘g‘ri tarbiya emas. Bola murg‘akligidan asl iqtidorini xis qilishni, mehnatiga yarasha baho olishni o‘rganishi, undan kuchsizlar va kuchlilar borligini anglashi kerak. Onlayn so‘rovnomalar esa bu borada yoshlar uchun hayot maktabi bo‘lolmaydi, aksincha, ularni ham safsatabozlikka o‘rgatadi, oson yo‘lni tanlashga moyil qilib qo‘yadi. Zero, hozirgi bolalar internetni ota-onasidan kam bilmaydi, g‘oliblik reklama “repost”lari va “layk”lar evaziga kelganini yaxshi tushunadi.

Internet yo‘q zamonlarda ham xalqlardan buyuk zotlar yetishib chiqqan. Ularni tan olish uchun sun’iy “ovoz”larga ehtiyoj bo‘lmagan. Hozirgi kunimizda ham qahramonlar bir talay, ularning mehnati reklamaga muhtoj emas. Halol yashagan odamga o‘z o‘zidan rag‘bat kelaveradi. Bilimli va iqtidorli odam ta’bir joiz bo‘lsa, yo‘lovchidan aqcha so‘ragan tilanchi kabi ijtimoiy tarmoqlar aro kezib “ovoz” yig‘ish bilan band bo‘lmaydi. Balki shu vaqtini ham o‘z ustida ishlashga sarflaydi.

Nazarimda, bu kabi tanlov va so‘rovnomalar tepasida turgan tashkilotchilar uchun boshqa afzal usulni o‘ylab topish vaqti keldi. Hozirgi holat bilan erishiladigan natija faqat puch bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring