Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Metamaktablar va metauniversitetlar kelajak ta’limimi?

Metamaktablar va metauniversitetlar kelajak ta’limimi?

Foto: “it-world.ru”

Ikki yil oldin butun dunyo ommaviy tarzda masofadan faoliyat olib borishga majbur bo‘ldi. Ko‘p idoralar bu tartibni yaxshi qabul qilishgan bo‘lsa-da, ta’lim sohasi tizimli ravishda haqiqiy inqirozga duch keldi.

Ya’ni o‘quvchi va talabalar ta’lim sifati keskin tushib ketganidan shikoyat qila boshlashgan bo‘lsa, o‘qituvchilar va seminarchilar hatto videokonferensaloqa imkoniyati mavjudligiga qaramay, bir qator muammolar – muntazam xizmat ko‘rsatishdan tortib amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishdagi qiyinchiliklargacha duch kelishdi. O‘z-o‘zidan kelajak onlayn ta’lim bilan bog‘liqligi sezildi. Faqat buning uchun texnologik to‘siqlarni bartaraf etish zarurligi kundek ravshan bo‘lib qoldi.

EdTech startaplari ushbu vaziyatdan zo‘r foydalanib, nafaqat tayyor onlayn ta’lim mahsulotlarini taklif qila boshlashdi, balki yangi texnologiyalarni ham tezkor o‘zlashtirishdi: o‘quvchilarning ta’lim trayektoriyalarini shakllantirish uchun mashinani o‘rganish, materialga chuqurroq kirib borish uchun AR va VR, video oqimini uzluksiz uzatish uchun 5G.

Birinchi pandemiya davrida Rossiyaning EdTech bozori, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 25-50% ga o‘sdi, ko‘plab kompaniyalar uch baravar yuqorilashni ko‘rsatdi. Eng istiqbollisi virtual texnologiyalar bo‘lib chiqdi – ular yordamida ta’lim metaolamini barpo etish mumkin.

Metaolam va haqiqat

Metaolam tushunchasi yangilik emas: ilmiy-fantastik asarlarda qahramonlar ham real, ham virtual dunyoda yashashadi, odatiy chegaralarni buzishadi va oddiy hayotda erishib bo‘lmaydigan narsalarni avatar yordamida amalga oshirishadi. Bunday metaolam natijalaridan biri Jeyms Kemeronning mashhur «Avatar» asaridir.

Ammo fantastika juda tez haqiqatga aylanib, asta-sekin amaliy sohaga o‘tadi. Ya’ni virtual va to‘ldirilgan reallik texnologiyalari sharofati bilan. Bunda ilk namuna video o‘yinlar sanoati bo‘ldi: Roblox va Epic Games kompaniyalari olamida odamlar to‘laqonli hayot kechirishadi – pul ishlashadi, muloqot qilishadi va hatto uchrashishadi ham.

Pandemiya esa ushbu jarayonni rag‘batlantirdi xolos: raqamli dunyoda o‘zaro ta’sir jismoniydan ko‘ra odatiyroqqa aylanib boryapti, real va virtuallik o‘rtasidagi chegaralarning yo‘qolishi tezlashdi.

Metaolamning ayrim ishlanmalari hatto tijorat sohasida ham paydo bo‘ldi. Masalan, riyeltorlar qurilayotgan ob’yektlarning potensial xaridorlari uchun allaqachon ekskursiyalar tashkil qilishmoqda, onlayn-do‘konlarda esa jihozlarni nafaqat rasmlariga qarab, balki «jonli» – ish jarayonida ham o‘rganishingiz mumkin. Aynan metaolamning tijorat segmentiga kirib borishi yirik korporatsiyalar e’tiborini tortdi. Mana, masalan, 2021 yilning noyabr oyida Mark Sukerberg bundan buyon Facebook (allaqachon yangi nom ostida) metaolam yaratish bilan shug‘ullanishini e’lon qildi. Microsoft VR esa mahsulotlarini korporativ aloqalarga moslashtirdi.

Metata’lim

Endi ta’lim mavzusiga qaytsak. Metaolamlar bu sohaga ikkita yangi sifatni olib kirishi mumkin, ularning yetishmasligi kunduzgi va, ayniqsa, masofaviy ta’lim jarayonida seziladi. Birinchisi – ko‘rinish. Virtual yoki to‘ldirilgan reallikda olingan bilimlarni amaliyotga darrov tatbiq etish mumkin, shunday laboratoriya kurslari yaratiladi. Ularni yaqin-yaqingacha xayolga ham keltirolmasdik. Ishlab chiqarishda ishlash, murakkab kimyoviy birikmalar bilan tajribalar, ko‘plab sohalarda olingan ko‘nikmalarni (haydovchilik maktablarida amaliy haydashdan boshlab) amalda qo‘llash – bugun bularning barini amalga oshirish mumkin.

Ikkinchi sifat – interaktivlik. Virtual va to‘ldirilgan reallikda ta’lim jarayoniga kirish oddiy darsga qaraganda ancha chuqurroqdir. VR/AR texnologiyalari nafaqat materialni idrok etish, balki uni «tajriba qilish» imkonini beradi. His-tuyg‘ular esa bilim olish jarayonini tezlashtiradi.

Nihoyat, virtual reallik yaratadigan mavjudlik effekti o‘quvchilar va talabalarga ixtisosligi va yashash joyidan qat’i nazar, onlayn tartibda to‘liq ta’lim olish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, ko‘pchilikning kunduzgi o‘qish davrida munosib ta’lim olish imkoniga ega bo‘lmagan global davrga to‘g‘ri keladi.

Biroq hammasi ham silliq kechmaydi

Har qanday innovatsiya birinchi prototipdan ommaviy amalga oshirishgacha bo‘lgan uzoq yo‘lni bosib o‘tadi. Metaolam 2000-yillar boshidagi ijtimoiy tarmoqlarga o‘xshaydi: birinchi ishlanmalar mavjud, mavzu atrofida shov-shuvlar bor, ammo yakuniy tasavvurni shakllantirish va bu yo‘nalishni oddiy foydalanuvchilar orasida ommalashtirish uchun 10-15 yil kerak bo‘ladi (biz shunga o‘xshash manzarani bozorda sun’iy intellekt, 5G va 3D texnologiyalari paydo bo‘lganda kuzatdik).

Bu esa endi bozorga chiqmoqchi bo‘lgan kompaniyalarga ustunlik berishi mumkin. Virtual reallik ilovalari do‘konida hali ham ta’lim sohasi uchun mahsulotlar yo‘q. Demak, bu soha yangi kompaniyalar uchun tijoriy muvaffaqiyatni va’da qiladi. Bundan tashqari, ta’lim tashkilotlari bilimlarni samarali uzatishning yangi usullarini izlashda davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring