«Mashaqqat ortidan albatta mukofot ham keladi!» – Tesla’da ishlayotgan ilk o‘zbek qizi hikoyasi

Navbatdagi suhbatdoshimiz bugungi kunda yoshlar, ayniqsa, qizlarning «role model»ga aylangan Mushtariy Sharifova bo‘ldi.
Suhbatdoshimiz Navoiy viloyatida tug‘ilgan. Bakalavr bosqchini Germaniyadagi nufuzli Universıty of applied sciences in Europe’da egallagan. American Publishing Company, Zalando, Adidas, SAP kabi jahonga mashhur kompaniyalarda amaliyot o‘tagan.
Hozir u nufuzli Tesla kompaniyasida ishlayotgan ilk o‘zbekistonlik ’IT planning analyst’ hisoblanadi.
Mushtariy Sharifova 2021-yil «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
Muvaffaqiyatga osonlikcha erishmadim
Bolaligimdan og‘ir-vazmin qiz bo‘lganman. Maktabda yaxshi o‘qishga, ayniqsa, xorijiy tillarni yaxshi o‘rganishga harakat qilganman. Yodimda litseyda o‘qib yurgan kezlarim telekanallarda koreys seriallari ko‘p efirga berilardi. O‘sha seriallardagi muhit, filmlardagi aksariyat qahramonlarning chet ellarda o‘qib yurgani, semestr oldi qanday qilib kutubxonalarda kechgacha tayyorlanganini ko‘rib, ularga havasim kelgan.
Ochig‘i, men ham chet elda o‘qishni, o‘sha kinolardagidek qiynalib sessiyaga tayyorlanishni xohlar edim. Ayniqsa, Janubiy Koreyada o‘qishni orzu qilganman. Bu orzuim katta bo‘lganimdan keyin yanada qat’iylashib bordi.
Ammo muvaffaqiyatga osonlikcha erishmadim. Litseyni bitirgach, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kirmoqchi bo‘ldim, ammo talaba bo‘lish nasib etmadi. Avvaliga bundan xafa bo‘ldim, keyingi yili puxta tayyorgarlik qilib Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish universitetiga o‘qishga kirdim.
Tahsil davomida Germaniyada o‘qiyotgan do‘stlarim bilan suhbatlashib turardim. Kunlarning birida ular Germaniyadagi oliygohlarga topshirib, ko‘rishimni maslahat berishdi. Bu fikr menga ma’qul kelgan. Ota-onam roziliklarini olib bir nechta universitetlarga hujjatlarimni topshirdim. Bir necha oydan so‘ng Berlindagi Universıty of applied sciences in Europe’ga qabul qilinganim haqida xabar keldi. Shu hujjatni olib, uyga borganimda rahmatli dadajonim meni qo‘llab-quvvatlaganlar.
Qiziqarli va mazmunga boy yillar sifatida xotirlayman
Germaniyadagi o‘qish tizimi O‘zbekistondagidan tubdan farq qiladi. Umuman olganda, Yevropa davlatlarida o‘qishga kirish oson, lekin imtihonlardan 3 marta yiqilgan talaba o‘qishdan chetlatiladi va ortiq o‘sha mamlakatdagi hech bir universitetda o‘qiy olmaydi.
Men talabalik yillarimni qiziqarli va mazmunga boy yillar sifatida xotirlayman. O‘qituvchilar darslarni oson uslubda sodda tilda tushuntirishardi. Imkon boricha sohamdagi yangiliklardan xabardor bo‘lishga, kerakli dasturlarni o‘rganishga harakat qildim.
Darslar umuman olganda oson bo‘lishiga qaramasdan, imtihonlardan o‘tish uchun ularga juda qattiq tayyorlanardim. 5 yil ichida universitetni bitirdim.
O‘qishning 3-semestridan boshlab bizda majburiy amaliyot boshlanadi. 4-kursdan esa staj dasturini amalga oshirish kerak. Oxirgi 5 va 6-semestrlarda talaba o‘z yo‘nalishini belgilab olishi kerak. Men dolzarb soha deb moliya yo‘nalishini tanladim. IT sohasini ham qo‘ldan kelgancha o‘rganishga harakat qildim va bu menga kelajakda juda asqotdi.
O‘qish yillarim 2015-2019-yillarga to‘g‘ri keldi. 2019-yilning sentyabrida o‘qishni tugatdim.
2017-yilning sentyabridan 2018-yilning martigacha Adidas kompaniyasida amaliyot o‘tadim. Kompaniyada amaliyot o‘tash uchun hujjatlarimni topshirish jarayoni juda ham qiziqarli va mashaqqatli bo‘lgan. Chunki deyarli bir yil davomida harakat qilganman. Ich-ichimdan «Qancha bo‘lsa ham harakat qilaman, ammo baribir shu kompaniyada amaliyot qilaman» degan, maqsad bo‘lgan. Ishlash istagi shu qadar kuchli ediki, ishga kirganimdan so‘ng hisoblaganimda, umumiy hisobda 247 ta «application» to‘ldirib, yuborgan ekanman. Ulardan bor-yo‘g‘i ikkitasi muvaffaqiyatli o‘tgan.
O‘qish davomida yana bir mashhur Zalando kompaniyasida ishlaganman. SAP kompaniyasida esa 2-amaliyotni o‘tab, bitiruv malakaviy ishimni yozib tugatganman.
American Publishing Company kompaniyasida 2020-yil fevralidan 2021-yil yanvarigacha ishladim.
Kundalik hayotda ko‘proq ishlatish, suhbatlashish samaraliroq
Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, til o‘rganish borasida metodlar va qarashlar turlicha. Ammo xorijiy tillarni o‘rganishda o‘zimning tavsiyalarimni o‘rtoqlashishim mumkin. O‘ylashimcha, har kuni 100-1000 ta so‘z yodlashdan ko‘ra, balki o‘sha so‘zlarni kundalik hayotda ko‘proq ishlatish, suhbatlashish samaraliroq. Shundagina o‘sha yodlagan so‘zlaringiz ko‘proq xotirada muxrlanib qoladi. Bu uslubni menga Navoiydagi ustozim Eleonora opa o‘rgatgan.
Aynan xuddi shunday metodikani Germaniyaga kelib, nemis tilini o‘rganish uchun qo‘lladim. Ko‘proq suhbat qurishga, do‘stlarim bilan nemis tilida muloqot qilishga harakat qildim. Har safar suhbatlashganingizda yangi so‘zlarni o‘rganasiz va xotirangizda qoladi. Shu sababli men uchun eng yaxshi usul – bu o‘rganayotgan tilda ko‘proq suhbatda bo‘lish va albatta, chet tilidagi filmlarni ko‘proq tomosha qilish va kitob o‘qishdir.
Hozirda men, rus, turk, ingliz va nemis tillarida erkin muloqot qila olaman.
Umumiy hisobda 4-4,5 oy davom etdi
Tesla xodimiga aylanish oson kechmadi. Birinchi marta kompaniyaga hujjatlarimni topshirganimda 2021-yilning fevral oyi edi. Hujjatlarni skriningdan o‘tishi, keyin suhbatga chaqirish, birinchi suhbat va keyin yana to‘rt hafta davomida haftasiga ikki marotaba kompaniya menejerlari va hamkasblar bilan intervyular – umumiy hisobda 4-4,5 oy davom etdi. Ammo shu o‘rinda shuni qayd etishim lozim, bu kompaniyaga ishga kirishimda meni avvalgi kompaniyalar – Zalando, SAP, Adidas’da to‘plagan tajribalarim 70 foiz o‘z hissasini qo‘shdi. Agar men Tesla kompaniyasiga quruq CV jo‘natganimda o‘ta olmasdim.
Mening soham asosan moliya va xalqaro moliya ishlari va operatsiyalar bilan bog‘liq. Misol uchun, kompaniyaning bir yillik byudjet taqsimoti, xarajatlari va daromadlarini hisoblaymiz va bu bo‘yicha takliflar beramiz.
Ko‘pchilikka ma’lum LinkedIn platformasi mavjud. Men ham o‘sha yerda ish qidirishni boshlaganman va Tesla rekruterini e’lonini ko‘rib, elektron manziliga xat yozganman. Bir necha kundan so‘ng, ular xatimga javob berishgan va Tesla kompaniyasining rasmiy veb-sayti orqali o‘z hujjatlarimni yuborishimni so‘rashgan. Sayt orqali men CV, motivatsiya xati, avvalgi ishlagan kompaniyalarimdan 3 kishining tavsiyanomasini topshirganman. Shu o‘rinda o‘zimni tajribamdan kelib chiqqan holda bitta maslahat: agar katta kompaniyalarda ishlamoqchi bo‘lsangiz, o‘qishga kirgan vaqtdanoq, malaka oshirishni, amaliyotni boshlash kerak. O‘qish tugashi yoki yarmiga kelishini kutish shart emas. Odam o‘ziga men 3-5 yil ichida o‘zimni qanday ko‘raman, deb, aniq maqsad bilan harakat qilsa, ishonaman, kelajakda juda ko‘p yoshlar Tesla, Amazon, Google kabi yirik kompaniyalarga ishga kira oladi.
Mashaqqat ortidan albatta mukofot ham keladi
Kechki vaqt ishdan bo‘sh vaqtlarim professional bo‘lmasam-da, biron bir mazali taomlar tayyorlab, ularni kichik video sifatida Instagram’dagi obunachilarimga ulashib boraman. Bundan tashqari, xonaki gullarni parvarishlashga ham qiziqaman. Hozir uyda avakado daraxtini o‘stiryapman. Yaqin uch yil ichida magistraturani davom ettirish niyatim bor.
Fursatdan foydalanib, yoshlarga, ayniqsa, qizlarga qarata aytmoqchiman: hech qachon o‘z orzularingizdan voz kechmang, hamisha olg‘a yuring. Qo‘lingdan kelmaydi, eplolmaysan degan insonlarga quloq solmang, negativ tarzda qabul qilmang. Men albatta bajaraman, deng va o‘zingizga ishoning. O‘shanda atrofdagilar ham sizga ishonadi. Bir natijaga erishgungacha qo‘lingizdan kelgan hamma narsani qiling, barcha imkonlarni ishga soling. O‘z ustingizda tinimsiz ishlang, bilim va malakangizni orttiring. Allohdan eng yaxshisini so‘rang, u albatta so‘raganingizni beradi. Mashaqqat ortidan albatta mukofot ham keladi.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter