“Dacha” birovning uyi ekan — firibgar qo‘lga tushdi
Qaynoq yoz va dachalar mavsumi avjida. Turgan gapki, “dacha firibgarlari” ham voqealar rivojidan chetda qolayotgani yo‘q. Misol uchun, yaqinda sodir bo‘lgan voqeani olaylik.
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 54 yoshli A.A. ichki ishlar organlariga arz qilib, bank kartasidan 1 500 000 so‘m pul noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qildi.
Tegishli organlar tez orada o‘sha firibgarni topishdi — Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi, muqaddam JKning 277-moddasi bilan sudlangan 23 yoshli A.B. ushbu jinoyatni sodir etgan ekan.
Aniqlanishicha, firibgar (A.B.) jabrlanuvchi (A.A.) bilan Telegram messenjerining “Villa Sun Shine” nomli guruhida tanishgan va unga begona shaxsning dala hovlisi fotosuratlarini yuborib, uni arzon narxda ijaraga berishini aytib aldagan, dala hovlini oldindan band qilib qo‘yish uchun A.A.dan 1 500 000 so‘m pulni o‘zining foydalanuvidagi bank kartasiga o‘tkazdirib olib, bergan va’dasini bajarmagan va yozishmalarni o‘chirib yuborib, pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.B.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter