Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayollar uchun IT sohasidagi imkoniyatlar kengaymoqda!

Ayollar uchun IT sohasidagi imkoniyatlar kengaymoqda!

Joriy yilning 28–29-oktyabr kunlari mamlakatning turli hududlaridan yig'ilgan 400 dan ortiq qizlar va yosh ayollar Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida bo'lib o'tgan “Ayollarning raqamli dunyodagi ishtiroki va IT sohasidagi imkoniyatlar” nomli forumda ishtirok etdilar.

Tadbir “GAP Women IT Union” ayollar IT klubi doirasida tashkil etilib, ayollar yetakchiligini raqamli iqtisodiyotda rivojlantirish hamda qizlarning IT kasblariga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan hududiy tur doirasida o‘tkazildi.

Forum tashkilotchilari O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, “GAP” ayollar IT uyushmasi, UZINFOCOM hamda Raqamli ta’limni rivojlantirish markazidir. Tadbir ayollar yetakchiligini mustahkamlash, tajriba almashish va IT yo‘nalishini tanlayotgan yangi avlod qizlarini ilhomlantirish uchun platforma yaratishga qaratilgan edi.

Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova kirish so‘zida inklyuziyaning innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rnini ta’kidladi:

“Bugun qizlar faqat raqamli kasblarni o‘rganmayapti, ular texnologiyalar kelajagini shakllantirmoqda. Ayollarni IT sohasida qo‘llab-quvvatlash bu barqaror rivojlanish, innovatsiyalar va milliy raqobatbardoshlikka investitsiyadir. Prezidentimizning alohida e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda IT Parkning raqamli ekotizimni rivojlantirish borasidagi faol ishlari tufayli IT sohasida o‘z kasbiy o‘sishi va yetakchilik sari intilayotgan qizlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda”.

Forumda turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassis va yetakchi ayollar ishtirok etdi. Ular orasida:

Ilhom Juraev, Masofaviy ta’limni rivojlantirish bo‘limi bosh muovini;

Anora Amirova, UZINFOCOM kompaniyasining “Muxlisa AI” loyihasi ma’lumotlarni belgilash bo‘limi rahbari;

Bibinaz Turemuratova, Zulfiya davlat mukofoti sovrindori, Data Soft Academy asoschisi;

Shahzoda Kamalova, IT yo‘nalishida Zulfiya davlat mukofoti laureati;

Ernazarova Risolat, IT Park Xorazm maslahatchisi;

Seytbaev Atabek, “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” DUK bosh mutaxassisi.

Spikerlar IT sohasida ayollarning o‘rni, ta’limdagi imkoniyatlar, startaplarni rivojlantirish, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarining kelajagi haqida fikr almashdilar.

Hududlardan kelgan qizlarning ta’kidlashicha, IT sohasida o‘sishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri ota-onalarning bu kasbning istiqboliga nisbatan ishonchsizligidir. Shu sababli, tashabbus tashkilotchilari texnologiya sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan ayollar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazib, yoshlar uchun ilhom manbai bo‘layotgan hayotiy misollarni taqdim etmoqda.

Bu hikoyalar yoshlarni raqamli sohada o‘z yo‘lini topishga undab, IT kasblarining moliyaviy mustaqillik, ijodiy o‘sish va global integratsiya sari yo‘l ochishini ko‘rsatmoqda.

Dastur doirasida ishtirokchilarga amaliy onlayn resurslar, kurslar va o‘quv platformalariga havolalar taqdim etildi. Ular orqali yoshlar raqamli ko‘nikmalarni egallab, sun’iy intellekt va texnologiyalar sohasida professional yo‘lni boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Uchrashuv davomida  aholining kundalik hayotini yengillashtiruvchi davlat onlayn xizmatlaridan samarali foydalanish yo‘llari tushuntirildi.

Ishtirokchilarga sun’iy intellekt bo‘yicha bilimlarni chuqurlashtirishga qaratilgan bepul “One Million AI Leaders” dasturi va xalqaro sertifikat olish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Ushbu o‘quv tashabbuslari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va qisman moliyalashtiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring