Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Axborot texnologiyalari — 2016-yildan buyon o‘rtacha oylik maosh eng yuqori o‘sgan sohalardan biri

Axborot texnologiyalari — 2016-yildan buyon o‘rtacha oylik maosh eng yuqori o‘sgan sohalardan biri

Illyustrativ foto

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2016-yil narxlariga nisbatan O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida real oylik maoshning o‘sish sur’ati tahlil qilindi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, quyidagilar aniqlandi:

Tahlil qilinayotgan davr mobaynida moliya (167,5 foiz), axborot texnologiyalari — IT (91,0 foiz), sog‘liqni saqlash (44,2 foiz) va logistika (40,0 foiz) kabi sohalarda real o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori o‘sish sur’ati kuzatilgan.

Real o‘rtacha oylik ish haqi savdo (0,2 foiz), qurilish (16,0 foiz) va san’at (17,1 foiz) kabi tarmoqlarda nisbatan sekin o‘sgan.

2016-yil narxlariga nisbatan real ish haqi 52,6 foizga oshgan.

Raqamlashtirish va bozor munosabatlarining jadal rivojlanishi sharoitida mehnat resurslarining mobilligini oshirish juda dolzarb ahamiyatga ega. Bugungi kunda kasbni o‘zgartirish oddiy va kamxarajat hodisa.

MHTI mutaxascislari moliya, IT va logistika kabi sohalarda o‘qitishni taklif qiluvchi 45 ta ta’lim markazi faoliyatini tahlil qildi. Tahlil natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlandi:

Moliya kurslarining o‘rtacha davomiyligi 4 oyni, oylik to‘lov miqdori esa o‘rtacha 1 mln. so‘mni tashkil etadi. Shunday qilib, moliya mutaxassisligi bo‘yicha o‘qib, ushbu sohada ishga joylashganlar o‘rtacha 4 mln. so‘m sarflab, ko‘pi bilan 1,5 oy ichida ta’limga sarflagan xarajatini qoplay oladi (shaxsiy xarajatlarni hisobga olmagan holda).

IT kurslarining o‘rtacha davomiyligi 6,5 oyni, o‘rtacha to‘lov miqdori oyiga 1,5 mln. so‘mni tashkil qiladi. Binobarin, ishga qabul qilinganidan so‘ng, o‘qitish xarajatlari o‘rtacha 2-3 oy ichida qoplanadi.

Dispetcherning o‘qish muddati o‘rtacha 1 oyni, kurslarning narxi esa o‘rtacha 2,3 mln. so‘mni tashkil etadi. Ba’zi o‘quv markazlari kurslarni a’lo natijalar bilan tugatgan bitiruvchilarga ish o‘rni ham taklif etadi. Bugungi kunda logistika sohasi mutaxassislari o‘rtacha 6 mln. so‘m oylik maosh oladi. Ularning aksariyati masofadan turib ishlaydi.

Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni tezkorlik bilan egallash va buning uchun o‘quv kurslarida tahsil olish turmush sharoitini yaxshilashdagi eng muhim omil bo‘lishi mumkin. Bunda davlat tomonidan o‘quv kurslari uchun subsidiyalar va imtiyozli kreditlarning ajratilishi masalaning yarmini hal qiladi, lekin shu bilan birga har bir inson kasb va sohani tanlashda imkoniyatlarning kengligini anglashi va ko‘zlangan maqsad sari intilishi darkor. Bu jarayonda uni atrofidagi hamkasblari va oila-a’zolarining qo‘llab-quvvatlashi ham muhim ahamiyatga ega.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring