2017-2022-yillarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasida 1,9 marotaba o‘sish qayd etildi
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2017-2022-yillarda O‘zbekistonda xizmat turlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va ularning natijasini tahlil qildi.
Xizmat ko‘rsatish sohasining rivojlanishi iqtisodiy o‘sish, aholi (ayniqsa yoshlar) bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirishda katta ahamiyatga ega.
2022-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda xizmatlar sohasi YaIMning 41,5% ini tashkil etdi va 2017-2022-yillarda sohaning real o‘sish ko‘rsatkichi 1,9 marotaba oshdi.
So‘nggi yillarda respublikada xizmat ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash va jadal rivojlantirish borasida muhim qadamlar qo‘yildi. Xususan:
- “Elektron hukumat” tizimi takomillashtirildi va umumiy elektron davlat xizmatlari soni 368 taga yetdi (2019 yilda — 173 ta), ulardan 242 tasi tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan;
- biznesni ro‘yxatga olish osonlashtirildi va xizmatlar sohasidagi kichik tadbirkorlik sub’yektlari soni 2,2 barobar ko‘paydi (2017-yilda 128 mingta, 2022-yilda 325 mingta);
- AKT infratuzilmasi qariyb 6 barobar (optik tolali aloqa liniyalari uzunligi 2017-yildagi 20,3 ming kmdan 2022-yilda 118 ming kmga yetdi) va logistika tizimi 1,2 barobar yaxshilandi (tashilgan yuklar 2017-yildagi 1146,2 mln.t dan 2022-yilda 1398,9 mln.t ga yetdi).
Zamonaviy xizmatlarni rivojlantirishda sohaga xususiy sektorni jalb qilishning rag‘batlantirilishi o‘z samarasini berdi va tahlil qilingan yillarda quyidagi o‘zgarishlar qayd etildi:
- moliya xizmatlari 5,1 marotaba oshdi. Xususiy va xorijiy banklarning sohaga jalb qilinishi ularning raqobatbardoshligini oshirdi va 2022-yilning 1-dekabr holatiga ko‘ra HHI indeksi 1016 gacha pasaydi (2018-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra 1520 ga teng bo‘lgan);
- axborot va aloqa sohasidagi xizmatlar 2,8 marotaba oshdi. Xalqaro ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik imkoniyati 2022-yilda 1800 Gbit/s gacha oshdi (2017-yilda 64,2 Gbit/s);
- ta’lim sohasidagi xizmatlar 2,5 marotaba oshdi. Xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari soni 833 taga (2017 yilda 250 ta edi), davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasalari soni 1313 taga (2018-yilda 250 ta), oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari soni 20676 taga (2018-yilda 579 ta), nodavlat umumta’lim muassasalari soni 194 taga (2017-yilda 39 ta), nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni 55 taga (2018-yilda 1 ta), xorijiy oliy ta’lim muassasalari soni 30 taga (2017-yilda 7 ta) yetdi ;
- sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar 2,8 marotaba oshdi va hozirgi kunda 7320 ta xususiy tibbiyot muassasasi (ulardan 5823 tasi ambulatoriya, 1497 tasi statsionar) faoliyat yuritmoqda (2017-yilda 4000 ta edi).


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter