Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1,2 mlrd dollarlik 121 gramm chang

1,2 mlrd dollarlik 121 gramm chang

Foto: NASA/Erika Blumenfeld & Joseph Aebersold

Uzoq kutishlardan so‘ng, nihoyat, NASA o‘tgan yil kuzida Bennu asteroididan keltirilgan namunalar og‘irligini e’lon qildi — atigi 121,6 gramm. Shuni keltirish uchun o‘n yillik loyihaga 1,2 milliard dollar sarflandi! Biroq ekspertlar shu bir hovuch namuna baholab bo‘lmas darajada ilmiy qiymatga egaligini ta’kidlashmoqda.

NASA OSIRIS-REx fazoviy qurilmasiga 800 mln dollar, uni uchirish uchun Atlas V raketasiga 183,5 mln dollar, loyiha doirasidagi boshqa ishlar uchun 200 mln dollar sarfladi. Xullas, asteroiddan keltirilgan har 1 gramm chang bahosi — 10 mln dollar!

121,6 gramm namuna — fazoviy o‘lchamlarda juda katta raqam, masalan, shu paytgacha asteroidlardan Yerga keltirilgan jami namunalardan 20 karra ko‘p bo‘lib, olimlar Quyosh tizimi faoliyatining ilk davri va hayotning paydo bo‘lishini o‘rganishlari uchun juda boy manba hisoblanadi. Zamonaviy asboblar, xususan, elektron mikroskoplar vositasida o‘rganilganida hatto mitti zarralar ham bag‘oyat qiziqarli bo‘lishi mumkin.

Aslida missiyaga 60 gramm yuk bilan qaytish yuklangani ham OSIRIS-REx rejani do‘ndirib udallaganini ko‘rsatmoqda. Shuni ham qo‘shimcha qilish kerakki, qurilma Yerga qaytgach, namuna joylangan konteynerni ochishga muhandislar oylab urinishdi (namunalarga zarar yetkazib qo‘ymaslik vajidan kuch ishlatish mumkin emas edi).

Nihoyat, quti ochildi, dunyoning eng zo‘r olimlari intiqlik bilan navbatda turishibdi. Turli institutlarning (NASA, JAXA, CSA va boshqalar) 200 dan ziyod tadqiqotchilari Bennu regoliti xususiyatlarini tahlil qilishadi. Ammo hammasini emas, namunaning 70 foizi keyingi tadqiqotlarga asrab qo‘yiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring