Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

Mashhur milliarder nega bor boyligini farzandlariga qoldirmoqchi emas? (Video)

Bugungi IT-Star sahifamiz yulduzi dunyodagi eng mashhur xayriyaparvar milliarder va “Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts.

Qahramonimiz 1955-yil 28-oktyabrda AQShdagi badavlat xonadonlardan birida dunyoga keladi. Autizmga chalingan bolakay kun kelib Microsoft’dek kompaniyaga asos soladi deb kim ham o‘ylabdi deysiz. Ammo ota-onasi bolaligidan uning sog‘ligiga va ta’limiga katta e’tibor qaratishgan.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, Geyts o‘smirlik chog‘larida butun boshli Jahon ensiklopediyasini o‘qib tugatadi.

Bill Geytsning dasturlash borasidagi qobiliyatlarini sezgan maktab ma’muriyati unga o‘quvchilarning dars javdalini tuzuvchi kompyuter dasturini yaratishga ruxsat beradi.

O‘rta maktabni tugatgach, Garvard universitetida dasturlash bo‘yicha o‘qishni davom ettirgan Geyts ma’ruza darslariga hech qachon kirmasdi va buning o‘rniga o‘zi xohlagan joylarga borardi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, u imtihonlardan a’lo baholar olishni ham uddalardi.

Garvardda 20 yoshli Geyts murakkab matematik vazifani yechib, ajoyib algoritm o‘ylab topadi. Oradan vaqt o‘tib, Garvard professori Geytsga qo‘ng‘iroq qilib, uning ishi ilmiy jurnalda chiqishini aytganida esa Bill Geyts allaqachon Garvardni tark etib, Microsoft kompaniyasiga asos solgan edi.

O‘shanda professor o‘zicha “Bill juda aqlli bola. Afsuski, shunday bema’ni ishlar bilan shug‘ullanib yuribdi”, deb o‘ylagan ekan.

Garvarddan ketganidan ikki yil o‘tib, u haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqarganligi va qizil chiroqda to‘xtamasdan o‘tib ketganligi uchun qamoqqa ham olinadi.

Bill Geytsning aytishicha, u hayotda eng ko‘p afsuslanadigan narsa bu uning hech qaysi xorijiy tilni bilmasligidir. Ammo shunga qaramasdan, Geyts yiliga 50 tadan kitob o‘qiydi.

Bill Geyts avvaliga Microsoft’dagi xodimlarning ishga kelish va ketish vaqtlarini o‘zi uchun kuzatib turish maqsadida ularning avtomobil raqamini eslab qolardi. “Kompaniya kattalashib borgani sayin bunga e’tibor ham bermay qo‘ydim”, – deydi Geyts.

O‘zi milliarder bo‘lishiga qaramay, Geyts farzandlarining har biri atigi 10 million dollar merosga ega bo‘lishini aytadi. Uning fikricha, bolalarga o‘ta katta miqdorda pul qoldirish ularga yaxshilik qilish hisoblanmaydi.

Bilasizmi, Bill Geyts idish yuvishni shu qadar yaxshi ko‘radiki, deyarli har kuni kechqurun idishlarni o‘zi yuvadi. “Gap bu ishni bajarishga boshqa odam yo‘qligida emas, shunchaki mening o‘zimga idish yuvish yoqadi”, – deya izohlaydi u.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring