Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

«Ayti» sening tog‘angmas! (VIDEO)

«Green White Solutions» va «DataLab» kompaniyalari asoschisi, IT tadbirkor Abduqahhor TAShMUHAMMEDOV:

2008 yil – «Fido-Biznes» MChJ muhandis-dasturchisi;

2012 yil – Moskva davlat iqtisodiyot, statistika va informatika universiteti (MESI)ni tamomlagan;

2012 yil – «Green White Solutions» MChJ ta’sischisi, rahbari;

2013 yil – «Fido-Biznes» MChJ maslahatchisi;

2019 yil – «Softline Education» Oraclye murabbiysi;

2019 yil – «DataLab» MChJ ta’sischisi, rahbari;

2022 yil – «Biznes va tadbirkorlik» oliy maktabini tamomlagan.

– Avvalo, ko‘rsatuvimizning an’anaviy savolidan boshlamoqchiman, IT olamiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan? Va nega aynan IT sohasini tanlagansiz?

– IT sohasiga kirib kelishim haqida gapiradigan bo‘lsam, bu menda ikkinchi variant bo‘lgan. Chunki bolalikdan harbiy bo‘lishni orzu qilganman. Ammo ayrim qadriyatlari to‘g‘ri kelmagani bois ikki haftadan so‘ng harbiy bilim yurtini tark etishga majbur bo‘lganman. Shundan so‘ng maktab davrlaridan kompyuter sohasiga bo‘lgan qiziqishim bois 1999 yilda IT sohasiga kirib kelganman.

– Startap boshlashda nimalarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak va ularni qanday qilib muvaffaqiyatli amalga oshirish mumkin?

– Startap qilayotgan inson, birinchi navbatda, jamoani to‘g‘ri shakllantirishni bilishi kerak. Va o‘zi ham har sohada universal inson bo‘lishi kerak. Dunyodagi 100 ta startapdan 10 foizigina muvaffaqiyatli amalga oshadi. Albatta, bunda siz taqdim etayotgan mahsulot yoki xizmat turiga bozorning qay darajada tayyor ekanligini o‘rganish ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, hozirgi mashhur iPhone, Samsung kompaniyalaridan avval ilk smartfon Microsoft kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Ammo u bu faoliyatini hali vaqti kelmasidan avval boshlaganligi uchun va boshqa omillar hali tayyor bo‘lmaganligi boisdan ham o‘sha paytda smartfonlar u qadar ommalashmagan.

– Nega aynan Green White? Bunday nomlanishining siri nimada?

– Bilasizmi, kompaniyaning nomini ro‘yxatdan o‘tkazayotganda tanlagan variatlarimizning bari band bo‘lganligi bois, bir muddat ish boshlashga qiynalganmiz. Buyurtmalarni qabul qilavermaganimizdan keyin mijozlarimizning talab va istaklari bilan tizimda mavjud bo‘lmagan duch kelgan nomni tanlashga majbur bo‘lganmiz. Avvaliga bu so‘z hech qanday majoziy ma’noga ega bo‘lmagan. Keyinchalik green – yashil tabiatni himoya qiling, white – hamisha oq tarafda bo‘ling kabi ma’nolarni o‘zimiz keltirib chiqardik. Umuman olganda, biz kompaniyamizning nomi, logotipi bilan emas, sifatli xizmatlarimiz bilan mashhurlikka erishishni maqsad qilganmiz.

– Bu kompaniyaga asos solishingizning sababi nimada?

– Aslida bugungi kunda O‘zbekistonda bo‘lishim kerak emas edi. Ammo Moskvada o‘qib yurgan paytlarim «o‘zbekistonliklar ham dasturchi bo‘lar ekanmi, eshakda yurmaydimi?» degan gaplar juda alam qilgan. O‘shanda «hali o‘zbeklardan senlardan yaxshi dasturchi chiqishini ko‘rsatib qo‘yaman», deb o‘zimga va’da berganman. Shundan so‘ng O‘zbekistonga qaytib, har xil kompaniyalarda ishlab tajribamni oshirdim va o‘z kompaniyamni ochishga tayyorligimni his qilgach, 2012 yilda «Green White Solutions» kompaniyasiga asos soldim. Bugungi kunda kompaniyamiz Cosa-cola, Pepsi, Nestle, Samsung kabi ko‘plab katta-katta kompaniyalar bilan ishlab kelmoqda.

– Biznes jarayonlarini avtomatlashtirishning ustunliklari qanday? Ish bor joyda albatta kamchilik ham bo‘ladi, shunday ekan, uning kamchiliklari haqida nima deya olasiz?

– Avtomatlashtirish tizimining afzalliklari haqida gapiradigan bo‘lsak, korxonangizdagi hamma ma’lumotlar sizning qo‘lingizda bo‘lishi va siz real voqelikka asoslanib to‘g‘ri qaror qabul qila olishingizdir.

Kamchiliklari esa agar sizda malakali mutaxassis bo‘lmasa, afsuski, bu tizimdan to‘g‘ri foydalana olmaysiz. Aksariyat xodimlar rahbarim menga ishonmayapti, tizim orqali meni boshqarmoqchi bo‘lyapti, degan noto‘g‘ri fikr yuritadilar. Aslida esa rahbar o‘sishni istayotganligini inobatga olishmaydi.

– Doimiy mijozlarni qanday aniqlash mumkin?

– Bilasizmi, mijoz – bu biznes! Siz unga foyda bera olsangizgina, u doim siz bilan qoladi. Ammo siz unga kutilgan qadriyatni bera olmas ekansiz, mijozlaringiz ham asta-sekin raqobatchilaringiz tarafga o‘tib ketishadi. Chunki ular sizning akangiz yoki ukangiz emaski, sizning kamchiliklaringizga ko‘z yumib ketaverishsa, mijozning maqsadi faqat maksimal foyda olish.

– Barchamizga ma’lumki, Pepsi va Sosa-cola hamisha bir-biriga raqobatchi sifatida ko‘rsatiladi, bu holat reklamalarda ham o‘z aksini topgan. Ammo ularning har ikkisi ham sizning mijozlaringiz ekan. Bu ikki raqobatchi kompaniyaga xizmat qilish qiyin emasmi?

– To‘g‘risini aytsam, jahon kompaniyalari bilan ishlash mahalliy kompaniyalarga qaraganda ancha oson. Chunki ular nima istayotganliklarini aniq biladilar. Sizdan bir oy yoki bir yildan keyin nima kutayotganligini aniq ayta oladilar. Shu bois ham bu ikki kompaniyalar bir-biriga raqobatchi bo‘lsa-da, ular bilan ishlab mazza qilaman.

– «DataLab» kompaniyasining faoliyati haqida ham batafsil ma’lumot berib o‘tsangiz...

– «DataLab» – bu xodimlarning boshqaruv tizimi bo‘lib, u biror-bir korxonada xodimlarni ishga olishdan tortib, ular bilan ishlash jarayonlarini qulaylashtirishga yordam beradi. Bir so‘z bilan aytganda, HR menejerining ishini osonlashtirib beradi. Kompaniyamiz bugungi kunda Makro, Anorbank, Avtoritet, Samsung kabi bir nechta korxonalarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

10 yildan buyon 500 dan ziyod kompaniyalarning ishonchini oqlab, 10 mingdan ortiq foydalanuvchilarga samarali xizmat ko‘rsatib kelayotgan kompaniyalar rahbarining muvaffaqiyat sirlaridan ko‘rsatuvimizni to‘liq tomosha qilish orqali bahramand bo‘lishingiz mumkin.

E’zoza TURG‘UNOVA suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring