Behzod To‘xtamurodov prezidentga bergan va’dasini qanday bajaryapti? (video)
“IT-motivatsiya” ko‘rsatuvining bugungi mehmoni — Oliy Majlis Senati huzuridagi “Yoshlar parlamenti” raisi hamda INNO GROUP innovatsion ishlanmalar kompaniyasi asoschilaridan biri, “Shuhrat” medali sovrindori Behzod To‘xtamurodov.
2014–2018-yillar — TDTU (bakalavr);
2018–2020-yillar — TDTU (magistratura);
2019-yil – INNO GROUP asoschilaridan biri;
2019-yil – “Shuhrat” medali sovrindori;
2020-yil – ...h.k. — O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi direktori o‘rinbosari;
2022-yil – ...h.k — Oliy Majlis Senati huzuridagi “Yoshlar parlamenti” raisi;
2022-yil – ...h.k — Islom Karimov nomidagi TDTUda mustaqil izlanuvchi.
– Hozirda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat tyexnika universitetida mustaqil izlanuvchisiz. Bakalavrlik va magistraturani ham aynan shu universitetda tamomlagansiz. O‘qishni xorijda davom ettirish istagi bo‘lmaganmi?
– Albatta. Hatto bakalavrlik, keyinchalik magistraturada o‘qish jarayonida ham menda chet davlatlariga ketish uchun imkoniyat bo‘lgan. Ammo men aynan shu universitetda o‘zimga kerakli barcha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldim va bu qarorimdan sira ham afsuslanmayman.
– Nega aynan shu yo‘nalishni tanlagansiz?
– Muhandislik — iqtisodiyot drayveri. Injenerlik sohasi nihoyatda qiziq soha. U orqali ko‘plab yo‘nalishlarda yangiliklar yaratish va uni g‘oyaga aylantirish mumkin. Balki shuning uchun ham bu soha menga qiziq tuyuilgandir. Aslida insonga nimadir yoqsa, uni aynan nima uchun yaxshi ko‘rishini aytish juda ham qiyin masala.
– 2019-yilda jamoangiz bilan INNO GROUP ga asos solib, marketolog sifatida faoliyat yuritishni boshlagan ekansiz. 3D printer ishlab chiqarish fikri qayerdan paydo bo‘ldi?
– Bilasizmi, bizda bu g‘oya talabalik yillarimizda, TDTU tomonidan American MakerBot 3D printeri xarid qilinganidan so‘ng paydo bo‘ldi. Albatta, bunga katta mablag‘ sarflanganini ko‘rgach, jamoamiz yigitlari bilan kelishib, o‘zimiz 3D-printer yaratishga qaror qildik va bunga muvaffaq bo‘ldik. Aytish joizki, biz yaratgan qurilma naq o‘n barobar arzonga tushdi. Kompaniyamiz esa 2019-yilda, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 1 mlrd so‘m mablag‘ ajratilganidan so‘ng, tashkil etildi. Kompaniyamizda 3D printerli laboratoriyalar orqali 20 dan ortiq ishlab chiqarish yo‘nalishlariga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Loyihamiz doirasida davlat rahbariga 3D modellashtirish texnologiyasini rivojlantirib, boshqa yo‘nalishlarda ham tatbiq etishga va’da bergan edik. Loyihani tumanlardagi 33 ta maktabda amalga oshiryapmiz. Maktablarning barchasida bosqichma-bosqich 3D modellashtirish, prototiplash laboratoriyalarini o‘rnatyapmiz.
– 3D printerlar yordamida ishlab chiqarilgan nogironlarga mo‘ljallangan “bionik protezlar” loyihangiz “Startap tashabbuslari” tanlovida mukofotga munosib topilgan ekan. Bir necha bor muvaffaqiyat keltirgan ushbu protezlarning boshqa muqobillaridan farqi nimada?
– Haqiqatan ham, “Startap tashabbuslari” tanlovida 3D printer orqali ishlab chiqarilgan “bionik protez” loyihamiz eng yaxshi yoshlar startapi deb topilgan. Bionik protez — bu inson nerv impulslari orqali harakatga keltiriladigan elektron-mexanik qurilma. Datchiklar qo‘l yoki oyoqning shikastlangan qismiga biriktirilgan bo‘lib, xuddi shu impulslarni ta’minlaydi. Ular protezning dvigatellarini ishga tushiradilar. Bunday qurilma yordamida oddiy protezlarga qaraganda ancha erkin harakat qilishlari mumkin. Biz yaratgan protez ham ovozli boshqaruv yordamida ishlaydi va u tarmoqdan quvvatlanadi.
Hozirda Oliy Majlis Senati huzuridagi “Yoshlar parlamenti” raisi sifatida ham faoliyat yuritayotgan Behzod To‘xtamurodov ushbu vazifaga kirishganidan so‘ng “Yoshlar parlamenti”da qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
Yangi rais qanday yangiliklar olib kira oldi? Hayotda o‘z o‘rnini topa olgan va ko‘plab yutuqlarga erishib kelayotgan yosh qahramonimizning muvaffaqiyatlari siri nimada? Shu kabi savollarga javob topishni yoki yosh deputatdan qimmatli tavsiyalar olishni istasangiz, intervyuning to‘liq qismini Xabar.uz axborot-tahliliy portalining YouTube kanalida tomosha qiling.
E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter