Behzod Botirov: U-PAY elektron to‘lovlar tizimi raqobatchilaridan qanday farq qiladi?
Koronavirus pandemiyasi bir qancha sohalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar faoliyatini yanada rivojlantirdi.
Shu bois ham barcha onlayn savdo bilan shug‘ullanishga o‘tib ketdi. Xo‘shb elektron tijoratning ham minus taraflari bormi? Bu haqida suhbatlashish uchun studiyamizga Maroqand MChJ direktori, U-PAY Universal elektron to‘lovlar xizmati asoschisi, IT tadbirkor Behzod Botirov.
– Ko‘plab tadbirkorlik turlarini eshitganmiz, ammo elektron tijorat bilan shug‘ullanish mamlakatimizda ommalashayotganligiga ko‘p bo‘lmadi. Ayting-chi, elektron tijorat o‘zi nima?
– Elektron tijorat – bu internet tarmog‘i orqali mahsulot va xizmatlarni sotishdir.
– Pandemiya davrida onlayn savdo bilan shug‘ullanuvchilar soni ortdi. Xo‘sh, onlayn savdo bilan shug‘ullanishning ham salbiy taraflari bormi?
– Albatta, hamma ishda bshlgani kabi bu onlayn savdoning ham salbiy kamchiliklari bor. Asosiy kamchiligi shundaki, siz xarid qilayotgan mahsulotingizni faqat rasmda ko‘rasiz. Qo‘lingizga yetib kelganda esa afsuski hamisha ham sifati sur’atdagi kabi bo‘lavermaydi. Qolaversa, libos sotib olayotgan bo‘lsangiz, o‘lchami to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Aksariyat tadbirkorlar onlayn ravishda sotilgan mahsulotlarni almashtirib berishmaydi.
– Bir necha yillardan buyon elektron tijorat bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkor sifatida ayting-chi, siz o‘z faoliyatingizni boshlagan davringizdan buyon O‘zbekistonda nimalar o‘zgardi?
– Biz faoliyatimizni birinchi boshlaganimizda O‘zbekistonda hali ko‘pchilik tushunmasdi elektron tijorat o‘zi nima, uning ahamiyatib ustunliklari qanday? Masalan, bank kartalariga pul tushsa, ko‘pchilik uning balansini aniqlashda va pulni yechib olishda muammolarga duch kelar edi. Ana shunda biz U PAY to‘lov tizimini yo‘lga qo‘ydik, ya’ni bu orqali foydalanuvchilar kartasiga tushgan pulning balansi va uning qoldig‘i haqida sms xabar orqali osongina ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Hozirgi kunda esa masofadan turib, uyingizdagi barcha kommunal to‘lovlarni amalga oshirishingiz mumkin. Biz ish boshlagan paytimizda faqat telefon to‘lovlarinigina amalga oshirish mumkin edi. Hozirda odamlar boshqa to‘lovlarni ham bank kartalari orqali masofadan turib, to‘lashning afzalliklarini yaxshi bilib olishdi.
– Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda interaktiv xizmatlar tobora rivojlanib bormoqda. Ularni oddiy aholi orasida ommalashtirishning yana qanday yo‘llari mavjud?
– Interaktiv xizmatlarni ommalashtirishda birinchi navbatda, aholiga bu xizmatlardan foydalanishni maktabdan boshlab o‘rgatilsa to‘g‘ri bo‘lardi. Chunki biz asta-sekinlik bilan butunlay interaktiv xizmatlardan foydalanishga o‘tamiz. Shuningdek, yoshi kattalarga ham mana shu xizmatlardan qanday foydalanish haqida bepul darslar olib borilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
– Elektron tijorat tizimining boshqa tadbirkorlik turlaridan farqi qanday?
– Agar siz elektron tijorat bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz, boshqa biznes turlaridan farqli o‘laroq, do‘kon uchunkatta bir joyni ijaraga olishingiz shart emas. Hattoki chet eldagi xaridorlaringizdan ham bemalol masofadan turib to‘lovlarni qabul qilishingiz mumkin. Kamchiligi esa logistikada va xaridorlarga xizmat yoki mahsulot haqida ma’lumotlarni to‘g‘ri yetkazib bermaslikda.
– Hozirgi kunda elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardan qaysi birini eng zo‘ri deb hisoblaysiz?
– Dunyo bo‘yicha oladigan bo‘lsak bu albatta “Amazon”, O‘rta Osiyo bo‘yicha “Alibaba”, O‘zbekistonda esa agar to‘lovlar tizimi bo‘yicha bo‘lsa “Maroqand” kompaniyasi.
– Nega aynan “Maroqand”?
– Kompaniyamizga nom tanlashda tarixiy Samarqandning eski nomini tanlaganmiz.
– Ish faoliyatingiz da qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?
– Ishda duch keladigan eng katta muammo – bu kadr masalasi. Chunki kadrlarimiz juda ham yosh, kimdir o‘z ustida ishlashni istaydi, kimlardir istamaydi. O‘zimizning O‘zbekistonda ham izlanuvchan yoshlar uchun qator imkoniyatlar va yaxshi daromad topishga ham sharoitlar mavjud.
– O‘zini O‘zbekistonda yagona deb hisoblovchi U-PAY elektron to‘lovlar tizimi raqobatchilaridan qanday farq qiladi?
– Hozirgi kunda biz nafaqat sms orqali internetsiz to‘lov qabul qilish va barcha bank kartalaridan to‘lovlarni qabul qilishni yo‘lga qo‘yganmiz. Boshqa farqli tarafi yo‘q.
– Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi rejalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?
– Elektron tioratni rivojlantirish bo‘yicha chet el bozorlariga chiqishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Shuningdek, xunarmandlarning mahsulotlarini internet orqali xorij bozorlariga chiqarish rejamizni ham amalga oshirmoqchimiz.
E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter