Akmal Payziyev: «IT» sizga yoqsagina, bu sohaga kiring(VIDEO)
IT-Motivatsiya ko‘rsatuvining bugungi qahramoni — Newmax Technologies, Maxtrack, Workly, MyTaxi, Express24 va IMPACT.T loyihalarining asoschisi Akmal PAYZIYEV.
Akmal Payziyev 1984-yil 21-oktyabrda tug‘ilgan;
2000-2004-yillarda O‘zMU, kompyuter texnologiyalari fakultetida tahsil olgan;
2004-2006-yillarda Wagyeningen universitetida tahsil olgan;
2005-yili Nyewmax Technologies kompaniyasiga asos solgan;
2007-yili Maxtrack loyihasini yaratgan;
2011-yili Workly kompaniyasini tashkil qilgan;
2015-yili MyTaxi mobil ilovasini yaratgan;
2017-yili Express24 xizmatini tashkil etgan;
2022-yili IMPACT.T hamjamiyatiga asos solgan.
— An’anviy savol: IT sohasiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan? Bolalikdan kim bo‘lishni orzu qilgansiz?
— IT sohasiga qiziqishim 12-13 yoshlarimdan boshlangan. Bu qiziqishimga esa oyim sababchi bo‘lganlar. Chunki yakshanba kunlari ishxonalariga olib ketardilar. Men esa u yerdagi kompyuterlarni o‘ynab o‘tirardim. 9-sinfda o‘qiyotganimda esa uyga ham kompyuter sotib oldik. Bu esa kompyuter texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishimning ortishiga sabab bo‘lgan. Onam o‘zlari 80-yillarda dasturchi bo‘lib faoliyat yuritganlar. Mening bu sohani tanlash qarorimni ham ota-onam birdek qo‘llab-quvvatlaganlar.
— Express24 xizmatini qaysi xorij tajribasiga asoslanib tashkil qilgansiz?
— 2016-yilda bir qancha xorij safarlarida bo‘lgan kezlarim AQShda ovqat yetkazib berish xizmatlarining rivojlanganligi e’tiborimni tortdi. Vatanimizga qaytgach esa bunday xizmat bizda juda kerakli ekanligini tushunib yetib, mana shu Express24 xizmatini qo‘lga qo‘ydik.
— O‘sha darajaga yeta oldik, deb hisoblaysizmi?
— Bizning ilovalar texnologik jihatdan xorijnikiga juda o‘xshash. Ammo mijozlarning soni bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, biz hali u darajaga yeta olmadik. Chunki bu xizmatga bizda ham kun sayin talab ortgani bilan, AQSh yoki Yevropa davlatlaridagi kabi ommalashmagan.
— Ayrim Express24 foydalanuvchilarining aytishiga qaraganda, buyurtmalarni o‘z vaqtida yetkazmas ekan, ustiga-ustak, ko‘p hollarda buyurtmani rad etar ekan ham. Buni qanday izohlash mumkin?
— Bizda yetkazib berish xizmatining nazorati o‘tgan yilning dekabr oyiga qadar biroz qiyin edi. 2021-yil dekabr oyidan boshlab esa bu borada katta o‘zgarish amalga oshirildi. 2022-yil fevral oyida esa yetkazib berish vaqtini o‘rtacha 7 daqiqaga qisqartirdik. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich. Siz aytayotgan holatlar undan avval kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Hozirda bu kamchiliklarning bari o‘z navbati bilan bartaraf etilmoqda.
— Odatda o‘zimiz ro‘zg‘orlik qilayotganimizda maxsulotlarning narxi va sifatiga e’tibor qaratib xarid qilamiz. Express24 xizmatida ham bu jihatlarga ham e’tibor qaratiladimi?
— Express24 xizmati asosan hamkorlar bilan ishlaydi va ular taklif qilgan narx bo‘yicha savdo amalga oshiriladi. Biz ular qo‘ygan narxni o‘zgartira olmaymiz.
— Ushbu xizmat turini takomillashtirish uchun hozirda nimalar qilinmoqda? Kelajakda yana nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
— Biz har bir loyihamizning rivojlanishi uchun juda ko‘p investitsiya kiritamiz. Chunki zamon o‘zgargani sayin mijozlar talabi ham o‘zgarib bormoqda. Deyarli har kuni loyihalarimizning yangi versiyalari ustida ishlaymiz. Masalan, hozirda kafe-restoranlardan taomga oldindan buyurtma berib, o‘zingiz olib ketadigan versiyalar va restoranlarda to‘lovni bizning mobil ilovamiz orqali amalga oshirish ishlari haqida bosh qotiryapmiz. Eng asosiysi, yetkazib berish tezligini oshirish ustida ishlayapmiz.
— Hozirda ko‘p haydovchilar kamroq soliq to‘lash maqsadida mijoz mashinaga o‘tirgandan keyin navigatsiyani o‘zlari o‘chirib qo‘yib, o‘chib qoldi, bilmay o‘chirib qo‘ydim, boradigan manzilni bilasizmi, deb mijozning o‘zidan yo‘lni ko‘rsatib ketishlarini talab qilayotgan holatlar ham mavjud. Bu holatda esa kompaniyaga mijoz tushib qoldi, degan xabar keladi. Mana shunday vaziyatlar tekshiriladimi? Qanday choralar ko‘riladi?
— Bunday holatlar kamdan-kam kuzatiladi. Chunki haydovchining o‘zi navigatsiyani o‘chirib qo‘yganligi haqidagi ma’lumot kompaniya serveriga yetib keladi. Bunday vaziyatlarda mijozlar uchun safarni baholash tizimi mavjud, ular bu imkoniyatdan foydalanib, xizmat sifatiga past baho berishlari mumkin. Haydovchiga nisbatan 4-5 ta shunday shikoyatlar kelib tushsa, biz buni inobatga olgan holda haydovchini bloklab qo‘yamiz.
— Ishga qabul qilayotganda haydovchilarning ma’lum bir sifatlari sinovdan o‘tkaziladimi yoki avtomatik tarzda amalga oshiriladimi?
— Bizning MyTaxi aynan sifati bilan boshqalardan farq qiladi. Bizga ishga kirish niyatida bo‘lgan 10 ta haydovchidan uchtasigina talablarga javob berishi mumkin. Chunki biz mashinaning yiliga, saloniga e’tibor qaratishdan tashqari haydovchini bir nechta testlar orqali sinovdan o‘tkazamiz. Shunindek, haydovchilarning muomala madaniyati ham mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatishimizda muhim ahamiyatga ega.
— Yangi startap loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish kerak, deb hisoblaysiz?
— Bu juda o‘rinli savol va unga soatlab javob berish mumkin. Avvalo, muvaffaqiyatli loyiha uchun g‘oya va uni amalga oshirish uchun jamoa muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, g‘oyani qachon va qayerda amalga oshirishga ham alohida e’tibor qaratish lozim.
— Sizningcha, bugun yoshlar nega ITni tanlashlari yoki tanlamasliklari kerak?
— IT — bu keng tarmoqli soha. Hozirgi kunda shifokorlardan tortib, kulollargacha bu sohani bilishlari kerak. Boisi bugungi kunda turli jarrohlik amaliyotlari ham kompyuter yordamida amalga oshirilmoqda. Kulollar ham axborot texnologiyalarini yaxshi bilsalar, turli naqshlar va shakllarni yaratishda o‘z ishlarini yanada yengillashtirishlari mumkin. Nega tanlamasliklariga kelsak, bu soha yoqmasa, tanlamasliklari kerak.
— Bu sohaga ko‘p pul topish maqsadida kirayotgan yoshlar haqida qanday fikr bildirasiz?
— To‘g‘ri, bu sohada boshqalarga qaraganda ko‘p pul topish mumkin. Ammo faqat pul topish maqsadida bu kasbni tanlaganlar ana shu pulni topa olishmayapti. Nimaga? Chunki uning maqsadi faqat pul! Biror sohada o‘sish, rivojlanish uchun ana shu qilayotgan ishi, avvalo, o‘ziga yoqishi kerak. Agar insonda qiziqish bo‘lmasa, baribir kun kelib u ishini tashlab ketadi. Yetuk mutaxassis bo‘lish uchun vaqt kerak, sabr va o‘z ustida to‘xtamay ishlashi kerak.
— IT sohasiga endi qadam qo‘yayotgan yoshlarga tavsiyalaringiz…
— Yuqorida aytganimdek, IT sizga yoqsagina, bu sohaga kiring. Kimningdir qistovi bilan yoki ko‘p pul topish maqsadidagina bu kasbni tanlamoqchi bo‘lsangiz, yaxshisi, qaroringizni yana bir karra o‘ylab ko‘ring!
Suhbatning to‘liq qismini xabar.uz saytining you tube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
E’zoza TURG‘UNOVA suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter