Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Xakerning ichki olamida isyon qaynaydi

Xakerning ichki olamida isyon qaynaydi

Foto: "Pxhere.com"

Oxirgi paytlar internetda kiberhujumlar, xakerlarning xurmacha qiliqlariga ko‘p bor guvoh bo‘lyapmiz. Xakerlar hujumidan davlatlar, tashkilotlar, banklar va insonlar katta zarar ko‘rmoqda.

Bunday qora guruhlar tarixi 1969 yilga borib taqaladi. AQShdagi Massachusets texnologiya institutida birinchi kompyuter xakerlari paydo bo‘lgan. Ular dasturlarni ko‘chirib olib, kompyuterni tez ishlatishga urinib ko‘rishgan.

Tarixdagi eng xavfli xaker kaliforniyalik Kevin Devid Mitnik hisoblanadi. Uning uchiga chiqqan xakerlik faoliyati 1980-90-yillarga to‘g‘ri keladi va asosan telefon aloqasini buzish hamda o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan. Lekin u keyinchalik xakerlikni tashlab, kompyuter xavfsizligi bo‘yicha mutaxassisga aylangan.

Shuningdek, rus millatiga mansub xaker Aleksey Alekseyevich Belan huquq-tartibot organlari tomonidan eng ko‘p qidiruvda bo‘lgan xaker hisoblanadi. U kompyuter tarmoqlariga noqonuniy yo‘llar bilan kirgan. Amerikadagi uchta kompaniyaga katta talafotlar yetkazgan.

Albatta, xakerlarni tayyorlaydigan oliygoh yoxud o‘quv markazlari bor. Ular UNIX-tizimi, HTML tili, bir qancha dasturlash tillari, sayt yaratish, kriptografiyani o‘rganib olgach, o‘zlariga shu nomni beradilar.  

Xakerlar o‘zaro ixtisoslashuvni tashkil qilib oladi. Masalan, bir guruh xakerlar faqat parollarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanadi. Ular bu uchun maxsus lug‘at, ramz va raqamlardan foydalanadilar. Dasturlar ichiga kirish va ulardan o‘g‘rincha foydalanishga alohida xakerlar mas’ul. Elektron pochtalarga yashirincha kiruvchi xakerlar o‘zlarini "pochtalon" deb nomlab olganlar.

Saytlarni buzish - kiberjinoyatchilarning eng ko‘p qo‘l uradigan ishlari. Kompyuterlarga virus tushirish orqali dushmanlik qilish ham ko‘p kuzatiladi va ularni o‘zaro "virusolog" deb atashadi. "Josus"lari esa konfidensiallikni buzib, tegishli shaxslarning ma’lumotlaridan voqif bo‘lib boradi.

Axborot asri ta’rifini olgan XXI asrda xakerlarning kuni tug‘di. Yil sayin kiberjinoyatlar soni oshib va zarar ham yiriklashib bormoqda. 2018 yilda zarar miqdori 1,5 trillion dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilda uch barobarga oshdi. Tadqiqotchilarning gumon qilishlaricha, 2025 yilga borib xakerlardan yiliga 10,5 trillion dollardan ortiq moddiy zarar qabul qilinadi.

Tan olish kerakki, xakerlar - aqlli odamlar. Faqat ular o‘z aql-zakovatlarini qora maqsadlarga sarflaydilar. Chunki ong ostida yovuzlikka undovchi qora nuqtalar ko‘p. Butun dunyoga isyon o‘laroq kurashning shu usulini tanlaydi. Dushmanlik xatti-harakati bir davlat, tashkilot yoki saytga qaratilganiga qaramay, ularni keng olamdan, undagi barcha odamlaru bari mavjudotlardan arazlagan odam, deyish mumkin.  

Hech kim bir kunda xaker bo‘lib qolmaydi. Yillar davomidagi zo‘riqish, maqsadlariga erishishdagi qiyinchiliklar, bir xillikda o‘tayotgan mazmunsiz kunlar, alamzadalik, hayotida e’tirof etuvchilar va rag‘batlantiruvchilarning yo‘qligi shu yo‘lni tanlashga majbur qiladi.

O‘xshash narsalar tortiladi, deganidek, uning qalbidagi alam, nafrat, g‘azabdan hosil bo‘lgan qoralik nopok biznesga boshlaydi. U g‘araz maqsadlarini amalga oshirib, ko‘nglida vaqtincha va aldamchi xotirjamlik uyg‘onadi, xaker esa bundan mast bo‘ladi.  

O‘z hayotidan ko‘ngli to‘lmagan, shaxsiy hayotida muammolar qurshovida qolgan odam o‘ziga tegishli hududni tark etishni, o‘zganing maydoniga kirishni xohlaydi. O‘zining ichki olamidagi unsurlarni yashirishga uringan odam boshqalarning hayotiga yashirincha kirishga moyildir.

Bolaligidan o‘zini namoyon etish istagini yuzaga chiqaza olmagan, olqish va maqtovlar eshitib o‘rganmagan, o‘smir yoshda esa bir narsani uddalashga chirangan, ammo yo‘lidan to‘siqlar chiqqan odam xakerlar kabi qabih yo‘llar orqali o‘zini ko‘rsatishga intiladi. Ular dunyoga emas, o‘zini o‘ziga ko‘rsatib qo‘ymoqchi, qo‘lidan ish kelishini isbotlamoqchi. O‘zini kashf etishga nisbatan ehtiyojning vaqtida va o‘rnida qondirilmasligi har qanday aqlli odamdan xaker yasab qo‘yishi hech gap emas.

Buni hisobga olgan holda jamiyatda xakerlarni jazolashga emas, balki ularning bilimidan avvalboshdanoq unumli foydalanishga urg‘u berish manfaatlidir.

Insonning ichki olami bunyodkor va vayronkor energiyalardan tarkib topgan bo‘lib, qay birining miqdori ziyod bo‘lsa, shunga monand fikrlar tug‘dirib beradi. Fikrlar esa harakatga undaydi. Foydali mehnat rag‘bat va rivojga ro‘baro kelmasa, ijobiylik haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllanib, salbiy yo‘l ijobiydek ko‘rinadi. Xakerlar mudom aqlni firibga yo‘naltirishining oddiy sababi shunda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring