Internetda qatiqni ham puflab iching

Internet foydalanuvchilari elektron pochta va ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalariga kelayotgan xabarlar orqali ba’zan firibgarlarning qarmog‘iga juda oson ilinadilar.
“Tabriklayman, siz yutdingiz!”, “Pul yutug‘ingizni oling!”, “Mana sizga millionlar!”, “Siz lotereya g‘olibisiz!”. Bu kabi chaqiriqlar har qanday insonga moydek yoqib, o‘ziga ohanrabodek jalb etadi. "Iya, bunisi qanday bo‘ldi, qachon, nimada g‘olib bo‘libman?" deya hayron bo‘lish bilan cheklanmaydilar, albatta xabarni ochib ko‘rishga chog‘lanadilar. Xabar odatda qisqa bo‘ladi: “Sizning pochta manzilingiz lotereyada g‘olib bo‘ldi. Pulni olish uchun ism-familiyangiz, yoshingiz, mamlakatingizni javob sifatida yozib yuboring”.
Yutib olingan pul hajmi ham ishonmaydigan darajada bo‘ladi. Uzun sondan keyin dollar, yevro, funt sterling belgisi. Shu chog‘da internet foydalanuvchisi "Nima karomat ko‘rsatdimki, bu pullarni yutib olaman?" degan shubhaga bormaydi, xatni o‘chirishga chog‘lanmaydi. “Shoshma, mendan nima ketdi. So‘ragan shu ikki-uchta ma’lumotni yozib yuborsam bo‘ldi-ku, qani ko‘raylik-chi nima bo‘larkin?” deya aldanish sari ilk qadamni tashlaydi.
Bir necha soat, uzog‘i bilan ertasiga yana o‘sha manzildan maktub keladi. Endi uch-to‘rtta so‘z emas, uzundan uzoq yozma nutq. Avvali jo‘shqin tabriklar, o‘rtasi o‘zini tanishtirish (davlat xodimi, o‘qimishli, muomalali inson ekanligiga amin bo‘lasiz), so‘ngida esa tushuntirish – bir necha yil oldin mazkur bank mijozlaridan biri aviahalokatda oilasi bilan birga halok bo‘lgan, uning hisobidagi pulni hech kim talab qilmagan, shundan so‘ng bank uni dunyo bo‘ylab lotereya o‘yini orqali tarqatishga qaror qilgan. Pulning ma’lum foizi hamkorga (sizga xat yozgan insonga) qoladi. Sizni yana bir bor tabriklab, bu ishda muvaffaqiyat qozonmaguncha, hech kimga hech narsa aytmasligingizni tayinlashadi. Endi sizdan oldingisidan ko‘proq ma’lumot talab etiladi: ish-o‘qish joyingiz, diningiz, millatingiz, manzilingiz, bankdagi hisob raqamingiz (millionlarni o‘tkazish uchun). Sizga ularning muomala madaniyati yuqadi, minnatdorchilik bildirib, aytganlarini yozib yuborasiz. Bankda hisobingiz bo‘lmasa, ochdirasiz. Axir millionlarga osonlikcha erishish uchun bu ish bo‘ptimi?
Firibgarlar o‘z ishini puxta bilgani uchun birgina profildan xabar jo‘natish bilan kifoyalanmaydi, bir nechta mutaxassislar nomidan pochta yoki shaxsiy sahifangizni xatlarga qalashtirib tashlaydi. Masalan, bank xodimi, marketolog, advokat rollariga kirishadi. Ularning ham yozganlari rasmiy uslubda, jo‘natgan hujjatlarida shtamp, muhr bor. Hujjatlarning biriga “sertifikat” deb izoh beradilar, hali bunaqa sertifikatdan 3 ta bor, ularni esa sotib olish kerak… Mana, hammasi endi boshlandi! Yo‘q, yo‘q, aslida boshlanadigan narsa ancha oldin – siz o‘sha birinchi xatni ochganingizdayoq boshlanib bo‘lgan edi. Xullas, siz sertifikatlarni sotib olishingiz kerak. Endi ko‘rsatilayotgan raqamlar oldingisidan – sizning lotereyadagi yutug‘ingizdan kamroq – bir necha ming dollar. Aytaylik, yutug‘ingiz 15 million dollar bo‘lsa, to‘lovingiz 3 ming dollar. Ular buni albatta pisanda qilishadi. “Shuni bizga yuborsangiz bo‘ldi, 24 soat ichida bank hisobingiz to‘ldiriladi”. Hafsalangiz pir bo‘ladi. “Hali pul ham beramanmi?” Tezda “javob” tugmasi tomon yo‘nalasiz. Balki hamyoningizda ular so‘ragan puldan ko‘pi ham bordir, lekin hozirgi javobingiz bitta: “Menda buncha pul yo‘q”.
Firibgarlar ham bo‘sh kelishmaydi. Tez orada jozibador javob keladi. “Bu sizning oltinga teng imkoniyatingiz, qo‘ldan boy bermaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Axir bu yutuq sizniki, faqat sizniki-ku! Men sizning hamkoringizman. Muammoingizni men bilan bo‘lishing, ayting, qanchasini to‘lay olasiz? Sizga yordamlashaman. Unutmang, sertifikatlarni sotib olmasdan turib, millionlaringizga egalik qilolmaysiz”.
Albatta, internet foydalanuvchilari ham anoyi emas. "Pulni to‘lolmayman, bu ishlarni tugatishga roziman" mazmunida javob yozadi. Shunda qarshi tomondan “Laoqal yarmini to‘lang, men siz uchun hammasini to‘lab turgan bo‘lardim, lekin hozir iqtisodiy qiyin ahvoldaman. Onam kasal, operatsiya stolida yotibdi, qancha umr ko‘rishi mening g‘amxo‘rlik qilishimga bog‘liq, ammo men bor pulimni ishlatsam ham yetmayapti”. U yog‘i eng ta’sirchan hind filmlarida ham topilmaydigan gaplar. Maktub ham har doimgidek “sening hamkoring Falonchi” bilan emas, “Men yalingan holda oyoqlaring ostidaman” deb yakunlanadi. Sodda odamlar, albatta, ishonadi. Bundaylar esa juda ko‘p.
“Qo‘lingdan kelganicha top, imkoning borini jo‘nataver, biz uddalaymiz” deb yoziladi maktublardan birida. Bu siz uchun yangilik. “Xohlagan miqdorimni?”. Bir necha marotaba so‘rab aniqlashtirib olasiz. “Ha, xohlaganingizcha, kuchingiz yetsa yarmini, bo‘lmasa choragini jo‘nating. Modomiki, qurbingiz yetmas ekan, boshqa so‘ramaymiz, tezda hisobingizga lotereya pulini o‘tkazib beramiz” – deya javob qaytarishadi.
Ish bitgandan keyin esa boshqa profildan “Pulingizni oldik, ish yuzasidan hamkorligingizni qadrlaymiz. Muvaffaqiyatimizni nishonlashga oz qoldi. Ammo bu miqdor bilan sertifikatlarni sotib olib bo‘lmaydi. Tez orada to‘ldirib qo‘yishingizni kutamiz” deb yozilgan maktub keladi.
Qop-qop va’da bergan doimiy hamkorga buni bildirsangiz, “Bank shunday degan bo‘lsa, hech narsa qilolmayman. Harakat qil, yana ozgina jo‘nat. Omadga erishishimizga yaqin qoldi, hammasini barbod qilma” javobini olasiz. Endi jahlingiz chiqadi. “Yana jo‘natamanmi? Qayerdan topaman pulni?” Ular esa sizni ruhlantirish bilan band, tez orada millioner bo‘lish, bunga atigi bir-ikki qadam qolganidan so‘zlashadi. Boshingiz qotgan, o‘sha va’da qilingan millionlar ham ko‘zingizga yomon ko‘rinib ketadi. Voz kechay desangiz, yaqinlaringizga aytib qo‘ygansiz, uyalasiz ular oldida. Voz kechmay desangiz, yana qayerdan pul topasiz? Topasiz! Pul topishning turli yo‘llari bor, ular sizga o‘tkinchi tuyuladi, millionlar kutyapti axir. Jo‘natasiz. Javob: “Yetmaydi, yana”. Jo‘natasiz. “Yana”. Siz bo‘lg‘usi millionerga emas, sog‘in sigirga aylanib qolgandeksiz. Hammasi bo‘lmasa ham mayli, degandi-ku, bu nimasi endi?
Yana kompyuter qarshisida ularga murojaat qilasiz. (muloyim so‘zlardan ham charchagansiz) “Bo‘ldi, boshqa bir tiyin ham berolmayman. Men u millionlardan voz kechdim. Kerak emas. Lotereya yutug‘im talab qilinmagan hisoblana qolsin. O‘zimning pullarimni jo‘nating”. Javob: “Qanaqa pul? Biz ularni ma’muriy ishlar, bank xizmati, soliqlar uchun sarflaganmiz. Siz uchun eng yaxshi variant qolgan pulni jo‘natish va yutug‘ingizga egalik qilish, boshqacha maslahat ham, yordam ham berolmaymiz”.
Nima qildingiz endi? Ko‘zingizga millionlar emas, o‘zingiz topgan minglar ko‘rina boshlaydi. Ular millionlardan o‘n chandon azizroq ko‘rinadi. Endi o‘rin almashdingiz: siz firibgarning pochtasini xatlarga to‘ldirib tashlaysiz. Javob yuqoridagidek, faqat har gal har xil shaklda yoziladi, xolos. Shunda siz aldanganingizni sezasiz, to‘g‘rirog‘i tan olasiz. Ular maslahat berganidek oldinga intilishga pulingiz, orqaga esa yo‘lingiz yo‘q…
Bunday paytda dunyoga “Aldandim” deb jar solsangiz “Battar bo‘l” deb aks-sado keladi, go‘yo. Axir hech kim sizning pulingizni yulqib olgani yo‘q, o‘z qo‘lingiz, o‘z roziligingiz bilan topshirgansiz. Pul topishning yo‘llari qolmagan bo‘lsa, shu yerda to‘xtaysiz, manzilga yetib keldik. Oxirigacha borgan taqdiringizda ham, ular sizga o‘xshab pulni silliqqina jo‘natishmaydi, xatlaridan birida chek berishadi. Orzularingiz ushalganidan sarmast holda bankka borasiz, lekin bank tomonidan u amalda emasligi, yana yetmaganidek shaxsiy bank hisobingiz bo‘m-bo‘sh ekanligi haqida ma’lumot olasiz.
Indallosini aytadigan bo‘lsak, lotereya deb tanishtirilayotgan millionlar aslida yo‘q! Xohlang ishning yarmigacha boring, xohlang oxirigacha, pulni ololmaysiz. Mavjud bo‘lmagan pulni qayerdan olasiz?!
Firibgarlar qalbaki tashkilot, bank va boshqa muassasalar nomidan ish ko‘radi, sizga hamkor bo‘lib ko‘rinayotgan odamlar hech qanday bank xodimi emas. Sizni ishontirish uchun soxta muhr va sertifikatlar tayyorlashgan, aslida ular biror tayinli joyda ishlamaydi, “daromad”i shu yuboriladigan pullardan. Sizga nomi ko‘rsatiladigan davlat ishxonalaridan emas, oddiygina internet kafelaridan yozishadi. Insonlar ishonchiga kirish, o‘zini yaqin do‘stdek ko‘rsatish uchun telefonda ham suhbatlashadilar, sizga telefon raqamlarini beradilar. Ular tez-tez o‘zgartirib turiluvchi kartalardir.
Biz firibgar deb atayotganimiz ko‘p joylarda “qotil” sifatida ham yuritiladi. Ha, ular odamlarning pulini shilib, hamyonini bo‘shatishgach, qarzga botirishgach, hamma ish bitganini aytishadi va pulni osonlik bilan olish uchun uchrashuvga taklif qilishadi. Pul olaman deb ketgan odam bir to‘da bezorilarga duch keladi, jarohat oladi, qiynab o‘ldiriladi. Ishonmasligingiz mumkin, lekin buni o‘sha birgina javob, ular bilan ish yuritishga roziligingiz haqida, goh etiborsiz, goh millioner bo‘lish umidida yozilgan xat boshlab beradi. Agar oz miqdorda pul jo‘natib, qolganini topolmasangiz, o‘sha ozmi-ko‘pmi pulingizdan ayrilgan bo‘lsangiz, bilingki, siz bu borada eng yaxshi qurbonlikka uchradingiz. Vaqtida umidingizni uzdingiz, yo‘lning oxirigacha bormadingiz, bu eng yaxshi yakun, balki. Ammo pul talab qilganlaridan so‘ng uzilgan umid yanada foydaliroq, kelgan spamni o‘chirib tashlash eng foydalisidir.
Firibgarlar insonlarga nafaqat moddiy, balki tiklab bo‘lmas ma’naviy zarar ham yetkazadi. Birinchi o‘rinda, insonlarga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib qo‘yadi, hamma narsadan shubhalanadigan va biznes ishlarida pessimistga aylanadi. Ikkinchidan, aldanish alami xarob qiladi. Afsus chekadi, o‘zini o‘zi ayblaydi. O‘z joniga qasd qilishning birinchi sababi shu. Uchinchidan, odamlar oldida uyatga qoladi. Chunki u bu borada oilasiga, do‘stlariga aytgan va ularning maslahatlariga amal qilmagan. Yaqinda o‘n barobar qilib qaytarish va’dasida qarz olganlar boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Bu o‘z joniga qasd qilishning ikkinchi sababi. Bundan tashqari, millionlarni qo‘lga kiritish ishtiyoqida yonayotgan insonning fikru xayoli shu bo‘lib qoladi, o‘z puli va olgan qarzlari yetmagach, pul topishning qing‘ir yo‘llari, o‘g‘irlikni ham ishga sola boshlaydi.
Himoya yo‘li – bilim. Bular haqida bilish va boshqalarni ogoh etish. Qo‘ying, o‘sha bor deb da’vo qilayotgan millionlari o‘zlariga buyursin, siz o‘sha minglaringiz, halol bo‘lgan tiyinlaringizni-da firibgarlar tuzog‘idan asrang. Saqlangan pul topilgan puldir. Boshqacha aytganda: Pul topguncha pul yo‘qotma.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter