"Ayti"ni o‘rganayotganlar qanday xatolarga yo‘l qo‘yadi?
Hozirda axborot texnologiyalari ko‘pchilikni qiziqtirayotgan soha hisoblanadi. Nafaqat yoshlar, balki allaqachon boshqa kasbning boshini tutgan katta yoshlilar ham "aytichi"larga havasan ushbu kasb sir-asrorlarini o‘rganishga kirishmoqdalar.
Ammo mazkur sohani to‘g‘ri o‘rgangan odamgina muvaffaqiyat qozona oladi. Xo‘sh, to‘g‘ri o‘rganish qanday bo‘ladi? Bu borada yo‘l qo‘yiladigan asosiy xatolar nimalardan iborat?
Tolibi ilmlarning ko‘pi mustaqil, o‘ziga o‘zi o‘rgatish usulini ma’qul ko‘radilar. Bu yaxshi, albatta. Samarasi ham isbotlangan. Lekin manba tanlashda adashmaslik kerak. Hozir internetda "self-study" shaklida o‘rganish uchun kerakli manbalar qalashib yotibdi, biroq hammasi ham ishonchli emas. Agar siz ayti olamiga endigina kirib kelgan bo‘lsangiz, o‘ziga o‘rgatish emas, masofaviy ta’limni tanlaganingiz ma’qul. O‘zini o‘rgatish malaka oshiruvchilarga ko‘proq to‘g‘ri keladi.
Bu olamga kirib kelganlarning ko‘p takrorlaydigan xatolari beqarorlikdir. Masalan, sayt yoki gazetani sahifalashni o‘rganyapsiz, tanishingiz "Bu hozir dolzarb emas, undan ko‘ra dasturlash tilini bilib ol" deb maslahat bersa, darrov kursini o‘zgartiradi. Biroz vaqt o‘tgach yana oldingi qarori to‘g‘ridek tuyulib qoladi. Natijada shoxdan shoxga qo‘nib vaqtdan yutqizib qo‘yadi.
Yana bir xato - shoshqaloqlik. Ayniqsa, yoshlar besabr bo‘lib, kursni bitirgach, darhol ish topish, buyurtmalar qabul qilish, pulga ko‘milishni mo‘ljallaydilar. Yuqori qavatga ko‘tarilish uchun zinalarni bosib o‘tish lozimligini tushunmaydilar. Bu noto‘g‘ri tasavvur esa umidsizlikka berilish, boshlagan ishini tashlab ketishga sabab bo‘ladi.
O‘quvchilar o‘rganish jarayonida bosqichma-bosqichlikka amal qilmay xatoga yo‘l qo‘yadilar. Ilmga chanqoqlik va qiziqishning yuqoriligidan ma’lumotlar oqimini ko‘paytirib yuboradilar. Bundan ong, xotira, idrokda ortiqcha bosimdan zo‘riqish kelib chiqib, miya tez charchab qoladi. Oqibatda ummundek keng axborot texnologiyalari olamidagi ma’lumotlarni o‘zlashtirolmay qoladi. Shunday ekan, "Uch haftada dasturlash tilini o‘rgatamiz", "O‘n besh kunda sahifalashni o‘rganasiz" kabi reklamalarga ishonmang.
Yuzaki yodlash ko‘plab sohalar singari aytichilarga ham qo‘l kelmaydi. Balki har bir atamaning amaliy ifodasini tushungan holda yodda saqlash kerak. Shundagina tajribada bemalol qo‘llay oladi. So‘zma-so‘z yodlangan, ammo tasavvur shakllantirilmagan qoidalar kelajakda ish bermaydi.
Qo‘rquv - bo‘lajak "aytichi"ning oldidagi xavf. To‘g‘ri, sohada raqobat kuchli, o‘rnini topish oson emas. Lekin bu fakt qo‘rquvga emas, o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga undashi kerak. Qo‘rquv, o‘ziga past baho beruvchi shubha-gumonlar esa yuqori natija olishga xalaqit beradi.
Axborot texnologiyalarining qaysi qirrasini zabt etishni xohlaysiz? Buni oldindan aniqlashtirib oling. O‘z qiziqishlaringiz bilan birga hozirgi bozor holatini ham nazardan chetda qoldirmaslik shart. Shunday yo‘nalishlar borki, ular yillar o‘tsa ham dolzarbligini yo‘qotmaydi - ikkilanmay tanlash mumkin. Ayrimlarining esa bugungi kun uchun ham ahamiyati kamaydi, ularni ko‘zlamagan ma’qul.
Sohada mutaxassisga aylanganlarning ish joyi tanlashi ham xatolar sirasiga kiradi. Turli tashkilotlardan taklif tushsa, nufuzi yoxud maoshi balandini tanlashga intilishadi. Aslida ular qaysi joy bilimlarini oshirish, tajriba to‘plashda yordam bersa, ana o‘shanisini tanlashlari kerak. Chunki bu kasbda takomillashuv nuqtasi yo‘q. Soha odami uni umri davomida o‘rganadi va yangi ma’lumotlar zahirasidan ilmini boyitib boradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter