Aytichilardagi kadrlar qo‘nimsizligiga yechim bormi?

Har bir kasbning o‘z tabiati mavjud. Soha xodimlarining xatti-harakati kasb tabiatini tashkil etadi. Tashkilot rivoji esa unda faoliyat yuritadigan kadrlar salohiyati va bunga qo‘shimcha ravishda sabriga bog‘liq.
Sotsiologlarning ta’kidlashlaricha, ishsiz odam emas, bir joyda uzoq vaqt ishlagan xodim sotsial dangasa hisoblanar ekan. Chunki o‘z ustida ishlash, takomillashish uchun bir joyda qotib qolish to‘g‘ri kelmaydi, turli jabhalarda o‘zini sinab ko‘rish lozim.
Ammo bunda ham me’yor zarur. Qisqa muddat ichida ish joylarini ko‘p bor o‘zgartirib, shoxdan shoxga qo‘nish mehnat faoliyatining jozibadorligiga putur yetkazadi. Bundan tashqari, kadrlar qo‘nimsizligi tashkilot obro‘sini tushiradi.
Besabr kasb vakillari ko‘p uchraydigan sohalar qatoriga axborot texnologiyalari ham kiritilgan. Ko‘plab IT-kompaniyalarda ishchilarning staji 1,5-3 yildan oshmaydi. Bunday tashkilotlar esa uzoq yilga mo‘ljallangan loyihalar bilan shug‘ullanadi va kadrlarning almashinuvi muhim ishlarning ham qo‘lma-qo‘l bo‘lishiga olib keladi. Umuman, hech bir idora uchun shakllangan kadrni yo‘qotish muvaffaqiyat olib kelmaydi.
Yana bir muammoli masala - kadrning ikkinchi ish joyi. Bir joydan bo‘shagan odam qayerga borardi? Faoliyati ayni yo‘nalishdagi boshqa kompaniyaga. Bu esa bir tashkilot bergan bilim va tajriba uning raqobatchisiga xizmat qilib qo‘yadi, deganidir. G‘oyalarning sotilishi yoki ularning zamirida yangilari yaratilishi ehtimol ostida qoladi. Demak, kadrlar siyosatini to‘g‘ri olib borish, salohiyatli xodimlarini o‘zida ushlab qolish choralarini har bir rahbar oldindan ko‘rishi kerak.
Bugungi kunda yosh dasturchilar ish joyini tez-tez o‘zgartirishni tabiiy holat, deb qabul qilib olganlar. Ularga bu mavzuda savol bersangiz, ochiqchasiga "Oldingi avlod odamlari kabi bir joyda 15 yillab ishlolmayman" deya javob qiladilar. Kadrlar qo‘nimsizligini zamonaviylik belgisi, deb biladilar. Sababini esa loyihalar bilan bog‘laydilar. Aytishlaricha, ayti sohasida dasturlarning ahamiyati tez eskiradi. Ko‘p o‘tmay ular boshqa tashkilotda uning o‘zigagina xos bo‘lgan ishlanmalar yaratishga ehtiyoj sezadilar. Bitta tashkilotga uzoq vaqt bog‘lanib qolish yuqori daromad topishga to‘sqinlik qiladi, deb hisoblaydilar.
Ayti sohasi vakillari tabiatan tortinchoq bo‘ladilar. Bu ish joylarini ko‘p o‘zgartirishining sabablaridan biridir. Chunki maoshi qoniqtirmagan xodim bu haqida rahbarga birdirgandan ko‘ra tinchgina ishini tark etishni ma’qul ko‘radi. Ular har oy bir xil miqdorda maosh olishga o‘rganishmagan, masofaviy tarzda qo‘shimcha ishlarni qilish imkoniyati bo‘lganidan daromadlari o‘zgarib turadi. Qaysidir oyda pasayish kuzatilsa, ishni o‘zgartirish kun tartibidagi birinchi masalaga aylanadi. Shuningdek, ular o‘zlarini jamoada qadrsizlangan xodim deb his qilganlarida ham hurmat talab qilib o‘tirmaydilar, boshqa ish topishga tushadilar. Ular uchun shu qulayroq.
Texnologiya sohasiga umr davomida o‘rganish tamoyili mos bo‘lgani uchun ular uzluksiz tarzda bilim olishga ehtiyojmandlar. Daromaddan tashqari bilim oqimi ham ravon bo‘lgan joyda nisbatan ko‘proq qo‘nim topadilar. Rohat va ilm bag‘ishlay olmaydigan ishni, serdaromadligiga qaramay, tark etini afzal biladilar.
Hozirda aytichilarning "ketmoni uchgani", ya’ni ishi baroridan kelib, ularga talab ortayotgani, axborot texnologiyalariga asoslangan kompaniyalar havas qilarli daromad topayotganlari uchun ham soha xodimlarining obro‘si yuksaldi. Bugungi kunda bilimdon va mahoratli IT-mutaxassis ish qidirmayapti, balki uni tashkilotlar izlab topyapti. Ular ish joyini tanlash borasida bir emas bir necha variantlarga egalar. Gap shundaki, birortasini tanlab, ishga joylashgach ham u variantlarni nazardan soqit qilmaydilar.
Bu borada yechim yo‘lida ikki yoqadan bosh chiqarish zarur. Birinchidan, rahbarlar ishga olayotganda yaxshilab o‘ylab qaror qabul qilishlari kerak. Ayti kishilarining ham har xili bor. Malakali bo‘lmaganini saqlab o‘tirish u yoqda tursin ishga olishdan ham foyda yo‘q. Bilimiga amin bo‘lgan holda tashkilotga jalb qilingan xodimning esa daromadi, kayfiyati, ish sharoiti, rejalarini hisobga olish darkor. Shu yo‘l bilan uning korxonadagi umrini uzaytirib turish mumkin.
Ikkinchidan, xodimlar ham ishdagi qo‘nimsizlik o‘zining imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini inobatga olib, o‘z kasblarini sevganlari kabi ish joylariga ham mehr berganlari maqsadga muvofiq.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter