Aldangani internet yaxshimi? (firibgarlar tuzog‘idan profilaktika)

So‘nggi paytlar veb-olamda pul tikib o‘ynaladigan azart o‘yinlar, onlayn qimorlarning reklamasi avj olmoqda. Uning jabrdiydalari yurtdoshlarimiz orasidan ham topilib, xatto o‘z joniga qasd qilish bilan yakunlanganidan yoqa ushladik.
Afsuski, ommani ulardan himoyalash oson emas. Chunki ko‘p hollarda ular firibni yashirishni, ijobiy niqob kiyishni yaxshi uddalamoqdalar. Masalan, ish taklif etish, sayohat uchun chiptani va’da qilish kabilar orqali o‘z domlariga ilintirmoqdalar. Bunday reklamalar o‘qigan odam uchun bezarar va qiziqarlidek tuyuladi, yakunda esa moddiy va ma’naviy zarardan boshi berk ko‘chaga kirib qoladi.
Azart o‘yinlarga mukkasidan ketgan kishi real hayotni unutib qo‘yishga moyildir. O‘yin dunyosiga tushib qolib, o‘zini tamoman mana shu o‘yinlarga topshiradi. Oqibatda jamiyatda, oilada, kasbida o‘z o‘rnidan mosuvo bo‘ladi.
Oxirgi paytlar dunyo bo‘ylab pulli avtomat o‘yinlar, kazino va bukmeykerlik kontoralari ko‘paygach, bunday qaram shaxslarning soni oshdi. Ishtirokchilar uchun g‘oliblik ham, mag‘lublik ham birdek motivatsiya uyg‘otib, qayta-qayta qatnashishga undamoqda.
1970-yili Angliyada azart o‘yinlarga qiziqish shu darajada avj oldiki, holat “ludomaniya epidemiyasi” deb baholandi. Kinoteatrlar bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi, go‘yo butun aholi o‘zini pulli o‘yinlarga urgandek edi.
Ludomanlar nazoratni batamom yo‘qotadi, fikru hayoli o‘yinda bo‘ladi. O‘ynayotganida o‘zini erkin his qiladi, o‘yinni tugatib real hayotga qaytsa, masalan o‘yindan bo‘shab ovqatlanishga o‘tirsa, bezovtalanishni boshlaydi.
Ayniqsa yoshlar o‘yin muxlisiga aylangani sari ko‘proq o‘ynashga xohish tug‘ilaveradi. U do‘stlari bilan suhbatda ham faqat shu o‘yin haqida so‘z ochaveradi. Agar uni ota-onasi o‘yindan cheklasa, taqiqlar qo‘ysa, bolaning qaysarligi oshib, asabiy bo‘lib qoladi. Xullas, o‘yinga mukkasidan ketish ham, undan to‘satdan butkul ayrilish ham bolaning asab tizimi uchun fojia.
Qaramlik o‘z vaqtida davolanmasa, bemor jinoyatchiga aylanadi. Chunki u ishlab, mehnat qilib, tuzuk-quruq pul topmagan holda (axir uning hayoli o‘yinda bo‘lgani sabab mehnat unumdorligi past) qo‘lidagi bor pulni sarflab tugatgach, qing‘ir manbalardan oson daromadni axtarishga tushadi. O‘g‘rilik, bezorilik, talon-tarojlik orqali bo‘lsa ham pul topib, darrov o‘yinga tikishga urinadi. Boisi u uchun o‘yin suv va havodek zarur bo‘lib, hayot-mamot masalasiga aylanib qolgan.
Mahsulotlar tijoratiga asoslangan tarmoqli marketing tashkilotlari azaldan mavjud. Ayniqsa ularda firibgarlikdan foydalanish, mijozni yolg‘on bilan jalb qilish ko‘p uchraydi. Yaqinda bu biznesga Umra ziyoratini niqob qilish orqali tarafdorlarini ko‘paytirishga o‘tishdi. Xorijdan turib faoliyat yurituvchi firmalar mahalliy aholimizni ham qiziqtirib, oyiga oz-ozdan pul to‘lab borish, belgilangan summa yig‘ilgach, Umraga jo‘natishni va’da qilyapti. Avvalambor, bundan dinimizda qoralangan illat – sudxo‘rlikning isi kelmoqda. Endi keyingi va’daga e’tibor qarating: kim o‘zidan keyin 5 ta odamni a’zo qilsa, Umra ziyorati mutlaqo bepulga aylanadi. Xo‘sh, boshqa odamga targ‘ib qilib, ularga pul to‘latib, evaziga o‘zi bepul Umraga borgan odamning ishi to‘g‘rimi, halolmi?
Hoji ota va hoji onalar – jamiki musulmonlar havas bilan qarovchi insonlar, ulardan duo va ibrat olishga intilamiz. Ammo bugungi kunda odamlarning ixloslaridan o‘z moliyaviy manfaati yo‘lida foydalanuvchi guruhlar paydo bo‘libdiki, ularga ergashish ikki karra jaholatdir.
Hozir ayrimlar hazinaga yo‘liqqandek o‘zini shunga uryapti, “Xudo berdi” deb bepul Umra ishtiyoqida kompaniyani tanish-bilishlariga reklama qilish bilan band. Bu bilan esa nohalol biznes qilayotganlar tegirmoniga suv quyayotganlaridan bexabarlar. Binobarin, firibgarlar 1 ta odamni bepul ziyoratga jo‘natish ortidan 5 ta odamdan buning hissasini ortig‘i bilan chiqazib olyapti.
Hoji deganda ko‘z oldimizga yuzidan nur yog‘iluvchi, ibodatda umr kechiruvchi, iymon va ilm ziyosini ulashuvchi hazrati inson gavdalanadi. Marra qanchalik yuksak bo‘lmasin, unga olib boruvchi halol yo‘lni tanlagan odamgina komillikka da’vogardir. Bu voqealar yurtdoshlarimizni ishonchli va mukammal manbalarga murojaat qilish, ularni firibgarlar tuzog‘idan himoyalovchi ogohlik mexanizmlarini kuchaytirish nechog‘lik dolzarbligini ko‘rsatmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter