Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yaponiyada IT muhandislik qilayotgan o‘zbek yigitidan ishga kirish bo‘yicha vatandoshlarga tavsiya

Yaponiyada IT muhandislik qilayotgan o‘zbek yigitidan ishga kirish bo‘yicha vatandoshlarga tavsiya

Asli Namanganlik IT muhandisi Oybek Anapiyayev hozirda Yaponiyadagi “ZOZOTOWN“ internet do‘konini boshqaruvchi ZOZO kompaniyasida tizimlarni rivojlantirish va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanmoqda.

Aniqroq qilib aytganda, 27 yoshli vatandoshimiz “ZOZOTOWN“ga yangi funksiyalar qo‘shish uchun dasturlar yozadi, tizimdagi xatolarni to‘g‘rilab, texnik xizmatlarni amalga oshiradi...

U dastlab yapon tilini bilmagani uchun darslarni o‘zlashtirishga qiynalardi...

Yaponiyaga ilk bor kelganimda 15 yoshda edim. Otam Yaponiya universitetida magistraturada o‘qiyotgani bois butun oilamiz bilan Yaponiyaga ko‘chib keldik.

Men Minami-Uonuma shahridagi Yamato o‘rta maktabiga o‘qishga kirdim. Yapon tilini umuman tushunmaganim uchun darslarni anglash va sinfdoshlarim bilan muloqotga kirishish avvaliga juda qiyin bo‘lgan.

Ammo o‘qituvchim va sinfdoshlarimning yordami bilan men yapon tilini o‘rganishga harakat qildim.

Dars davomida o‘qituvchim ingliz tiliga tarjima qilib berar, sinfdoshlarim esa bo‘sh vaqtlarda meni qo‘llab-quvvatlashardi. Shu orqali dars mazmunini asta-sekin tushunib bordim va maktabni muvaffaqiyatli tamomladim.

Ingliz tilini bilgani uchun Yaponiya universiteti talabasi bo‘ldi

Keyin O‘zbekistonga qaytib, Yashnobod kompyuter texnologiyalari kollejiga kirdim va kompyuter muhandisligini o‘rgandim.

Shu bilan birga, yapon tilini o‘rganishni ham davom ettirdim va 2017-yilda JLPT N2 darajasini qo‘lga kiritdim.

Yaponiyadagi universitetga o‘qishga kirish uchun Toshkentdagi o‘quv markazida ingliz tili va matematikadan tayyorgarlik ko‘rib, IELTS imtihonidan 7.0 ball oldim.

Shu orqali Yaponiyadagi ta’lim va yashash xarajatlarini qoplash uchun Yaponiya hukumatidan stipendiya olish imkoniga ham ega bo‘ldim.

Universitetda moliya, marketing, statistika va xalqaro munosabatlar kabi fanlarni chuqur o‘rgandim.

IT muhandisi bo‘lish uchun universitetni tamomlash shart emas

O‘zbekistonda IT muhandisi bo‘lishni istayotgan yoshlar yildan-yilga ko‘paymoqda. Men esa universitetda xalqaro munosabatlarni o‘rganganim uchun dastlab AyTi haqida hech qanday bilimga ega emasdim.

Universitetning uchinchi kursida IT sohasiga qiziqib, o‘zim mustaqil ravishda HTML, CSS, JavaScript, React, Node.js, Git va Github kabi texnologiyalarni o‘rgandim va hozirgi ishimga kirishga muvaffaq bo‘ldim.

Buning uchun men IT bo‘yicha bilimlarimni oshirish maqsadida YouTube darsliklaridan foydalandim va turli seminarlar qatnashib tanishlar orttirdim.

Free Code Camp va Codecademy kabi platformalar orqali bilimlarimni chuqurlashtirdim.

IT muhandisi bo‘lish uchun nafaqat universitet yoki kasb-hunar kollejlari, balki mustaqil o‘rganish uchun ham ko‘plab resurs va platformalar mavjud.

TOYO universitetini tamomlaganimdan so‘ng, bir nechta yapon kompaniyalaridan ish takliflarini oldim.

Ular orasida IT texnologiyalaridan foydalangan holda moda sohasini rivojlantirayotgan va iste’molchilarning hayotini qulaylashtirishga hissa qo‘shayotgan ZOZO kompaniyasi menga ma’qul bo‘ldi va shu kompaniyaga ishga kirishga qaror qildim.

IT muhandisi bo‘lishni istaganlarga tavsiya

Avvalo imkonqadar ish qidirish jarayonini ertaroq boshlang. Men ham Yaponiyada universitetini tamomlashimdan bir yil oldin ish qidirishni boshlaganman.

Chunki tayyorlikni erta boshlash orqali o‘z imkoniyatlaringizni sinab ko‘rish va turli kompaniyalarga murojaat qilish imkoniga ega bo‘lasiz.

Keyin esa imkon qadar ko‘proq amaliy tajriba orttirishga harakat qiling.

IT muhandisi uchun saralash jarayonida sizni 3 narsa kutadi:

  • Hujjatlarni ko‘rib chiqish;
  • Kod yozish testi;
  • Suhbat.

Ayniqsa, kod yozish testi juda muhim bo‘lib, bunda muammolarni kod orqali hal qilish ko‘nikmasi talab qilinadi.

Amaliy tajriba bo‘lmasa, bu testdan muvaffaqiyat o‘tish qiyin. Shuning uchun ham oldindan tayyorlanish juda muhim.

Kod yozish testlarini mustaqil o‘rganish uchun quyidagi saytlarni tavsiya qilaman:

  • HackerRank,
  • LeetCode,
  • AtCoder.

Amaliy tajriba orttirishning yana bir usuli — stajirovka va turli loyihalarda ishtirok etish.

Kelgusidagi rejalar

Kelajakda ZOZOda men muhandis sifatidagi ko‘nikmalarimni yanada rivojlantirish bilan birga, onlayn savdo va bu soha haqidagi tushunchalarimni chuqurlashtirishni istayman.

Shuningdek, menejment lavozimigacha ko‘tarilib, jamoani boshqarish va yangi loyihalarda ishlamoqchiman.

Qadrli vatandoshlar, agar siz Yaponiyada yashash va ishlashga qiziqsangiz, avvalo Yaponiya haqida yaxshiroq ma’lumot to‘plang.

Yaponiyada muvaffaqiyatga erishish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud va yordam beradigan odamlar ham topiladi.

Siz esa tinimsiz izlaning va har qanday yangi sinovlarga tayyor turing. Asosiysi, o‘z orzularingiz va maqsadlaringiz sari intilishdan aslo charchamang!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring