Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maxfuza Ro‘yiddinova

«Kema uchun eng xavfsiz hudud – qirg‘oq. Ammo u buning uchun yaratilmagan».

O‘zbekistonda ham 8 ming dollar daromad topsa bo‘ladi

«IT Women» loyihamizning bugungi qahramoni – frilanser Munira Bekmuratova. U xalqaro Top Tal kompaniyasida ishlaydi. Ikki yil ichida «junior» darajasidan «senior», ya’ni yuqori toifali dasturchi-muhandis darajasiga erisha olgan. Hozirda Top Tal kompaniyasida frilanserlik ortidan 8 ming dollargacha daromad topish mumkinligini ta’kidlaydi.

Dastlab Toshkentdagi Westminster universitetida tahsil olib, keyinchalik ushbu oliygohda o‘qituvchi sifatida ishlagan frilanserimiz xalqaro «The rolling scopes school» dasturi orqali IT sohasiga kirib keladi va 2017 yildan IT sohasi bilan qat’iy shug‘ullana boshlaydi.

– Dastlab IT yo‘nalishida ishlamagan ekansiz, ushbu sohaga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan?

– Westminster universitetida ishlab yurgan vaqtimda Shvetsiyada magistraturada ham o‘qib keldim. Aynan shu davrda juda ko‘plab IT tadbirkorlar bilan tanishganman va ular o‘z navbatida ham rahbar, ham dasturchi edilar, ya’ni kodlarni yaxshi tushunishardi. Shunda bildimki, startap loyihalarimda muvaffaqiyatga erishish uchun «coding»ni yaxshi tushunishim kerak ekan. Shu sababli 2017 yilda barcha loyihalarimni tugatib, ITni mukammalroq o‘rganishga qaror qildim. Ikki yil mustaqil o‘rganishga harakat qildim va muvaffaqiyatsizlikka uchradim. 2019 yilda esa «The rolling scopes school»ning O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan dasturida o‘qishni boshladim, uni tamomlagach meni Epam Systems kompaniyasiga ishga taklif qilishdi.

– Ayollar uchun IT sohasi juda qiyin degan fikr to‘g‘rimi?

– Nega bunday fikrlashadi bilasizmi? Chunki erkaklar bolalikdan kompyuter o‘yinlarini o‘ynab katta bo‘lishadi va ularning texnologiya bilan bog‘liqligi ko‘proq, qizlarda esa aksi. Agar bolalikdan texnologiya bilan bog‘liqlik kam bo‘lsa, keyinchalik bu biroz qiyin bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ko‘p ota-onalar qiz bolalarni shaxmatga berishmaydi, bu albatta shaxsiy fikrim. Shaxmat esa mantiqiy fikrlash va keyinchalik ITga mehr qo‘yish uchun kerak. Shu bilan birga, ota-onalarga murojaat qilmoqchiman, ta’lim va tarbiya bolalikdan boshlanadi, shuning uchun farzandingizga ishoning. Ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlay olmasangiz ham, hech bo‘lmasa so‘zlar bilan rag‘batlantiring. Ota-ona ishonchi farzand uchun juda muhimdir!

– Frilanserlik faoliyatini tanlash uchun beshta sabab...

– Birinchidan bu – «remote work», ya’ni dunyoning har qanday burchagidan ishlasa bo‘ladi, ikkinchisi, agar yaxshi kompaniyada ishlasangiz, yaxshi maosh kafotlatlanadi, Top Taldan kelib chiqadigan bo‘lsam, oyiga 5 mingdan 8 minggacha topish mumkin. Uchinchisi – xohlagan vaqtimda ishlayman, hech kim buncha soat ishlaysan, deb majburlay olmaydi yoki ariza so‘ramaydi. Yana bir afzalligi, Top Taldan kelib chiqadigan bo‘lsam, kompaniya O‘zbekistonda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi va hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Beshinchi afzalligi bu – o‘zaro ishonch. Hech kim mendan bugun nima ish qilding, deb hisobot so‘ramaydi. Hammani faqat natija qiziqtiradi.

– Aynan frilanser bo‘lib ishlash uchun qanday xususiyatlarni o‘zida shakllantirish kerak?

– Men har doim bir maslahatni beraman, agar xalqaro kompaniyalarda frilanser sifatida ishlash niyatingiz bo‘lsa, biroz shoshilmang. Dastlab, mahalliy loyihalar bilan malakangizni oshirganingiz va tajriba to‘plaganingiz ma’qul, negaki, frilanser sifatida ishlashni boshlaganingizdan keyin hech kim hech narsani o‘rgatmaydi va xatoyigingizni aytmaydi. Bu esa o‘z ustingizda ishlashga xalaqit beradi.

– Frilanser sifatida ish boshlaganingizda nimalar o‘zgardi?

– O‘zimni ancha erkin his qilaman, chunki bilaman, meni hech kim ishlash yoki ishlamaslikka majbur qila olmaydi. Aynan shu jihati bilan frilanserlik faoliyati menga juda yoqadi.

– Ushbu yo‘nalishni yurtimizda rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Menimcha, frilanserlikni rivojlantirish uchun shu haqda ko‘proq gapirish kerak va shunday bo‘layapti ham. Bu haqda mingta odam eshitib, hech bo‘lmaganda besh kishi qiziqish bildirsa va o‘rgansa bu judda katta yutuqdir. Meni o‘zimdan ham juda ko‘pchilik ushbu sohaga qiziqib ma’lumot so‘rashadi, ular orasida ayollarning borligi meni ayniqsa quvontiradi.

– IT siz uchun...

– IT men uchun fikrlash, o‘z qo‘lim bilan nimadir yarata olish va, albatta, moliyaviy mustaqillikdir.

Mahfuza RO‘YIDDINOVA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring