Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maxfuza Ro‘yiddinova

«Kema uchun eng xavfsiz hudud – qirg‘oq. Ammo u buning uchun yaratilmagan».

Nega “ayti”chi Dilshod Kuryazov Volkswagendagi ishini tashlab, O‘zbekistonga qaytgan? (video)

– “Uzinfocom”ning ilk filiali aynan Xorazmda tashkil etilgan. Hozirgi kundagi jarayon va o‘zgarishlar qanday?

– Xorazmdagi filialimiz ochilganiga bir yil bo‘ldi. Dastlab faoliyatni 18 kishi bilan boshlagan bo‘lsak, hozir 50 kishidan oshdik. Shu davrga qadar uchta yirik loyiha ustida ishlashga muvaffaq bo‘ldik. Birinchisi – “E-mehmon” turizm bilan bog‘liq dasturiy ta’minot hisoblanadi. Ikkinchisi – Ichki ishlar vazirligining integrallashgan ma’lumotlar bazasi hisoblansa, uchinchisi – billing tizimidir. Yaqin orada jamoa a’zolari sonini 100 nafarga oshirmoqchimiz. Shuningdek, faqat dasturiy ta’minot bilan cheklanmasdan, o‘z IT akademiyamizga asos solish niyatidamiz. Hozirda kompaniya filiali Urganch shahrida tashkil etilgan, keyinchalik uni har bir tumanda ochishni reja qildik.  

Volkswagen kabi yirik xalqaro kompaniyalarda faoliyat yuritganingizdan xabarimiz bor. Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz singari, chet elda yashashni afzal bilmasdan, O‘zbekistonga qaytib keldingiz. Shu haqda gaplashsak...

– Azaldan ilm izlab, chet davlatlariga borishgan. Shu sabab bo‘lib, dasturiy ta’minot injeneringi bo‘yicha PhD yoqlash uchun Germaniyaga bordim. O‘tgan vaqtlar davomida bir nechta korxonalarda ishladim, Ulardan biri Yashil energiya loyihasini qo‘llab-quvvatlasa, ikkinchisi sug‘urta kompaniyalari uchun dasturiy ta’minot yaratadi. Shuningdek, Volkswagen kompaniyasining ilmiy loyihalaridan birida ham ishladim. Ilmiy loyiha natijalarini kompaniya sotib olar va tijoratlashtirar edi. Ma’lum tajribaga erishgandan keyin, endi yurtim uchun nimadir qilishim kerak, degan xulosaga kelganman va O‘zbekistonga qaytdim.

– Aynan sanoatlashtirish davrida O‘zbekiston qaysi davlatlar tajribasiga tayangani ma’qul, deb hisoblaysiz?

– Aynan bir davlat tajribasiga tayanish noto‘g‘ri. Germaniya, Yaponiya, Amerika va boshqa texnologik kuchli davlatlar tajribasini o‘rganish kerak va o‘zimizga xos yo‘nalishni shakllantirganimiz ma’qul. Shuningdek, ilmga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak. Ilm – sizga berilgan yo‘l xaritasi, u bilan biror ishni boshlasa bo‘ladi. U bo‘lmasa boshqalarning yo‘l xaritasiga bo‘ysunishga majburmiz. Masalan, Xitoy, Koreya, Singapur kabi sharq davlatlari o‘z mentalitetini yo‘qotmasdan ham texnologiya sohasini rivojlantira olgan. Biz ham o‘z madaniyatimiz va qadriyatlarimizni saqlagan holda o‘z yo‘limizni topishimiz lozim. Bu borada bizda fundamental bilim va barcha sharoitlar bor.

– ITda qaysi yo‘nalishlar hozir dolzarb va nimaga ko‘proq e’tibor qaratgan maqul?

– Aniq bir yo‘nalishni ayta olmayman, chunki besh yildan keyin bu yo‘nalish qoladimi-yo‘qmi – hech kim ayta olmaydi. Trend juda tez o‘zgaradi, faqat bitta dasturlash tili yoki yo‘nalishni bilgan odam esa yutqazadi. Asosini bilgan, fundamental bilimlarni yaxshi o‘zlashtirgan va mantiqan kuchli fikrlaydigan mutaxassislar esa har qanday yo‘nalishda o‘z o‘rnini topa oladi. Mutaxassislarni ko‘paytirishga alohida urg‘u berish lozim. Katta loyihalar uchun kuchli menejerlar yetishmaydi. Masshtabli loyihalarni “miyasiga sig‘dira oladigan” va jamoani boshqara oladigan menejerlarga har doim talab katta.

O‘zbekiston yirik sanoatlashish davri ostonasida turibdi. Ayti sohasida ishlaydiganlarga talab har doimgidan ko‘ra yuqori. Dilshod Kuryazov kabi mutaxassislar esa aynan ushbu sohada o‘zbek qadriyatlarini birlashtira olishiga ishonamiz. Batafsil suhbatni videointervyu orqali ko‘rishingiz mumkin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring