Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Matnni ovozga, ovozni matnga aylantiruvchi o‘zbekcha dastur

Bugungi kunda internet o‘z tiliga ega bo‘ldi, go‘yo. Ko‘plab atamalarni tarjimasiz ham ham to‘g‘ri tushunyapmiz. Lekin har kimning ona tili ajnabiy tillarga qorishib ketganda emas, to‘g‘ri qo‘llanilganidagina jozibadorligini aks ettiradi. Yaqinda foydali dasturlar qatoriga yana biri qo‘shildi: tilim.uz. U o‘zbek tilida to‘g‘ri yozishga undaydi. Keling, barini mutaxassisning o‘zidan eshitamiz. Ko‘rsatuvimiz mehmoni–Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish departamenti boshlig‘i Azizbek Biyimbetov.  

–G‘oya muallifi va loyiha asoschisi sifatida ushbu tashabbus tarixi bilan o‘rtoqlashsangiz. 

–Bu g‘oya menga 4 yil oldin kelgan. Chunki shu paytgacha o‘zbek tilidagi ovozli ma’lumotlarni matnga aylantiradigan dasturga ehtiyoj bor ekan-u, uning o‘zi yo‘q ekan. Bu faqat eng mashhur 8 ta tilda mavjudligini bilgach, o‘zbek tilida ham joriy etish fikriga keldim. Lekin faqat bu bilan cheklanmasdan matnda mantiqiy xatolarni topish, 
gapning mantiqiy davomini bashorat qilish, hujjatlar bilan ishlovchi dasturlarni ham qo‘shdik.

– Loyiha e’lon qilingandan keyin qanday qarshi olindi?

– Avvalo yangi g‘oya bilan biror bir tashkilotga emas, balki o‘zimga o‘xshagan dasturchi yoshlarga murojaat qilganman. Ular qiziqish bilan qarshi olishdi va qo‘llab-quvvatlashdi. Mehnat kuchi ham, mablag‘ ham o‘z yonimizdan bo‘ldi. Shu yil 21 oktyabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana munosabati bilan sinov tariqasida ishga tushirdik.

–Lotin-kirill va kirill-lotin o‘girish tizimiga ega boshqa portallardan asosiy farq nimada?

– Ularni kuzatdim va ayrim so‘zlarni lotindan kirillga, kirilldan lotinga o‘girishda xatolarga yo‘l qo‘yishiga guvoh bo‘ldim. Shundan so‘ng tizimga sun’iy intellektni ko‘proq kiritib, bu xatolarni bartaraf etishga harakat qildik. To‘g‘ri, hozir loyihamiz sinov tariqasida ish boshlagan va shu sabab ayrim xatoliklar bo‘lishi mumkin. Lekin boshqa portallarda eng ko‘p takrorlanuvchi kamchiliklarni tuzatishga intilganmiz. 95 foiz to‘g‘ri matnga erishishni maqsad qilganmiz, 100 foizi esa ilojsiz narsa.

–Kirill va lotinda o‘ziga xos qoidalar bor. Masalan, kirillchada yilni yozganda "chi" qo‘shimchasini anglatuvchi chiziqcha qo‘yilmaydi, lotinda esa qo‘yiladi. tilim.uz dasturida bu e’tiborga olinganmi?

– Ha, kirillchada yil va sanalardan keyin chiziqchasiz matnni kiritsangiz, tilim.uz lotinchaga chiziqcha bilan o‘girib beradi. Ya’ni, lotin alifbosi qoidalariga o‘z-o‘zidan bo‘ysunadi.

–Matnni ovozga, ovozni matnga aylantiruvchi dastur ko‘proq qaysi soha vakillariga qo‘l keladi?

– Bu loyihamizning eng asosiy qismi hisobalanadi. Chunki, yuqorida aytganimdek, bu dastur yaratilishiga ham shu ehtiyoj sabab bo‘lgan. U mobil aloqa operatorlari, jurnalistlar, sud majlisi kotiblari, majlis bayonnomalarini yozuvchilar uchun ayni muddao. U mehnat va vaqtni tejash nuqtai nazaridan ancha qulaydir.

–Hozirda internet auditoriyasi matnni so‘zlashuv uslubida yozib, xatolarga o‘rganib qoldi. Ayrim blogerlar ham shevada, jargonda yozishga o‘tib olgan. Buni barataraf etish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?

– tilim.uz dasturi orqali bu muammoga ham yechim izlamoqchimiz. Unga ko‘ra, sun’iy intellekt shunday sozlanishi kerakki, matn imloviy va grammatik xatolar, shevaga xos so‘zlar va jargonlarda ifoda etilsa, uning to‘g‘ri varianti taqdim etiladi. Shu bilan birga, ajnabiy so‘zlarning ham muqobillari topilib, asta-sekin auditoriya shunga moslashtiriladi. Bu albatta, uzoq vaqt talab etuvchi jarayon, lekin amalga oshirishning iloji bor.

To‘liq videoni xabar.uzning YouTube sahifasida tomosha qiling va yangi dasturga oid qiziqarli ma’lumotlardan bahramand bo‘ling.

Durdona ALIMOVA suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring