Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“ICT4Girls” O‘zbekiston o‘quvchi qizlar olimpiadasida 12 nafar g‘olib aniqlandi

“ICT4Girls” O‘zbekiston o‘quvchi qizlar olimpiadasida 12 nafar g‘olib aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmonining 5-ilovasi 63- va 67-bandlarida O‘zbekistonda qizlarni raqamli texnologiyalar sohasiga yanada kengroq jalb etish, ularning IT-ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro fan olimpiadalari va musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini tashkil etish vazifalari belgilangan.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi” DM tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Amity universiteti va Uzum bilan hamkorlikda umumta’lim maktablari va akademik litseylarda tahsil olayotgan 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida sport dasturlash bo‘yicha “ICT4Girls” O‘zbekiston o‘quvchi qizlar olimpiadasi tashkil etildi. Olimpiada 2 bosqich - hududiy va respublika bosqichlarida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qiluvchi 242 nafar o‘quvchi qizlar “ICT4Girls” olimpiadasida ishtirok etish uchun ariza yo‘lladi. Olimpiadaning ilk, hududiy bosqichi 8-iyun kuni barcha hududlar - 12 ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida bir vaqtda tashkil etildi. Bunda qizlar “Yandex Contest” platformada berilgan masalalarga C++ yoki Python tillarida yechim ishlab, ball to‘plashdi. Ushbu bosqichda yuqori ball to‘plagan jami 45 nafar qiz Respublika bosqichiga yo‘llanma qo‘lga kiritdi.

“ICT4Girls” olimpiadasining Respublika bosqichi Toshkent shahridagi Amity universitetida bo‘lib o‘tadi. Bellashuvda yuqori ball to‘plagan 12 nafar qiz ICT4Girls olimpiadasi g‘olibi deb topilib, munosib taqdirlanadi.

Joriy yil bonus sifatida ICT4Girls olimpiadasi g‘oliblari, ya’ni jami 12 nafar qiz uchun qo‘shimcha intensiv treninglar - butkemp tashkil etiladi. Butkemp so‘ngida saralangan 4 nafar qiz shu yil 21-27-iyul kunlari Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida bo‘lib o‘tadigan Informatika fani bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasi (European Girls’ Olympiad in Informatics)da O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etadi.

G‘oliblar bilan tanishing:

1. Zarnigor Raximova - Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi 12-maktabning 11-sinf o‘quvchisi

2. Oysha Mirzatillayeva - Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi ixtisoslashgan maktabining 7-sinf o‘quvchisi

3. Solixa Dagarova - Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahridagi 20-maktabining 10-sinf o‘quvchisi

4. Jasmina Tarmasheva - Samarqand viloyatining Samarqand tumanidagi 9-maktabning 10-sinf o‘quvchisi

5. Ruhsora Pardayeva - Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi Prezident maktabi 10-sinf o‘quvchisi

6. Malika Xojamuratova - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab internatining 7-sinf o‘quvchisi

7. Gulchiroy Raxmatullayeva - Buxoro viloyatining Buxoro shahridagi 2-son IMIning 8-sinf o‘quvchisi

8. Mushtariy Xusnidinova - Namangan viloyati, Mingbuloq tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabining 8-sinf o‘quvchisi

9. Parvina Nurulloyeva - Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 8-sinf o‘quvchisi

10. Durdonaxon To‘xtaqo‘ziyeva - Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanidagi IMIning 7-sinf o‘quvchisi

11. Zilola Mirzatillayeva - Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf o‘quvchisi

12. Dilafruz Jo‘raboyeva - Farg‘ona viloyatidagi 10-Chet tillariga ixtisoslashgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring