Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

Ginnessga kirgan dasturchi qiz haqida eshitganmisiz? (video)

Shunday kishilar borki, zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalangan holda ko‘plab insonlarning mushkulini oson qila oladi.

Ana shunday qahramonlardan biri dunyodagi eng baland bo‘yli dasturchi ayol Rumeysa Gelgidir.

Naq 5 ta rekord sohibasi bo‘lgan turkiyalik bu ayol Uiver sindromi deb nomlanuvchi kamyob genetik mutatsiya bilan dunyoga kelgan.

Bu dard tananing tez o‘sishiga olib keladi va ko‘pincha suyaklarni zaiflashtirib, bo‘g‘imlar harakatini ham cheklab qo‘yadi.

U 5 yoshga to‘lar-to‘lmas ikkita og‘ir jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgach, ilk bor qadam bosishga muvaffaq bo‘lgan.

2014-yilda Rumeysa “Dunyodagi eng baland bo‘yli o‘smir qiz”, degan nomga sazovor bo‘ldi.

2021-yil oktyabr oyining o‘rtalarida Ginnessning rekordlar kitobi vakillari hozirda yashayotgan eng baland bo‘yli ayol unvoni bo‘yicha jahon rekordini rasman tasdiqlashdi.

Bu esa o‘sha paytda 24 yoshni qarshi olgan Rumeysa Gelgiga nasib etdi.

Rumeysa baland bo‘yi va sog‘lig‘idagi muammolar tufayli odatda nogironlar aravachasida harakatlanadi.

Shunga qaramay, u qat’iyatli va kelajagini faqat yorqin ranglardagina ko‘radi.

“Har qanday kamchilikni fazilatga aylantirish mumkin. Shuning uchun o‘zingizni qanday bo‘lsangiz, shundayligicha qabul qiling. O‘z salohiyatingizni ro‘yobga chiqarish uchun qo‘lingizdan kelganicha harakat qiling”, – dedi u Ginness nashriga bergan intervyusida.

Rumeysaning eng katta orzularidan biri rekord o‘rnatish bo‘lgan. Uning uchun rekordchi bo‘lish nihoyatda yoqimli.

Turkiyalik Rumeysa Gelgi bugungi kunda rasman Yer yuzidagi eng baland bo‘yli ayol hisoblanadi.

Ammo yaqinda uning hayotida yana bir shaxsiy rekord sodir bo‘ldi, ya’ni, u 25 yil ichida birinchi marta samolyotda parvoz qildi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Rumeysaning Istanbuldan San-Fransiskoga parvozi 14 soat davom etdi, deb yozdi Amerikaning New York Post nashri. Sayohat qulay bo‘lishi uchun Turkiya havo yo‘llari xodimlari oltita o‘rindiqni maxsus karavotga almashtirishdi.

Aytishlaricha, u AQShga xizmat safari uchun borgan. Ma’lumot uchun: Gelgi xonim ayni damda dasturiy ta’minot sohasida ishlaydi.

Shu bois ham axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishni yaxshi biladi.

2021-yilda Turkiyada sodir bo‘lgan yirik yong‘inlar paytida u Instagramdagi profili orqali xalqi uchun yordam so‘rab, xayriya ham tashkil qilgan.

Ko‘rib turganingizdek, qahramonimiz nafaqat baland bo‘y, balki boshqa odamlarning muammolariga befarq bo‘lmagan katta qalb sohibasi hamdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring