Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Data scientist, Boeing 787 parvozi va Сloud tizimi” – Daniyadagi doktorant hikoyasi

“Data scientist, Boeing 787 parvozi va Сloud tizimi” – Daniyadagi doktorant hikoyasi

Navbatdagi suhbatdoshimiz Daniyada joylashgan Aalborg universiteti doktoranti Abduvoris Abduvahobov.

Qahramonimiz Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetini tamomlagan. 2014-2017-yillar Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazida, 2017-2018-yillar Huawei’ning O‘zbekistondagi ofisida ishlagan. 2018-2020-yillar Yevropa Ittifoqining Erasmus dasturi granti sovrindori sifatida Avstriya va Daniyada magistratura bosqichida o‘qigan. Keyin bir muddat Shveysariyadagi Xalqaro aviatsiya tashkilotida ma’lumotlar tahlilchisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

Talab yo‘qligi uchun tajriba olish imkoniyati bo‘lmagan

Data Science sohasiga qiziqishim magistratura bosqichini Aalborg University Copenhagen’da o‘qib yurgan davrlarim paydo bo‘la boshladi. Aniqrog‘i, «Optional course» deb ataladigan majburiy fanlardan tashqari o‘qiladigan «Machine Learning algorithms» va «Introduction to Recommendation Systems» kabi kurslar menda bu sohaga qiziqish uyg‘otdi. Albatta ustozlarim juda qattiqqo‘l bo‘lgani, fanlarni yopa olish uchun o‘z ustimda qo‘shimcha ishlashga ko‘p to‘g‘ri kelgan. Shu sabab Coursera, Udemy va EdX onlyn platformalarda ko‘plab kurslarni o‘rganganman va bu ham qiziqishimni oshirgan.

Toshkentda Xalqaro Vestminster universitetida bakalavr bosqichini o‘qib yurganimda ham dasturlash bo‘yicha fanlar o‘tilardi, lekin ba’zi sabablarga ko‘ra ular menda qiziqish uyg‘otmasdi. Menimcha asosiy sabab dasturlashning o‘zidan hosil bo‘ladigan natijadan ko‘nglim to‘lmagan, chunki asosiy maqsad mobil ilova yoki e-commerce veb-sayt bo‘lar edi. Ammo, ma’lumotlar bazasi va uning tahlili bo‘yicha o‘tiladigan fanlarni qiziqish bilan o‘qir edimku, lekin ular bo‘yicha o‘zbek IT bozorida talab yo‘qligi uchun ishlab tajriba olish imkoniyati bo‘lmagan.

Data scientist o‘zi nima?

Savolingiz hozir o‘zbek IT bozorida juda aktual hisoblanadi. Va bunga umumiy qabul qilingan javob ham yo‘q deb hisoblayman. Chunki bu mutaxassislikni hamma har xil tasavvur qiladi va ba’zida ma’lumot tahlilchilari (data analist) yoki business analist vazifalari bilan ham adashtirishadi. Buning boshqa sababi bu yo‘nalishga bo‘lgan talabni keskin oshishi va mutaxassislikni qo‘llash mumkin bo‘lgan sohalarni kengayishi natijasida data scientist o‘rniga torroq  yo‘nalishlar: machine learning (ML) engineer, NLP engineer, neural network engineer va hokazo kabilar paydo bo‘lmoqda. Ammo umumiy qilib aytganda data scientist bu turli xildagi ma’lumotlarni qayta ishlab, ular yordamida biznes uchun ma’lum bir mahsulot joriy etadigan yoki mavjudlarini mukammalashtiradigan odam. Bu Machine Learning yo‘nalishini turli xil algoritmlaridan foydalanib taqdim etilgan ma’lumotlar orqali kelajakda bo‘ladigan holatni oldindan ko‘ra olish yoki taxmin qila olish qobilyatiga ega bo‘ladi. Buni barcha yo‘nalishlarimizga qishloq xo‘jaligi, davlat tashkilotlari, tibbiyot, oliy ta’lim, enegetika, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarga tatbiq etsa bo‘ladi. Chunki hozir axborot texnologiyalari jamiyatimizning deyarli barcha sohalariga kirib boryapti va bu jarayon katta hajmdagi ma’lumotlarni (Big Data) paydo qilyapti. Bu ma’lumotlarni o‘chirib yoki arxivlab qo‘ygandan ko‘ra qayta ishlab, joriy xizmatlar sifatini yaxshilash yoki yangilarini yo‘lga qo‘yish mumkin.

Chevening va Erasmus grantiga sazovor bo‘ldim

Ochiq aytganda Avstriya va Daniyada tahsil olish avvaldan ko‘zlagan maqsadim emasdi. Asosiy maqsad Yevropada grant orqali ta’lim olish va dunyoning eng yuqori 500 taligiga kiradigan muasassalarda o‘qish edi. Shuning uchun Yevropada o‘qish imkonini beradigan Chevening, DAAD, Erasmus va boshqa bir qancha grantlarga bir yilni o‘zida hujjat topshirdim. Ba’zilaridan suhbatga taklif qilindim va ba’zi suhbatlardan muvaffaqiyatli o‘tdim ham. Oxiri Chevening va Erasmus’ning DCLead dasturi o‘rtasida tanlov qilishga to‘g‘ri keldi va men Erasmus’ni tanladim. Boisi bu dastur Joint Master’s Degree deyilib, unga qabul qilinganlar 4 semester davomida kamida 2 ta davlatdagi OTMda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. DCLead dasturidagi o‘qishim kerak bo‘lgan fanlar har tomondan ma’qul keldi. Grant bo‘yicha o‘qiganim uchun bu davlatlardagi viza bo‘yicha yoki o‘qish puliga o‘xshagan tashvishlar menda deyarli bo‘lmagan, chunki bu ishlar Yevropa fondi tomonidan tashkillashtirilgan. Ammo bilishimcha Avstriyadagi ko‘p o‘qishlar deyarli tekin hisoblanadi, asosiysi Yevropa tashqarisidan kelayotgan talaba o‘z bank hisobida talab qilingan mablag‘ borligini isbotlay olishi lozim va uzoq muddatga davlatda yashash huquqini beradigan «Aufenthaltsbewilligung – Student» hujjatini qo‘lga kiritishi zarur bo‘ladi. Daniyada bo‘lsa yevropalik bo‘lmagan talabalar uchun o‘qish pullik, ammo barcha universitetga davlat tomonidan grantlar ajratilgan va shu davlat granti orqali bepul o‘qish mumkin.

Ilmiy tarzda muhimligini isbotlash talab etiladi

Magistraturadagi ilmiy ishim onlayn o‘quv platformalariga (masalan Coursera, EdX) sun’iy intellektni (Artificial Intelligence) joriy etish yo‘llari va foydalanuvchilar uchun eng muhim afzalliklarini aniqlashga qaratilgan edi. Shu sababdan foydalanuvchilar bilan izlanishlar olib borib, ular haqidagi umumiy ma’lumotlar va ularning fikrlarini yig‘ib tahlil qilganman. Chunki talabalardan qandaydir yangilik taklif qilish yoki joriy etish uchun avvalambor buni ilmiy tarzda muhimligini isbotlash talab etiladi. Mening ilmiy ishim aynan shu AI (Artificial Intelligence) tomonidan keladigan afzalliklarni aslida haqiqiy foydalanuvchilar uchun kerakmi yoki yo‘qligini aniqlash bo‘lgan.

Bir parvoz 500 GB dan ortiqroq ma’lumot ishlab chiqaradi

PhD bosiqini Daniyaning Aalborg oliygohidagi Computer Science bo‘limida olib boryapman. Ilimiy ishimning mavzusi “Statistik va ML modellari yordamida sensorlardan kelayotgan ma’lumotlar hajmini kichraytirgan holda ma’lumotlar omboriga saqlash” haqida. Hozir Internet of Things (IoT) nomi bilan ko‘plab sohalarda avtomatlashtirish va masofadan turib boshqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bular turli xil sensorlar orqali amalga oshiriladi va tabiiyki bir uskunani o‘zida bir nechalab sensorlar bo‘ladi. Ulardan kelayotgan ma’lumotlar ko‘lami, tezligi va turli xilligi sababli ularni biz ishlatishga o‘rganib qolgan bir kompyuterga o‘rnatilgan bazaga saqlashning ilojisi yo‘q. Misol qilib keltiradigan bo‘lsak, Boeing 787 samolyotining o‘zi bir parvoz davomida 500 GB dan ortiqroq ma’lumot ishlab chiqaradi. Xullas, qisqacha aytganda hozirgi asosiy muammo bundan katta hajmdagi ma’lumotning barchasini qisqartirmagan holda saqlash va qayta ishlash. Mening ilmiy ishim asosan elektr toki ishlab chiqaradigan shamol turbinalariga o‘rnatilgan sensorlardan keladigan ma’lumotlarni samarali saqlash va kerak bo‘lganda qayta tiklab berishga qaratilgan. Bu ham ma’lumotlar bazasining bir turi hisoblanadi.

1974-yilda tashkil etilgan

Men o‘qiyotgan Aalborg universiteti Daniyadagi rasmiy o‘rni bo‘yicha to‘rtinchi va talabalar soni va hajmi jihatidan mamlakatdagi eng yirik oliygoh. Muassasamiz Daniyadagi boshqalariga nisbatan yangi bo‘lib 1974-yilda tashkil etilgan. Universitetning asosiy kampusi Alborg shahrida joylashgan, yana poytaxt Kopengagen va Esberg shaharlarida ham kampuslari bor. Butun Yevropa bo‘yicha ilmiy ishlar olib borish, Erasmus’ga o‘xshagan Yevropa fondlarida qatnashish bo‘yicha Daniyadagi eng faol oliygoh hisoblanadi. Injenerlik, matematika, robototexnika, kompyuter dasturlash va ma’lumot bazalarini boshqarishga o‘xshagan fanlar juda chuqur o‘rgatiladi. Umuman olganda Daniya va boshqa Skandinaviya davlatlari shunga o‘xshagan zamonaviy texnik fanlarni chuqur o‘zlashtirish uchun juda yaxshi joy deb hisoblayman. O‘zbekistonlik talabalarga Daniyada o‘qish uchun Daniya hukumati tomonidan bakalavr va magistr yo‘nalishlariga ajratilgan grantlar yoki Erasmus’ga o‘xshagan Yevropa Ittifoqi grantlari orqali kirishni, PhD uchun esda Yevropa Ittifoqining «Marie Sklodowska-Curie Actions» dasturini tavsiya etgan bo‘lardim.

Cloud tizimidagi xizmatlar paydo bo‘lishini xohlayman

Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, to‘siqlar albatta yetarlicha bor. Masalan kadrlar yetishmasligi. Bu sohaga qiziquvchilar kundan kunga ko‘payib bormoqda, ammo ularni o‘qitib, rivojlantira oladigan va to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan tajribali mutaxassislar kam. Yana boshqa to‘siq bu sohaning salohiyatini hali hamma ham tushunib yetmagani. Umumiy tushuncha bo‘lsa ham aniq bir tor sohaga kelganda uni to‘g‘ri qo‘llay olmaslik (aslida bu rivojlangan mamlakatlarda ham mavjud muammo). Ma’lumotlarning hajmi o‘zimizda ham ancha sezilarli tarzda yaxshilanmoqda, biroq ularni to‘g‘ri maqsad bilan qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish kerak.

Keyin yurtimizda mahalliy cloud servislarning sifati juda past, hozirgi kunda ma’lumot xavfsizligi va siyosiy holatni nazarda tutgan holda, yurtimizda talabga javob beradigan cloud tizimidagi yuqori sifatli xizmatlar paydo bo‘lishini xohlayman.

 Ingliz tilini bilish va internetdan to‘g‘ri foydalanish muhim

Albatta o‘zimni hali muvaffaqiyatli deb aytmagan bo‘lardim. Lekin oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni yoki ilmiy ish qilishni istaydiganlarga avvalambor ingliz tilini yaxshi o‘rganishni va bunga qo‘shimcha o‘ziga qiziq bo‘lgan sohada yaxshi asos (fundament) hosil qilishni tavsiya etaman. Eng zaruri odam o‘ziga qiziq va jamiyatimizga foydasi tegadigan sohani topa olsa keyinchalik uni o‘zlashtirishi oson kechadi. Data Science yoki Data Engineering uchun Python (data science) yoki Scala (data engineering) dasturlash tillarini o‘zlashtirish va ma’lumotlar bazasida ishlash bo‘yicha tajriba orttirish maqsadga muvofiq.

Keyin statistika va algebraning asoslarini o‘zlashtirish, iloji boricha internetdan to‘g‘ri foydalanishni, ya’ni chetda o‘qish grantlari bo‘ladimi yoki zaruriy materiallar barchasini kerakli resurslardan ola bilish juda muhim.

Yilning 190-200 kuni yomg‘ir yog‘adi

Avvalambor, Daniyaga o‘qish vizasi faqatgina Moskvadan beriladi. Bu albatta juda ham ko‘p noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Shuning uchun Daniyaning Moskvadagi elchixonasi veb saytini yaxshilab o‘qib o‘rganishni maslahat beraman. Daniya ham boshqa Yevropa mamlakatlariga o‘xshab ketadi ko‘p tomondan. Ammo asosiy farqi bu yerda ko‘pchilik ingliz tilida juda yaxshi gapiradi. Oziq-ovqatga va umumiy olganda ko‘p xizmatlarga narxlar boshqa davlatlarga nisbatan qimmat. Shunga yarasha sog‘liqni saqlash tizimi barchaga shu jumladan chet ellik talabalar uchun ham bepul. Ob-havo sovuqroq, odatda shamol ko‘p esadi va o‘rtacha yilning 190-200 kuni yomg‘ir yog‘adi. Bu degani yurtimizga o‘xshab doimiy quyoshli havo emas. Shuning uchun bu yerda yashovchilarni ko‘p qismi doimiy tarzda organizmda vitamin D hajmini nazorat qilib borishadi va uning oldini olishga harakat qilishadi. Bu men uchun eng asosiy kutilmagan holat bo‘lgan va boshlanishiga ko‘nikishim qiyin kechgan. Daniya velosipedlar mamlakati hisoblanadi va talabalarimiz uchun albatta velosiped sotib olishni maslahat bergan bo‘lardim. Buni albatta sog‘liqqa, atrof-muhitga va hamyonga foydasi ko‘p.

Inson resursini yangi darajaga ko‘tarish lozim

O‘ylashimcha, asosiy maqsad eng qimmatli resurs hisoblangan inson resursini yangi darajaga ko‘tarish lozim. Bu borada axborot texnologiyalari o‘rni beqiyos. Birinchi o‘rinda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan o‘quv yurtlari ko‘payishini xohlar edim (nafaqat oliy bilim yurtlari, balki maktablar va litseylarni ham nazarda tutyapman). Oliy o‘quv yurtlarining barchasida kredit tizimi asosida o‘qishni yo‘lga qo‘yish hamda maktablardagi o‘quv dasturlarni zamon talabiga moslab, dasturlash asoslarini maktabdanoq o‘rgatish yo‘lga qo‘yilishini istayman. Chet elda bakalavr va magistraturada o‘qish niyatidagi iqtidorli talabalarimizga milliy grantlarimizni yanada ko‘paytirish ham yurtimizdagi kadrlar muammosini hal qiladi. Boisi, o‘zim bir necha Yevropa mamlakatlari tomonidan e’lon qilingan grantlarga hujjat topshirganman va hujjat topshiruvchi “qora ko‘zlar”imiz soni juda ham ko‘pligini kuzatganman. Bunday grantlarni yosh olimlarimiz uchun chet eldagi tajribali professorlar qo‘l ostida mamlakatimiz uchun dolzarb bo‘lgan mavzularda ilmiy ishlar olib borishi uchun berilsa samarali, deb hisoblayman. Chet elga o‘qishga borishni maqsad qilgan yurtdoshlarimizning ba’zilarida viza bilan bog‘liq ko‘plab qiyinchiliklar tug‘iladi. Buning asosiy sabablaridan biri yurtimizda elchixonasi yoki konsullik markazlari yo‘q davlatlarga xizmat ko‘rsatadigan viza markazlarining yo‘qligi (masalan Kanada yoki Daniya uchun). Shuning uchun ko‘plab yurtdoshlarimiz viza uchun qo‘shni mamlakatlarga yoki Moskvaga borib kelishga majbur. Ushbu masalalar ham ijobiy yechim topishini niyat qilaman.

Ilmiy tadqiqotlar markazi ochmoqchiman

Keyingi 10 yil ichida asosiy maqsadim ilmiy ish qilayotgan yo‘nalishimda tajriba orttirish va turli tashkilotlarda ishlab ko‘rish. Lekin asosiy rejam mamlakatimizga qaytib, yaqin do‘stlarim bilan ma’lumotlar tahliliga ixtisoslashgan firma tashkil qilish va shu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish. Qolaversa, ma’lumotlar tahliliga ixtisoslashgan ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil qilishni ham maqsad qilganman.

 

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring