Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ayti» tadbirkor: «Prezidentimiz da’vati vatanimizga qaytishimga sabab bo‘lgan»

«IT–motivatsiya» sahifamizning bugungi mehmoni «ayti» tadbirkor, «Alitech» kompaniyasi asoschisi Alisher Musurmonov.

*Alisher Musurmonov – 7 yillik tajribaga ega senior (katta) dasturchi.

* 2013-yil Jizzax davlat pedagogika instituti ingliz tili va adabiyoti yo‘nalishini tamomlagan.

* 2013-2014-yillarda Riga davlat texnika universitetida magistraturasida tahsil olgan.

* 2015-2016-yillar mobaynida AQShda "New York Code + Design" akademiyasining veb dasturlash yo‘nalishida o‘qigan.

* 2015-2018-yillar mobaynida AQShning Nyu-York shtatida joylashgan “Vektor Moving” MChJda veb dasturchi lavozimida ishlagan.

*2018-yildan IT-Parkning Jizzax viloyatidagi filialida joylashgan "Alitech Website Solutions"da rahbar va yetakchi dasturchisi sifatida faoliyat olib bormoqda.

* 2021-yil 30-iyun “Yoshlar Forumi”da “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

*Hozirgacha Alisher Musurmonov turli darajadagi 40dan ortiq loyihalarda ishtirok etgan va o‘zining “Alitech” dasturlash korxonasi ostida yaratilgan “My center”, “Turbosale” kabi startap loyihalarining asoschisi hisoblanadi.

– Hozirgi zamon talabidan kelib chiqib, dasturlash kelajak kasblaridan biriga aylanyapti. Oldinlari qulog‘imizga chalinsa, erish tuyuladigan «ayti» so‘zi bugun eng kerakli sohalardan biriga aylanmoqda. Shu o‘rinda sizning bu sohaga kirib kelishingiz qanday boshlangan?

– Albatta, hozirgi kunda hech kimga sir emas, IT texnologiyalariga qiziqadigan yoshlarimiz juda ham ko‘p. Ularning soni kundan-kunga oshib bormoqda. Shu o‘rinda o‘zim haqimda gapiradigan bo‘lsam, «Alitech» dasturlash korxonasi rahbari, mentor va kod yozish bo‘yicha instruktor hisoblanaman. Ingliz tili mutaxassisligida o‘qiganman. Ya’ni filolog bo‘lganman. Jizzax davlat pedagogika instituti bakalavr bosqichini tugatgach, Riga davlat texnika universitetining magistratura bosqichida tarjimonlik yo‘nalishini tamomlaganman. Talabalik yillarimda ham meni kompyuterlar bilan ishlash, videolar montaji va shunga o‘xshash ishlar juda qiziqtirar edi. Bu qiziqishim kuchli bo‘lganligi sababli 2014-yilda AQShga bordim. Nyu-Yorkda o‘zimni shu sohada sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. U yerdagi oliygohlarda o‘qish uchun kompyuter muhandisligi diplomi kerak edi. Muammolar ko‘p edi. Shu o‘rinda 3D dizaynlari bilan ishlash, annimatsiyalarga qiziqardim.

Bir kuni Nyu-Yorkda logistika kompaniyasi rahbari bilan tanishib qoldim. U inson ham mazkur sohaga qiziqar ekan, u mendan nimalarni o‘rganayotganimni batafsil so‘radi. Unga o‘rganayotganlarimni so‘zlab berdim, shunda u dunyo bo‘yicha dasturlash sohasi keng rivojlanayotgani haqida gapirib berdi. Uning o‘zi ham mazkur soha bo‘yicha onlayn ta’lim olayotganini aytdi. Boshida men bunga jiddiy e’tibor bermadim. Ammo vaqt o‘tib, mazkur sohaga berilayotgan muhitning ta’siri o‘laroq, nafaqat bizning mamlakatda, balki butun dunyoda «ayti» yo‘nalishidagi kadrlar kamligi, dasturlash sohasiga talab yuqori ekanligini his qildim. Va o‘zimni shu sohada sinab ko‘rish uchun dasturlash maktablarini qidira boshladim. Shunday qilib, «New York Code Design» akademiyasida bir yarim yil mobaynida tahsil oldim. Bir so‘z bilan aytganda, sohaga kirib kelishim kichik maslahat va shu sohaga bo‘lgan ulkan qiziqish bilan boshlangan.

– Dasturlash olamiga notanish sohadan kirib kelgansiz, boshida albatta o‘ziga xos qiyinchiliklar ham bo‘lishi tabiiy, shu haqida gapirib o‘tsangiz.

– Bilasizmi, maktabni tugatayotganimda dadamga kompyuter sohasiga qiziqishimni aytganman. Ular hozirda ingliz tilini o‘rganish davr talabi ekanligini tushuntirganlar. Shu bilan ingliz tili bo‘yicha o‘qidim. Ammo, oxir-oqibat, qiziqishim ustunlik qilgan.

– Amerika Qo‘shma Shtatlaridan o‘qishni tamomlab kelganingizdan keyingi faoliyatingiz haqida batafsil to‘xtalib o‘tsangiz. Ya’ni o‘sha payti «ayti» tushunchasi kamroq qo‘llanilgan. Axborot texnologiyalari haqida kamroq bilimlarga ega bo‘lishgan. Bu bo‘yicha dasturlash markazlari ham bo‘lmagan. Faoliyatingizni yangidan boshlashingiz qanday kechgan?

– 2018-yilda ona-Vatanim – O‘zbekistonga qaytdim. Prezidentimizning nutqlarida keltirgan gaplari, ya’ni «Har bir xorijdagi vatandoshimizni O‘zbekistonga taklif qilaman. Va O‘zbekiston rivojiga o‘z hissalaringni qo‘shishlaringni istayman», degan da’vatlari, albatta, ona-Vatanimga qaytishimga sabablardan biri bo‘ldi. Kelganimdan keyin ma’lum bir qiyinchiliklar bo‘ldi, albatta. Dasturlash sohasi bo‘yicha kurslar yo‘q edi, bunga talab ham yuqori emas edi. 2018-yil fevral oyida dasturlash bo‘yicha o‘zimning «Alitech» korxonasiga asos soldim va shu o‘rinda dasturlashga qiziquvchi yoshlarga o‘z ko‘nikmalarimni o‘rgata boshladim. Birinchi e’lon berganimizda atigi 10 nafar bola yig‘ilgan edi. Ularning boshlang‘ich bilimlari bor edi. Mazkur guruhdagi 4 nafar shogirdim hozirda startap loyihalarni amalga oshirishga yordam berib kelishmoqda. 300 dan ortiq shogirdlarim bor.

– Alisher aka, shogirdlaringizning muvaffaqiyatlari haqida gaplashsak...

– O‘tgan yillar mobaynida ko‘plab shogirdlarga o‘z bilim va ko‘nikmalarimni berib keldim. Shogirdlarimning o‘ndan ortig‘i xorijiy davlatlarda magistratura bochqichida mazkur soha bo‘yicha ta’lim olishmoqda. Va yana hozirda 5 nafari xorijiy korxonalarda o‘z faoliyatini olib borishmoqda. Ulardan biri Ahmadjon «ayti» Ukrainadagi kompaniyada, Abrorjon bir vaqtning o‘zida Belarusdagi kompaniyalarda faoliyat olib bormoqda. Shogirdlarim Angliya, Koreya kabi davlatlarda o‘z bilimlarini oshirmoqdalar. Men ularga onlayn tarzda o‘z maslahatlarimni berib kelyapman.

– Shu sohaning vakili sifatida bugun jahon bozorida o‘zbek dasturchilariga talab qanday deb o‘ylaysiz?

– Hech kimga sir emaski, bu soha hech qanday zamon va makon yoki millat tanlamaydi. Agar, haqiqatan ham, bilimi mukammal bo‘lsa, bemalol onlayn ishlashlari mumkin. Hozirgi kunda O‘zbekistondagi aynan dasturlash sohasida faoliyat olib borayotgan yoshlarning natijalarini yuqori baholasa bo‘ladi. Yoshlarimizning bu sohaga qiziqishlari va intilishlari yuqori. Minglab yoshlarimiz freelance xizmatlarini taklif etib kelishmoqda. Bu orqali ular mamlakatimizga kirib kelayotgan salmoqli valyuta oqimi oshishiga o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda.

Sizning yoningizga dasturlashdan mutlaqo xabari yo‘q yoshlar kelishsa, ular bu sohani egallashlari uchun eng birinchi nimalarni tavsiya etgan bo‘lardingiz?

– Bizning akademiyamizga kelgan yoshlarga birinchi beradigan savolimiz nega o‘rganishni istayotganlari haqida bo‘ladi. Albatta, ko‘pincha ular ko‘p daromadni xohlashadi. Birinchi qo‘yadigan talabimiz boshlang‘ich kompyuter savodxonligi va ingliz tili bilimlaridir.

Dasturlashning barcha jarayonlari ingliz tilida olib boriladi. Kelgan yoshlarni qobiliyatiga qarab, boshqa yo‘nalishlarga jalb etishimiz ham mumkin. Umuman olganda, yoshlarimizning zamonaviy kasblarni egallab, yetuk kadr bo‘lishlari uchun o‘z bilim va ko‘nikmalarimizni berishga tayyormiz.

Dildora AMIRZODA suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring