Ayollarning donoligiga hamisha shubha bilan qarashadi! (video)
IT-Woman ko‘rsatuvining bugungi qahramoni 20 dan ziyod IT loyihalarni muvaffaqiyatli boshqargan mutaxassis hamda 2022-yilda bo‘lib o‘tgan respublika forumida “Yilning eng yaxshi loyiha menejeri” mukofoti sovrindori Malika Rahimova.
— An’anaviy savolimizdan boshlaymiz: IT olamiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan?
— IT sohasiga qiziqishim 8-9-sinf paytlarim informatika darsida paydo bo‘lgan. Ilk bor veb-dasturlash va kod yozish qoidalarini ham informatika ustozimdan o‘rganganman. Litseyga kirganimdan so‘ng esa INHAda bo‘lib o‘tgan hakatonda ishtirok etish bahonasida sohani yanada chuqurroq o‘rganganman va shu orqali IT olamiga kirib kelganman. Hozirgi kunda esa Qishloq qurilish bankining moliyaviy texnologiyalar bo‘limida bosh mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqdaman.
— Eng birinchi ish joyingiz?
— Ish faoliyatimni litseyda o‘qib yurgan kezlarim repetitorlikdan boshlaganman. Universitetga kirgach, Xitoyda talabalar ishlashiga ruxsat yo‘qligi sababli, Upwork va Fiverr kabi platformalarda UX/UI dizayner sifatida frilanserlik qilganman. Shu kungacha O‘zbekiston, Yevropa va AQSh bozorida IT loyihalarni boshqarish va ularni yanada yuqori darajalarga olib chiqishga o‘z hissamni qo‘shib kelmoqdaman.
— Qiz bola sifatida ushbu sohani tanlashingizga oila a’zolaringiz qanday fikr bildirishgan?
— Xitoyda o‘qish uchun grant yutib olganimda oila a’zolarim begona davlatga yuborishga qo‘rqishgan va tabiiyki, bu sohada asosan erkaklar faoliyat yuritganligi bois, qarshiliklar ham bo‘lgan. Ammo ularga o‘zim va qolaversa, ustozlarim ham to‘g‘ri tushuntirganimizdan keyin qarorimni to‘g‘ri qabul qilishgan. Keyinchalik karantin tufayli 2-bosqichdan boshlab O‘zbekistonda onlayn tarzda o‘qishni davom ettirganman.
— Shaxsan o‘zingiz ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish platformasini rivojlantirishga ham murabbiylik qilgansiz, mutaxassis sifatida sohaning ayollar uchun afzalliklari haqida nimalar deya olasiz?
— Yuqorida ta’kidlaganimdek, nafaqat mamlakatimizda, balki, xorijda ham kamdan-kam ayollar IT sohasini tanlaydi. Bunga esa albatta ma’lum bir stereotiplar sabab bo‘ladi. Aslida ayollar uchun bir nechta sohalar mavjud bo‘lsa, ular ichida har taraflama eng qulayi bu — IT! Chunki bu sohada ertalab 09:00 dan 18:00 gacha ishlash kerak degan qonun-qoida yo‘q. Asosiysi, ofisga borib ishlash ham shart emas. Bu esa sohaning aynan o‘zbek ayollari uchun eng katta ustunliklaridan biri, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Qisqa qilib aytganda, mazkur sohada ertalabdan kechgacha ofisda o‘tirmasdan yuqori daromad topish mumkin. Qolaversa, IT faqat dasturlashdan iborat emas. Uning shunday bir yo‘nalishlari ham bor-ki, unda aynan ayol kishining mehnati va qobiliyati bilangina muvaffaqiyatga erishish mumkin.
— IT ga 3 ta so‘z bilan ta’rif… IT siz uchun nima?
— Innovatsiya, kreativlik va mo‘jiza!
— Sir bo‘lmasa, bugungi kundagi o‘rtacha daromadingiz qancha?
— Ayni damda Qishloq qurilish bankidagi foliyatim hamda frilanserlik orqali bir oyda o‘rtacha $3 000 — 4 000 topaman. Hamma ayollar ham mana shunday daromad topish imkoniyatiga ega. Faqat o‘z ustida ishlab, biroz rivojlanishlari lozim. O‘z mehnatlarini yuqori baholashdan cho‘chimasliklari kerak. Chunki mehnatga yarasha berilmagan maosh motivatsiyani so‘ndiradi. Bu esa, tabiiyki, mehnat unumdorligiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Albatta, ayollar uchun nafaqat IT sohasi, balki boshqa sohalarda ham ishga joylashish biroz mushkul. Hatto o‘zim ham suhbatdan o‘tish jarayonlarida qiz bola bo‘lib turib shuncha narsani bilasizmi, kabi savollarga ko‘p duch kelaman. Chunki aksariyat tashkilotlarda ayollarning donoligiga hamisha shubha bilan qarashadi. Shu bois ish jarayonida ayollarning ham salohiyati erkaklarnikidan sira qolishmasligini isbotlashga harakat qilaman.
Bilamizki, barcha ayollar ham IT bo‘yicha universitet yoki o‘quv markazlarida o‘qish imkoniyatiga ega emas. Ammo O‘zbekistondagi ko‘plab mashhur startaplarni rivojlantirishga hissa qo‘shgan Malika Rahimova IT sohasini mustaqil tarzda o‘rganish istagidagi xotin-qizlar uchun bir nechta bepul platformalar nomini oshkor qildi.
Xo‘sh, ko‘plab IT mutaxassislari sir saqlovchi bilimlar manbai qaysi? Buni bilish uchun esa ko‘rsatuvimizning to‘liq shaklini YouTube platformasi orqali tomosha qiling!
E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter