Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘istonda maktab o‘quvchilarining dars paytida smartfonlardan foydalanishi taqiqlanishi qonuniylashtirilmoqda

Qozog‘istonda maktab o‘quvchilarining dars paytida smartfonlardan foydalanishi taqiqlanishi qonuniylashtirilmoqda

Foto: Shutterstock

Qozog‘istonda maktab o‘quvchilarining dars vaqtida smartfondan foydalanishi taqiqlanishi rejalashtirilmoqda. Bu “Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ta’lim va murabbiylik masalalari bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida nazarda tutilgan. Yangi o‘zgarishlar haqida deputat Asxat Ayamagambetovga asoslanib, Orda.kz xabar berdi.

Ayni paytda qonunchilikda maktablarda dars paytida mobil telefonlardan foydalanish bo‘yicha aniq cheklovlar mavjud emas.

“Bu masala anchadan beri muhokama qilinmoqda. Cheklov faqat darslar vaqtiga taalluqli, bola maktabga mobil telefon olib kelishi va tanaffus vaqtida undan foydalanishi mumkin. Ya’ni, bu borada hech qanday cheklovlar yo‘q. Dars davomida bola faqat ta’lim olishi, ya’ni hech qanday ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmasligi, masalan, TikTokda o‘tirmasligi kerak”, — deb tushuntirdi Ayagambetov.

Deputatning aniqlik kiritishicha, maktab o‘quvchilariga faqat istisnoli holatlardagina telefon ishlatishga ruxsat beriladi.

“Hozir bizda ko‘plab zamonaviy mutaxassislar, turli ilovalardan foydalanadigan o‘qituvchilar ko‘p. Qaysidir innovatsion usulda ishlash uchun o‘qituvchi (va uning ruxsati bilan o‘quvchilar — tahr.) mobil telefonlardan foydalanishi mumkin. Bu borada hech qanday cheklovlar yo‘q. Agar bola dars payti o‘z shaxsiy ishlari uchun telefon ishlatmoqchi bo‘lsa, albatta, ruxsat etilmaydi”, — dedi deputat.

Demak, o‘qituvchining qarori bilan darsda foydalanish zaruriyati bo‘lgan hollar inobatga olinmaganda, mashg‘ulotlar payti o‘quvchilar va pedagoglarning smartfonlardan foydalanishi man etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring