IT bilan bizni qanday kelajak kutmoqda?

IT texnologiyalar mana bir necha yildirki bizning hayotimizda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.
ITning rivojlanishi barcha sohalarni – davlat va xususiy boshqaruvdan tortib, ta’lim va tibbiyot sohalargacha o‘zgartirdi. Tovar va xizmatlarga buyurtma berish, yangiliklarni ko‘rish, moliyaviy operatsiyalar, transport, aloqa, ko‘ngilochar va boshqa ko‘plab sohalarda birgina tugmani bosish orqali amallarni bajarish mumkin. Ammo shunga qaramay hozirda IT-texnologiyalar salohiyatidan eng minimal darajada foydalanilmoqda.
Texnik va IT rivojlanishning chegarasi bormi? Yaqin kelajakda bizni qanday yangi narsalar kutmoqda? Dasturlar insoniyat ish joylarini tortib oladimi? Keling, bugun IT tendensiyalar haqida gaplashamiz va yaqin kelajakda yanada ommalashishi kutilayotgan tizim va texnologiyalar haqida bilib olamiz.
Bulutli geyming
Kompyuter o‘yinlarini ishga tushirish usuli bo‘lib, ular foydalanuvchi qurilmasida emas, balki uzoq serverda ochiladi. U striming modeliga muvofiq ishlaydi: server audio va video oqimlarni geymerga uzatadi. Bunday holda, foydalanuvchi o‘z qurilmasidan belgini boshqaradi. O‘yin ishqibozlari endi o‘yin sanoatining so‘nggi talablariga javob berish uchun kompyuterni yangilashga doimiy pul sarflashlari shart emas. Eng «og‘ir» o‘yinlarni ham har qanday qurilmadan, hatto televizordan ishga tushirish mumkin. Texnologiya zamonaviy ishlanmalar orasida favaritlardan biri hisoblanmoqda: 2024 yilga kelib bulutli o‘yinlar bozori o‘n barobarga o‘sib, 450 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Kompyuter ko‘zi
Tasvir va video tahlili bilan bog‘liq sun’iy intellekt sohasi bo‘lib, tizim foto yoki video kamera va ob’yektlarni aniqlaydigan va tasniflaydigan maxsus dasturiy ta’minotdan iborat. U tasvirlarni (fotosuratlar, rasmlar, videolar, shtrix kodlar), shuningdek, yuz ifodalarini tahlil qilish imkoniyatiga ega. TAdviser tadqiqotiga ko‘ra, 2023 yilgacha ushbu sohadagi yechimlar ichki bozorining hajmi besh baravarga oshadi. Texnologiya xavfsizlik, sanoat, tibbiyot, savdo, ta’lim, dam olish, moliya, transport va boshqa ko‘plab sohalarda qo‘llanilishi mumkin.
Kompyuter simulyatorlari
Ma’lum bir tizimda xatolik yuz bersa, uning to‘lovi anchayin yuqori bo‘ladi, kataklizma va inqirozlar esa xavfni oshiradi, bu kabi noaniqlik sharoitida harakat qilish qobiliyatini shakllantirish esa xavsizroq muhit yaratishga yordam beradi. Buni simulyatorlarda – qaror qabul qilish uchun virtual «laboratoriyalar» da amalga oshirish mumkin. Ular real holatni baholab, duch kelish mumkin bo‘lgan qarama-qarshilik va ziddiyatli vaziyatlarni aks ettiradi. Ammo ular yagona to‘g‘ri qarorni belgilab berolmaydi, negaki, har qanday qarorning qiymati va salbiy oqibatlari bor. Bunday tizimlarda tabiiy va texnik soha mutaxassislari, menejerlar, harbiy va tibbiyot xodimlarini tayyorlash mumkin.
Uzoq umr ko‘rish uchun CRISPR-Cas9 va gen terapiyasi
Bugungi kunda sayyoramizda 7,8 milliardga yaqin odam istiqomat qiladi, ularning qariyb 9 foizi 65 yoshdan oshganlardir. Qarish jarayonini to‘xtatishning iloji bo‘lmasa ham, hech bo‘lmaganda uni sekinlashtiradigan texnologiyalar allaqachon yaratilgan. Gen terapiyasi – bu genetik konstruksiyani genlar yetishmayotgan yoki to‘g‘ri ishlamaydigan tanadagi ma’lum hujayralarga yuborish texnologiyasi. Ikkinchi usul, CRISPR-Cas9 – hujayralardagi DNK ketma-ketligini tahrirlash (masalan, kesish va joylashtirish) imkonini beradi. U irsiy kasalliklarga qarshi kurashda asosiy quroldir. Muhimi, bu texnologiya arzon, tez va qulayroq bo‘lib bormoqda.
Kelajakdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yaratishda hujayrali texnologiyalar
Ushbu texnologiya yordamida qishloq xo‘jaligi orqali yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini boshqa usullar yordamida yetishtirish mumkin. Insoniyat allaqachon go‘sht, baliq, sut mahsulotlarini hayvonlardan foydalanmasdan qanday tayyorlashni o‘rgangan. Bundan tashqari, go‘shtni nafaqat hayvon hujayralaridan yetishtirish mumkin, hozirgi kunda olimlar o‘simliklardan go‘shtga o‘xshash oqsillarni yaratishmoqda. Ushbu mahsulotlar tarkibi o‘zining analogini deyarli to‘liq takrorlaydi. Genlarni tahrirlash mahsulot hosildorligini oshirish uchun ishlatiladi.
Teri osti mikrochiplari
Texnologiyaning rivojlanishi bilan qurilmalar borgan sari kichraymoqda. Trend kvintessensiyasi – teri osti mikrochiplari bo‘lib, barcha narsani qila oladi (tez orada). Shunday qilib, implantatsiya qilingan chip yordamida tez yordam mashinasi qimmatli vaqtni boy bermasdan, bemor haqida muhim ma’lumotlarni - tibbiy sug‘urta polisi, qabul qilingan dori-darmonlar, allergik reaksiyalar, qon guruhi va boshqalar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Kelajakda inson hayoti uchun muhim bo‘lgan fuksional vazifalarni ham monitoring qilish imkoniyatiga ega bo‘la olamiz.
DNKga ma’lumotlarni yozish
2010 yilga qadar, insoniyat 1,5 zettabayt ma’lumot yaratdi. Bugungi kundagi dinamikadan kelib chiqqan holda, 2025 yilga kelib 175 zettabayt ma’lumotni yaratamiz va albatta ularni biror joyda saqlash kerak bo‘ladi. Hozirda DNKni saqlash har bir kub mm uchun 10¹ baytgacha bo‘lgan zichlikni ta’minlaydi - bu bugungi kunda mavjud bo‘lgan boshqa saqlash muhitidan kamida olti baravar ko‘p. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, tabiat ma’lumotlarni bu formatda bir necha ming yildan buyon o‘zida saqlab keladi.
3D bioprinting
Bu regenerativ tibbiyotning bir bo‘limi bo‘lib, to‘qimalar va organlar konstruktor sifatida hujayralar konglomeratidan yig‘iladi. Ularni uch o‘lchovli raqamli bioprinterlar yordamida yaratishadi, bu kabi printerlar dunyoning 80ga yaqin kompaniyalarida ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunga qadar suyak va tog‘ay to‘qimalarini ushbu texnologiya yordamida yaratishga erishildi. Shuningdek Ispaniyada terini, Buyuk Britaniyada esa ko‘zning shox pardasini yaratishdi. Keyingi maqsad – inson organi va uning muvaffaqiyatli transplantatsiyasi.
Nanotexnologiya
Bu materialshunoslikning shunday «nuqtasi»ki, unda manipulyasiyalar nanoformatga aylanadi: u chumoli kattaligidan million marta, eritrotsitdan 8000 marta va DNK zanjiridan 2,5 marta kichikroqdir. Nanobotlar o‘z-o‘zinii atomma-atom birlashtirishi va buni har qanday jismni qayta tiklash uchun ishlatishi mumkin. Nanodunyodagi taraqqiyot hayratlanarli darajada tez rivojnalmoqda va hozir nano bozorda ko‘plab mahsulotlar mavjud.
Virtual assistent
Britaniyaning Ovum konsalting kompaniyasi prognozlariga ko‘ra, 2024 yilga borib raqamli yordamchilar soni Yer aholisining umumiy sonidan oshadi. Muayyan muammolarni hal qilish uchun yaratilgan oddiy chatbotlardan, har qanday muammoni hal qilishga yordam beradigan maslahatchilarga aylanadi. Microsoft ijrochi vitse-prezidenti Xarri Shumning so‘zlariga ko‘ra, ular sun’iy intellektning yakuniy shakliga aylanadi.
Kompaniyaning tadqiqot bo‘limida xodimlar ushbu bo‘lajak raqamli yordamchilarni «eng yaqin do‘stlar» deb atashdi.
Maxfuza Ro‘yiddinova
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter