Belarus tajribasi: IT sohasidagi muvaffaqiyatning 5 sababi
Xorij tajribasi sahifasida bugun Belarus haqida gaplashamiz.
Birinchi sabab – IT sohasining hukumat darajasida jiddiy qo‘llab-quvvatlanishi. Mamlakatda yuqori texnologiyali parklar (YuTP) tashkil etilgan bo‘lib, Belarus Respublikasi Prezidentining farmoni park rezidentlari va IT industriyasini rivojlantirish uchun ideal sharoitlarni yaratmoqda. 2049 yilgacha soliq imtiyozlari, soddalashtirilgan hujjat aylanmasi, ingliz huquqi instituti joriy etilishi, valyuta operatsiyalaridagi sodda tizim, malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etishda qulayliklar yaratish va boshqa imtiyozlar – bularning barchasi YuTP rezident kompaniyalari uchun dunyoda jiddiy raqobat ustunligini yaratadi. YuTPdan bir qator taniqli loyihalar chiqqan, masalan: World of Tanks, MSQRD, Viber, Maps.me, Prisma va boshqalar.
Ikkinchi sabab – mamlakatda yetarli miqdordagi yuqori malakali kadrlarning mavjudligi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtlarida IT mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Belarus universitetlarining yuqori ta’lim sifati talabalarning informatika bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda va turli xil dasturlash tanlovlarida ko‘plab g‘alabalari bilan tasdiqlanadi.
Uchinchi sabab – Belarus IT mutaxassislarining nisbatan arzonligi. Belaruslik IT mutaxassislarining ish haqi AQSh yoki Yevropaga qaraganda qariyb ikki baravar darajada past, shu bilan birga, professionallik jahon talablariga javob beradi. Bundan tashqari, ko‘pgina YuTP kompaniyalari boshqa mamlakatlarda ham ofislariga ega va doimiy ravishda xodimlar almashinuvi yuz beradi. AQSh yoki Yevropadagi kompaniyalarda tajribaga o‘tagan IT mutaxassislari kam emas, ingliz tilini bilish esa oddiy hodisa.
To‘rtinchi sabab – bu Yevropanikiga juda o‘xshash Belarus mentaliteti. Belaruslar mehnatsevar, biznesga jiddiy va mas’uliyatli munosabatda bo‘lishadi, dedlayn va kelishuvlarga rioya qilish va til to‘sig‘ining yo‘qligi bilan ajralib turadi. Qulay geografik joylashuvi ham ahamiyatga ega. Ikki soat ichida Yevropaning deyarli istalgan joyidan Minskka yetib borish mumkin. Xorijliklar uchun esa vizasiz rejim barcha to‘siqlarni olib tashlaydi.
Beshinchi sabab – IT sohasidagi mutaxassislar sonining doimiy o‘sib borishi. O‘sish universitet bitiruvchilari, boshqa mamlakatlardan mutaxassislar oqimi (ular uchun yashash uchun ruxsat olishning soddalashtirilgan tartibi mavjud), belaruslarning boshqa sohalardan IT sohasiga o‘tishi bilan bog‘liq. IT – mutaxassislari o‘rtasidagi mehnat bozoridagi yuqori raqobat kompaniyalarga yuqori malakali mutaxassislarni oqilona pul evaziga ishga olish imkonini beradi.


Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter