Serial ko‘rganlarning barchasi internetda aldanib qolishmoqda!(VIDEO)
“IT-Motivatsiya” ko‘rsatuvining bugungi mehmoni IT tadbirkor, EDU o‘quv markazi va “Girgitton” loyihalari asoschisi Xurshid Maroziqov.
– Assalomu alaykum. Studiyamizda xush ko‘rdik. Avvalo, sizga an’anaviy savolimiz, ya’ni sohaga qanday kirib kelganingizdan emas, balki loyihangiz nega aynan “Girgitton” deb nomlanganligiga e’tibor qaratmoqchi edim. Odatda, ofitsiantlarga qarata girgitton, deya murojaat qilinadi…
– O‘sha paytda “Girgitton” nomini ovqat yetkazib beruvchi platforma sifatida tanlaganmiz. Ovqat yetkazib berish odatda ofitsiantlarning ishi bo‘lganligi uchun, qolaversa, bu xizmatni vodiyda yo‘lga qo‘yilganligimiz uchun ham ko‘proq chapani uslubda nomlashni ma’qul ko‘rganmiz.
– Nega endi nomini “Rasta”ga o‘zgartirdingiz?
– “Rasta”ga o‘zgarishining asosiy sababi bizning rejalarimiz o‘zgara boshladi. Ya’ni, keyinchalik nafaqat ovqat yetkazib berish, balki boshqa xizmatlarni ham yo‘lga qo‘yib, katta savdo rastasiga aylanmoqchimiz. Qolaversa, kelajakda boshqa davlatlarda ham faoliyatimizni olib borsak, girgitton so‘zi biroz aytishga noqulaylik tug‘dirishi mumkin.
– “Rasta” taom yetkazib berish xizmatining Express24 dan farqi va afzalliklari nimada?
– Menimcha, Express24 dan farqi va afzalliklari haqida foydalanuvchilarimiz fikr bildirishsa to‘g‘riroq bo‘ladi.
– Qachondan bu faoliyatni boshlagansiz?
– Vodiyda Express24 dan avval boshlaganmiz, ya’ni 4 yil bo‘ldi faoliyatimizni olib borayotganimizga. Toshkentda esa yaqinda yo‘lga qo‘ydik.
– Bu xizmat tadbirkorga qancha foyda olib keladi?
– Bilasizmi, bu biznesdan restoran egalari ham, bir martalik idish ishlab chiqaruvchilar ham yaxshi foyda ko‘rishadi, ammo men bu ilovani tashkil qilgan tadbirkor sifatida umuman foyda ko‘rmayapman faqat pul sarflayapman. Ammo 3-5 yil davomida foydaga kirmaslik startaplar uchun odatiy holat.
– O‘zbekiston hududida va horijda qaysi kompaniyalarni yoki kimlarni o‘zingizga raqobatchi deb hisoblaysiz?
– Raqobatchi emas, havaskori desangiz to‘g‘riroq bo‘ladi. Masalan, ovqat yetkazib berish yo‘nalishida Amerikadagi gigantlardan biri DoorDash, Delivery Club kompaniyalariga o‘xshashga harakat qilamiz.
– IT tadbirkor uchun sayohat qilish qanchalik muhim?
– U xoh tadbirkor bo‘lsin, xoh boshqa kasb egasi har biri kishi uchun sayohat qilish juda muhim ahamiyatga ega. Shaxsan menga rejalashtirilmagan sayohatlar juda yoqadi, nafaqat borgan shahrimni, balki o‘zimni ham qaytadan kashf qilaman. Bundan tashqari, biznes uchun to‘g‘ri qaror qabul qilishga ham yordam beradi.
– Ingliz tilini 1 oyda 0 o‘rganish cho‘pchak, deb hisoblaydigan Xurshid Maroziqovning Vodiyda EDU o‘quv markazi ham bor. Shaxsan o‘zingiz ingliz tilini qayerda qancha muddatda o‘rgangansiz?
– Maktabda o‘qib yurgan kezlarim boshlang‘ich sinfdayoq ota-onam repetitorga berishgan. Keyinchalik Qo‘qondagi kutubxonada ingliz tili kitoblarini o‘qish orqali mustaqil o‘rganganman.
– Odatda ingliz tilidan o‘rta darajaga erishish uchun xorijda 6 oy talab qilinadi. Xo‘sh, sizningcha, O‘zbekiston sharoitida qancha vaqt talab qilinadi?
– Chet elda shu tilda muloqot qilinadigan muhitda 6 oyda o‘rganilsa, o‘zingiz o‘ylayvering haftada 2-3 martagina ikki soatdan shug‘ullanib qanday qilib qisqa fursatda mukammal o‘rganish mumkin? Bunday sharoitda natijani faqat o‘quv markaziga yuklamaslik kerak. Oylik kurslarni yakunlagach ham o‘quvchi ingliz tilidagi kitoblarni o‘qish, filmlar tomosha qilish orqali o‘z bilimlarini mustahkamlashi kerak. Menimcha 0 dan boshlab muloqot darajasigacha yetish uchun o‘rtacha 2 yil vaqt kerak bo‘ladi.
– Aynan sizning o‘quv markazingiz qancha muddat va’da qiladi taxminan? O‘quvchilaringiz necha oyda natijaga erishgan?
– Biz “yomon” ma’noda mashhurmiz Qo‘qon shahrida. Chunki biz ingliz tilini juda ham cho‘zib o‘rgatamiz. Bu, albatta, o‘quvchilarning pulini olish uchun emas, aksincha, ularga mukammal ta’lim berish uchun. Buning uchun esa o‘rtacha ikki yil vaqt ketadi.
– Darslar onlayn tarzda bo‘lib o‘tadimi?
– Yo‘q, darslar an’anaviy tarzda olib boriladi.
– Siz uchun qay biri afzal va samaraliroq: onlayn yoki an’anaviy ta’lim?
– An’anaviy darslarda o‘quvchilar tushunmagan narsalarini o‘sha vaqtning o‘zida o‘qituvchidan so‘ray olishdan tashqari, sheriklarining xatolarini ko‘rib, to‘g‘ri xulosa qilish orqali darslarni yaxshiroq o‘zlashtiradilar.
– Ayol kishilarning IT sohasida faoliyat yuritishiga qanday qaraysiz?
– Judayam yaxshi qarayman. Nafaqat bu sohada, umuman olganda, biz ayollarni ishlashiga qarshilik qilib qanchadan-qancha ish kuchini yo‘qotyapmiz. Aslida esa ayollarimiz ko‘proq ilm olishlari, o‘z ustida ishlashlari uchun sharoit yaratib berishimiz kerak. To‘g‘ri, shunday sohalar bor, u yerda ayollarning ishlashi unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi, biroq IT ayollar uchun, ayniqsa, turmush o‘rtog‘i ishlashiga qarshilik qiluvchi xotin-qizlarimiz uydan chiqmasdan ham pul topishlari uchun nihoyatda qulay kasb hisoblanadi.
– IT ga 3 ta so‘z bilan ta’rif… IT siz uchun nima?
– Samaradorlik, kelajak va fojia.
– Bugungi kun yoshlariga tavsiya…
– Bugungi kundagi ayrim yoshlarga tavsiyam – tanigan-tanimagan odamingizni turli xil guruhlarga yoki giv -tanlovlarga qo‘shib tashlayvermang!
Turli ishonchsiz tanlovlar, Prezident tomonidan pul yutuqlari kabi yolg‘on e’lonlarga aldanib qolmaslik yo‘llari haqida batafsil YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.
E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi


Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter