My.gov.uz orqali xususiylashtirilgan uylar «snos»ga tushmaydimi?(VIDEO)
Avvallari qaysidir davlat tashkilotiga ishing tushsa, bir qancha hujjatlarni to‘plash uchun haftalab, ba’zan oylab ovora bo‘lishga to‘g‘ri kelardi. Endi bu tashvishlar raqamlashuv jarayonlari, davlat xizmatlarining elektron ko‘rinishga o‘tishi tufayli qisqa muddatda unutildi hisob.
Bugungi suhbatdoshlarimiz esa qaysidir ma’noda ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shib kelayotganlardan desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ya’ni, bizning mehmonlarimiz Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi xodimlari. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, asosiy faoliyati ko‘pchilik biladigan my.gov.uz, ya’ni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini rivojlantirishga mas’ul mutaxassislar Jahongir TOPILDIYeV va Davron AHMEDOV.
– Bugun xalqimizning uzog‘ini yaqin qilgan, ortiqcha harajat va vaqt sarfini tejayotgan faoliyatlaringiz, ya’ni Elektron hukumat (ye-gov) va elektron davlat xizmatlari (my.gov.uz) haqida qisqacha ma’lumot bersangiz. Bu tushunchalarning bir-biridan farqi nimada?
– Elektron hukumat – bu aholi va hukumat o‘rtasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan munosabatlarning zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida amalga oshirilishidir. Shu o‘rinda sizda savol tug‘ilishi mumkin: elektron hukumatning an’anaviy hukumatdan nima farqi bor? – deb, elektron hukumat – bu avvalo shaffoflikni ta’minlaydi. Unda barcha ma’lumotlar raqamlashgan bo‘ladi va navbatlar qisqaradi.
– Xizmatlarning raqamlashtirilishi korrupsiyaning ham oldini oladi, to‘g‘rimi?
– Albatta, davlat xizmatlarining raqamlashuvi qog‘ozbozlik va korrupsiyaning oldini oladi.
– Ayting-chi, my.gov.uz platformasi jami nechta xizmatni o‘z ichiga olgan?
– Hozirgi kunda ushbu portalda 330 dan ziyod xizmatlar aholiga taqdim etilgan bo‘lib, mazkur xizmatlarning 200 dan ortig‘i mutlaqo bepul.
– Ularning qaysilaridan aholi keng foydalanmoqda?
– Asosan jismoniy shaxslar orasida bolani bog‘chaga joylashtirish, kadastr pasportini shakllantirish, elektron raqamli imzo kalitlarini olish va tonirovka xizmatlarimiz juda ommalashgan.
– Yana qanday yangi xizmat turlarini joriy etishni rejalashtirgansiz?
– Shu yaqin kunlar ichida «yerni xususiylashtirish» xizmatimiz ishga tushdi. Bu xizmat avval bizda bo‘lmagan. Buning afzalligi shundaki, bizning xizmatimizdan foydalanib, xususiylashtirilgan uy-joylar hech qachon «snos»ga tushmaydi!
– Sizningcha, odamlar nega davlat xizmatlaridan masofaviy, qulay bo‘lgan usuldan foydalanishga cho‘chishadi?
– Cho‘chishdan ham ko‘ra aholida ishonchsizlik ko‘proq desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz har bir xizmatimiz so‘ngida ularga ma’lumotnoma, guvohnoma yoki sertifikat taqdim etamiz. Ammo odamlar qo‘li bilan olmagan qog‘oziga ishonishmaydi. Bunga sabab esa ba’zi tashkilotlarning elektron tarzda taqdim etilgan ma’lumotnomalarni qabul qilmasligidadir. Aslida esa biz taqdim etgan xujjatlar asl xujjatga tenglashtirilgan bo‘ladi va uni rad etish qonunga ziddir.
– Hozirda ishga joylashayotgan xodimlardan talab qilinadigan barcha ma’lumotnomalarni my.gov.uz portalidan topish mumkinmi?
– Bugungi kunda fuqarolarning ishga joylashishlari uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotnomalarni va hattoki avval ishlagan joylari haqidagi ma’lumotlarni ham my.gov.uz portalidan olishlari mumkin. Qolaversa, hozirda davlat tashkilotlari tomonidan fuqarolardan 30 dan ziyod ma’lumotnomalarni talab qilish bekor qilingan.
– My.gov.uz dan foydalanishni bilish har birimiz uchun muhimligini bilib oldik, ayting-chi, uning aynan yoshlar va keksalar uchun qanday foydali jihatlari bor?
– Bir million dasturchi loyihasida ishtirok etgan va sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarimizga kompyuter sotib olishlari uchun imtiyozli kredit olishda aynan bizning xizmatdan foydalanishlari mumkin. Qolaversa, xalqaro IELTS sertifikatini olish uchun imtihon topshirib, yuqori ball to‘plagan yoshlarimizga ham imtihon xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Bundan tashqari, keksalarimiz ham yoshga doir pensiya ma’lumotlarini aynan bizning xizmatdan foydalanib, uydan chiqmagan holda osongina olishlari mumkin.
Bugungi kunda my.gov.uz portalining oila tarkibini aniqlash bo‘limida nega ba’zilarning oila a’zolari orasida begona shaxslar paydo bo‘lib qolmoqda? Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish va oldini olish uchun portalda qanday ishlar olib borilmoqda? Yaqin kunlarda my.gov.uz aholi uchun misli ko‘rilmagan yana qanday yangiliklarni taqdim etmoqchi? Barcha savollaringizga batafsil YouTube kanalimiz orqali javob olishingiz mumkin!
E’zoza TURG‘UNOVA suhbatlashdi.


Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter