Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Эзоза Тургунова

«Если человек о чем-то искренне мечтает, то вся вселенная поможет ему и воплотит эту мечту в реальность!»

Akmal SOLIHOV: VR sohasida ish boshlashimga Murad Buildings loyihasi sabab bo‘lgan(VIDEO)

Akmal SOLIHOV

1986-yil 28-fevralda tug‘ilgan;

Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlagan;

Virtual Reality formatida o‘yinlar va B2B loyihalarni ishlab chiquvchi «VRonica» kompaniyasi asoschisi;

«GameDev Gyote» nomli O‘zbekistondagi birinchi o‘yinlarni rivojlantirish inkubatori asoschisi;

Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida «O‘yinlarni rivojlantirish» fani o‘qituvchisi;

O‘zbekistondagi bolalar mobil o‘yinlarini ishlab chiquvchi «AmayaSoft» kompaniyasidagi boshqaruvchi hamkori;

Mamlakatning «Startap Initiatives», «Usell Mobile Challange», «Open Data Challange», «IT-Park inkubatsiya va akseleratsiya» kabi ko‘plab yetakchi dasturlarning murabbiy va trekeri;

O‘zbekistonning eng yirik «Spot» onlayn nashrida biznes va startaplarga bag‘ishlangan rukn muallifi.

– Kimyo texnologiya institutini tamomlagan va o‘z vaqtida musiqiy albom ham yozgan va hozirda virtual reallik olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Akmal Solihov aslida kim?

– Men o‘zimni texnologik ijodkor, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki musiqa yozganimda ham, hech qanday musiqiy asboblardan foydalanmay kompyuterda yozardim.

– Aynan kimlar uchun musiqa yozib berardingiz? Mijozlaringiz orasida taniqli shaxslar ham bormi?

– 13 yoshlarimdan kompyuterda musiqa yaratishga qiziqa boshladim. 16 yoshga kelib do‘stlarim bilan uyda kichkinagina studiyada ovoz yozardik. Keyinchalik qo‘shnilarga ham xalaqit qilmaslik uchun alohida studiya ochib ilk biznesimizni boshlaganmiz. Sal oyoqqa turib olgach, kattaroq studiya ochganimizda ilk yozgan qo‘shig‘imiz sobiq «Ummon» guruhining «Sokin tun» ashulasi bo‘lgan. U vaqtlarda Zohid bir o‘zi ijod qilar edi, keyinchalik «Ummon» guruhi paydo bo‘lgan. Ularning ilk albomini ham chiqarganimizdan so‘ng juda ko‘p yoshlar qiziqib kela boshlagan.

2008 yilda Beeline kompaniyasi ilk bor «goodok» xizmatini yo‘lga qo‘ygan. Biz shu xizmatning gudok o‘rniga eshitiladigan hazil versiyalarini yozar edik. O‘sha paytlardayoq menda xonandalar bilan ishlashdan ko‘ra IT olamiga qiziqish ko‘proq edi. Bundan tashqari, o‘sha yili ilk bor mobil o‘yinlarga ovoz yozishni ham boshlaganman. Shundan keyin asta-sekinlik bilan o‘yin yaratish sohasiga kirib ketganman.

– IT texnologiyalariga qiziquvchi ijodkor insonning Kimyo texnologiya institutida o‘qishi o‘z xohishi bilan bo‘lganmi?

– Yo‘q, albatta. Men maktabni bitirgan kezlarim jurnalist bo‘lishga qiziqardim. Hujjat topshirgani borganimda ijodiy imtihon qo‘lda yozilishini eshitib qaytib kelganman. Chunki men yoshligimdan qo‘lda yozishni juda yomon ko‘rganim uchun faqat kompyuterda yozardim. Tanishlarimning tavsiyasi bilan shu institutga kirganman. Ammo afsuslanmayman, chunki ko‘p ijodkorlar orasida o‘zingizni qidirgandan, butkul boshqa soha vakillari orasida yagona ijodkor bo‘lishning ham o‘ziga yarasha gashti bor. Shuningdek, aynan mana shu ta’lim dargohida IT sohasiga bo‘lgan qiziqishim yanada ortgan.

– Ish boshlashdagi qiyinchiliklar qanday bo‘lgan?

– Ishimga nisbatan juda katta qiziqish bo‘lganligi uchun ham u qadar ko‘p qiyinchiliklarga duch kelmaganman. To‘g‘ri, birinchi studiyamni 2006-2007-yillarda ochgan bo‘lsam, 5-6 yil studiyani yurgizish ishlari bilan ancha charchab qolganman. Ammo dunyo bo‘yicha e’tibor qiladigan bo‘lsak, o‘yin yaratuvchilarning aksariyati avval bastakor bo‘lgan. Balki, bu sohalar bir-biriga qandaydir aloqador bo‘lganligi uchun ham qiyinchiliklar unchalik sezilmasa kerak.

– Virtual ryeallik bo‘yicha qilgan ilk ishingizdan ko‘nglingiz to‘lganmi?

– Biz avvaliga VR studiya ochamiz deb sira o‘ylamaganmiz. Dunyo bo‘yicha o‘zimiz yaratgan kompyuter o‘yinlarini sotib, biznes qilamiz, degan maqsadda ishlardik. Lekin ikki yil davomida o‘yin yaratish bilan shug‘ullanib, hech bir natijaga erisha olmagan bo‘lsam-da, tajribam ortgani tufayli O‘zbekistonda 3D o‘yinlar yaratish bo‘yicha yagona mutaxassis edim. O‘sha paytlarda «Murad Buildings» xodimlari bizning studiyamizdan xabar topib, bir loyiha bilan kelishgan va ikki oydan so‘ng taqdimot bo‘lishi kerakligini aytishgan. Bu menga mutlaqo iloji yo‘q narsadek tuyilgan, ammo hech qanday va’da bermayman, deb loyihani qabul qilganman va ilk bor VR shlem sotib olib, virtual reallikdagi ilk ishimizni boshlab yuborganmiz. Juda ko‘p qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, berilgan muddatda loyihani muvaffaqiyatli yakunlaganmiz va bunda, albatta, bizga o‘yin yaratishdagi ikki yillik tajribamiz qo‘l kelgan.

– Ko‘pchilik reklamasiz biznes boshlashni yelkansiz kemada suzishga qiyoslashadi. Ammo siz reklama uchun 1 sent ham sarflamasdan muvaffaqiyatli ish boshlagan ekansiz, buning siri nimada?

– Haqiqatan ham, haligacha biz biror marta ham reklama uchun pul sarflamaganmiz. Chunki bizning sohamizda reklamadan ko‘ra tavsiya va haqiqiy natija muhim ahamiyatga ega. Masalan, «Murad Buildings»ning 3D loyihasini amalga oshirganimizning o‘zi ham bizga reklama sifatida qo‘l kelgan. Chunki u vaqtlarda bunday loyihalar faqatgina chet elda amalga oshirilar edi. To‘g‘ri, bu loyihadan keyin tez ko‘tarilib ketdik, deb ayta olmayman. Hatto reklama berish fikri ham kelgan, ammo bermaganmiz. Uning evaziga pulimizni o‘z ustimizda ishlashga va katta-katta korxonalar bilan hamkorlik tuzishdan avval ularga muvaffaqiyatli loyihalarimizni taqdim etishga sarflaganmiz.

– VR ko‘zoynaklaridan uzoq vaqt foydalanish ko‘z o‘tkirligiga jiddiy zarar yetkazar ekan, kasb kasalligiga chalinishdan qo‘rqmaysizmi?

– Bilasizmi, VR ko‘zoynaklardan foydalanganda oddiy monitorga qaragandan ko‘ra ko‘zingiz dam oladi. Menimcha, u yordamida ko‘z muammolarini davolash kerak. Qolaversa, dasturchilarimiz kuniga uzog‘i 2-3 soatgina bu ko‘zoynaklardan foydalanishadi.

– Kelgusidagi rejalaringiz…

– Kelajakda 3D kino olish niyatim bor. Bu, albatta, O‘zbekistondagi ilk 3D formatdagi film bo‘ladi. O‘zim badiiy filmlardan ko‘ra hujjatli filmlarga ko‘proq qiziqaman. Ammo bizni tomosha qilayotgan ssenariy mualliflari, rejissyorlar orasida tabiiy 3D formatda badiiy film suratga olish istagidagilar bo‘lsa hamkorlikka chorlab qolamiz.

Virtual reallik bo‘yicha o‘z ishining ustasi bo‘lish uchun nima qilish kerak? Qayerda tahsil olish kerak? Hozirgi kunda ularning o‘rtacha daromadi qancha? Akmal Solihov noodatiy magnit kuchiga ega insonmi? Agar sizga bu savollarning javobi qiziq bo‘lsa, intervyuning to‘liq qismini YouTube kanalimizda tomosha qiling!

E’zoza TURG‘UNOVA suhbatlashdi.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети