Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Дурдона Алимова

«Каждая жизненная ситуация заслуживает того, чтобы встречать её с благодарностью».

Neyrotarmoq oq xalat kiydi

Neyrotarmoq oq xalat kiydi

Foto: Aif.ru

Ilmiy-texnik jarayon tez sur’atlardagi taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. Bu turli sohalar qatori tibbiyotda ham o‘zini namoyon etmoqda. Albatta, bedavo dardlarga chora topilganicha yo‘q, lekin tashxislash va davolash ishlariga innovatsion ruh kirib keldi. Sun’iy intellektga asoslangan laboratoriya, DNKni tahrirlash, miya implantatlari, robot jarrohlar shular jumlasidandir.

Axborot asridagi tibbiyot yutuqlaridan biri antibiotiklarning muqobili topilayotgani bo‘ldi. Chunki aslida shifokor tavsiyasi bilan kasallikning yuqori darajasidagina qo‘llaniladigan antibiotiklar oxirgi paytlar aholi tomonidan pala-partish ishlatilishi achinarli hol. Hozirda ommalashayotgan aqlli gadjetlar esa qachon antibiotik zarurligini aniqlashda ko‘maklashmoqda. Bu antibakterial vositalarning huda-behudaga qabul qilinishining oldini olmoqda. Ayniqsa, jarohatlar yuzasini ishlashda antibiotiklarni ichish emas, mahalliy, faqat zararlangan teri ustida qo‘llashda texnika yutuqlaridan foydalanilmoqda. Bunga bakteriofag nomli antibiotikning muqobili orqali yechim topilmoqda.

Texnik vositalar orqali DNK bilan ishlash tibbiyotda yana bir tub burilish yasadi. Masalan, Buyuk Britaniya olimlari hujayralarni 30 yilga yoshartirishga muvaffaq bo‘lishdi. Bunga eski hujayralarni qayta dasturlash orqali erishdilar. Funksiyalarning qayta tiklanishi biologik yosh ko‘rsatkichlarini muvofiqlashtirib berdi.

Miya chiplari tibbiyotda ko‘plab bahslarga sabab bo‘ldi. Ammo sohaga inqilob kiritgan bu ixtironi tan olishga to‘g‘ri keladi. Chunki neyrochiplar miyaning turli kasalliklarida oqilona yechimligicha qolmoqda. Masalan, Alsgeymer va Parkinson kabi xastaliklar hamda falajliklarga ushbu texnologiya bilan kurashish oson. Bu bo‘yicha hozirda Ilon Maskning Neuralink startapi yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, boshqa kichik kompaniyalar ham bu borada o‘zini sinab ko‘rmoqda.

Aqlli qurilmalar, masalan, aqlli soat va smartfonlarning tashxislash vositasiga aylangani o‘tgan yili isbotlarni qalashtirib tashladi. Gadjetlar tana haroratidan tortib qondagi kislorod miqdorigacha aniqlashga o‘tdi. To‘g‘ri, ular tugal xulosani taqdim etolmaydi, ammo beparvo bemorlar uchun vaqtida shifokorga ko‘rinishni ogohlantirgani ham katta gap. Masalan, dushvor dardlardan bo‘lmish saratonni aniqlash uchun aqlli soatning o‘zi kamlik qilar, lekin u taqdim etayotgan salomatlik ko‘rsatkichlarining me’yorda emasligi tibbiy ko‘rikka chorlaydi. Shu jihatdan uni bir sabab deya e’tirof eta olamiz.

2022 yilda neyrotarmoq oq xalat kiydi, deyish mumkin. Chunki sun’iy intellekt sharofatidan ko‘plab tibbiy muolajalar texnikaga yuklatildi. Tashxislashdan tortib jarrohlik amaliyotigacha robot-shifokorlar mehnati bilan muvaffaqiyatli bajarildi. Dunyodagi ko‘plab davlatlar jonlantirish va intensiv terapiya bo‘limlariga neyrotarmoqni olib kirdi. Masalan, Meksika akusher-ginekologiyada sun’iy intellektni qo‘llab, tug‘uruq jarayonining borishi, Kesar kesishni qo‘llash zaruratini aniqlashda maxsus algoritmlarga tayanmoqda.

Binobarin, saratonga qarshi kurashning keyingi bosqichida ham axborot texnologiyalari faol ishtirok etadi. Kompyuter tomografiyasi va ultratovushli elastografiyalar aniq tashxis qo‘yish uchun zarur ekan, demak, kasallik rivojlanishini to‘xtatib turishda texnologik vositalarning o‘rni beqiyos. Chunki onkologiyada vaqtdan yutish juda muhim.

O‘ylaymizki, yurtimiz tibbiyotiga  zamonaviy yutuqlar kiritilar ekan, axborot texnologiyalari ishtirokiga alohida e’tibor qaratish kerak. Birinchi o‘rinda elektron navbatlarni amalda joriy etib, poliklinika va shifoxonalar eshigida kutish ortidan bir dard o‘n bo‘lishining oldi olinsa, maqsadga muvofiq. Ikkinchidan,  uy sharoitida tashxis qo‘yish gadjetlari o‘zbilarmonlik bilan davolanish emas, tibbiy savodxonlikni oshiruvchi omilga aylanishi kerak. Eng asosiysi, O‘zbekiston sharoitida qaysi tibbiy-texnologik gadjetlarga ehtiyoj yuqoriligi va yana qaysilarini qo‘llash unchalik foydali emasligini aniqlashtirib olish lozim. Albatta, teletibbiyot, onlayn konsultatsiya, tibbiy madaniyatni oshiruvchi mahalliy dastur va ilovalarning ko‘paytirilishi ayni muddao.

Yana bir muhim masala – mahalliy darajada ko‘p kuzatiladigan kasalliklar va uni texnologik imkoniyatlar bilan davolashda mualliflik ixtirolarimizga ega bo‘lish. Agar xorijiy kashfiyotlarni o‘zimizga singdirish bilan birga bizning olimlar ham gadjetlar ixtirochisiga aylanishsa, ana shundagina O‘zbekiston tobora rivojlanayotgan axborot texnologiyalari olamining tomoshabini bo‘libgina qolmay, faol ishtirokchisiga aylanadi.

O‘zbekiston tibbiyoti dunyo tamoyillari bilan hamnafas bo‘lishi shart. Jumladan, tez tibbiy yordam xodimlari zarur tibbiy uskunalar qatoridan rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan aqlli gadjetlar ham o‘rin olsa, tashxislash va davolash jarayonlari qulaylashadi.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети