Nega maktablardagi dars soatlarida informatikaga kam o‘rin ajratilgan?
Bugungi kunda axborot texnologiyalarining kelajagi porloqligiga hech qanday isbotning hojati yo‘q. Hamma buni ko‘rib, guvohi bo‘lib va tushunib turibdi. Ota-onalar bolasining «ayti»chi bo‘lishini istayotgan bo‘lsa, yoshlarning o‘zi ham bu sohani ikkilanmay tanlamoqda, yana kimdir bu olamga kirish uchun kasbini o‘zgartirmoqda.
Bilimlar toshga o‘yilgan naqshdek muhrlanmish yoshlik, yanada to‘g‘rirog‘i bolalik davridanoq axborot texnologiyalari bilan do‘st tutunish nur ustiga a’lo nur. Shundog‘am bir yashar bolaning ham qo‘lida telefon-ku, deysizmi? Gap qanday ishlatishga bog‘liq. Kimdir internetda pulni havoga sovuradi, kimdir esa internetdan pul topadi.
Axborot texnologiyalari dunyosida ilm egallash, bu orqali rivojlanishga o‘z hissasini qo‘shish borasida ayni damda nimalar qilinyapti? Masalan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida informatika fani qay darajada o‘qitilyapti?
O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida axborot texnologiyalariga doir birorta fan yo‘q. 5-sinfdan 11-sinfgacha haftasiga 2 marta «Informatika» fani o‘tiladi. Faqat xususiy maktablar o‘z qaroriga ko‘ra «Kompyuter savodxonligi», «Robototexnika» kabi fanlarni kiritganlar. Xususiy maktablarning qamrovi ozligi bois bu oqlov bo‘lolmaydi.
Qo‘shni Qozog‘istonda bu yildan birinchi sinf o‘quvchilarining dars jadvaliga «Raqamli savodxonlik» fani kiritildi. Maktablar dars jadvallarida avvaldan mavjud «Axborot-kommunikatsion texnologiyalar» va «Informatika» fanlaridagi ta’lim berish jarayonini qayta ko‘rib chiqib, o‘quvchilarga dasturlash tilini ko‘proq o‘qitishga kelishib olindi. Yuqori sinf o‘quvchlari IT-startup, sun’iy intellekt, mobil ilovalar yaratish bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘lishi rejalashtirildi. Shuningdek, internetda axborot xavfsizligi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi, mualliflik huquqi kabi masalalarni chuqur singdirish niyatidalar.
Bu borada Rossiya va Belarusdagi ahvol unchalik yaxshi emas. Ushbu mamlakatlarda 1-6-sinflarda «Informatika» fani umuman yo‘q. 7-sinfdan boshlab 11-sinfgacha bu fan haftada atigi 1 martagina o‘tiladi. Holat bir necha marotaba soha mutaxassislari e’tirozi, jurnalistlarning tanqidiga sabab bo‘lgan, lekin o‘zgarish kiritilmadi.
Ukrainada ba’zi maktablarda birinchi, ayrim maktablarda ikkinchi sinfdan axborot texnologiyalari o‘rgatiladi. Demak, boshlang‘ich sinflardanoq o‘quvchilar mazkur ilmdan bahramand bo‘ladilar.
Germaniyada ikkinchi sinfdan «Texnologiya va kommunikatsiya» fani dars jadvaliga kiritilgan. Bunda darslar ancha yengil o‘tilib, asosan virtual va real olam o‘rtasidagi farq tushuntiriladi. 3-6-sinflardan o‘quvchilar murakkab IT loyihalarni o‘rganishga o‘tishadi. 7-10-sinflarda dasturlash tili chuqur o‘rgatiladi. Qarabsizki, maktab bitiruvchisi tayyor mutaxassis bo‘lib chiqadi.
Finlyandiya, Avstraliya, Angliyada birinchi sinfdanoq axborot texnologiyalariga oid fan kiritilgan. 7-9-sinflarda ushbu dars soatlari ko‘paytiriladi.
Amerikada fanlarni o‘quvchilarning o‘zi tanlash tamoyili bor. Lekin yuqori sinflarga kompyuter grafikasi, veb-dizayn, informatika, robototexnika fanlari o‘tilmay qolmaydi.
Janubiy Koreyada «Informatika» fakultativ fanlar qatoriga kiritilgan va u o‘rta ta’lim maktablarining barcha sinflarida majburiy tartibda o‘qitiladi. Sinf yuqorilagan sari soatlar oshiriladi va mavzular murakkablashadi.
Ko‘rib turganingizdek, axborot texnologiyalari sabog‘ini boshlang‘ich sinfdan berish rivojlangan davlatlar tajribasida kuzatilgan va o‘zini oqlagan amaliyotdir.
Afsuski, bugungi kunda maktablarimiz bilim o‘chog‘i bo‘lolmayapti. Maktabni bitirgach, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun repetitorlarga qatnashga to‘g‘ri kelayotgani sir emas. Shu kabi axborot texnologiyalariga qiziqqan o‘quvchiga haftada ikki marotaba nari-beri o‘tiladigan «Informatika» fani yetarli bo‘lmayapti va qo‘shimcha kurslarda sarson bo‘lib yuribdi. Boz ustiga ota-ona uchun ham ortiqcha xarajat.
Albatta, dars soatlarini ko‘paytirish bilangina ish bitmaydi. «Informatika» fani har kuni o‘tilsa-yu, malakasiz o‘qituvchi saboq bersa, texnik vositalar yetishmasa, kompyuterlar «Tegma, buzasan» buyrug‘i bilan ko‘rgazmada tursa – foyda yo‘q.
Oldin ingliz tili ham umumta’lim maktablarida 5-sinfdan o‘rgatilardi, keyin zamon talabi inobatga olinib, 1-sinf dars jadvaliga kiritildi. Axborot texnologiyalarining dolzarbligi oshib borayotgan ekan, demak, maktab dasturlarida shunga muvofiq o‘zgartirishlar kiritish davri keldi.
Balki, kimdir «Endi o‘qish-yozishni o‘rganayotgan bolakayga «ayti»ni o‘rganish ortiqchalik qiladi» yoki «Texnika xavfsizligi masalasi bor-ku» qabilida fikrlar. Bu noto‘g‘ri. Birinchidan, hozirda bolalar nafaqat maktab, balki bog‘cha yoshidanoq gadjetlarni ishlata olmoqda. Ular raqamli savodxonlikka tayyor. Yangi fan bolalar yoshiga moslashtirilgan holda o‘tiladi. Dars qiziqarli ma’lumotlar va o‘yinlar tarzida o‘tilib, ortiqcha bosimning oldi olinadi. Ikkinchidan, endi maktabga qadam qo‘ygan o‘quvchiga texnika shundoqligicha tutqazib qo‘yilmaydi, balki undan foydalanish, texnika xavfsizligiga rioya etish asta-sekin o‘rgatiladi.
Binobarin, shundagina yoshlarning bilim bilan to‘yingan ongi yot g‘oyalarga yopiq bo‘ladi, bolalikdanoq oq va qorani ajratishni o‘rganadi. Ertaga ularni internet va ommaviy madaniyatning salbiy oqibatlaridan davolashga ehtiyoj qolmaydi. Chunki u allaqachon axborot texnologiyalaridan ko‘ngilxushlik va maynavozchilik uchun emas, qulay hayot va yuqori daromadga yetaklaydigan yo‘l ekanini tushunib yetgan bo‘ladi.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter