Ikkinchi bor sharmanda bo‘lmaslik uchun 10 million so‘m?!
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashovchi 20 yashar qiz Sh.A. ichki ishlarga arz qildi. Aytishicha, noma’lum shaxs unga qo‘ng‘iroq orqali tahdid qilgan.
Tekshiruvlardan so‘ng bu ayni tumanda yashovchi 22 yoshli yigit B.H.ning qilmishi ekanligi aniqlandi. Yigitning qo‘lida qizning boshqalarga ko‘rsatib bo‘lmaydigan behayo foto va videotasvirlari bo‘lgan... Ularni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yubormaslik uchun u qizdan 10 million so‘m talab qilgan. Tezkor tadbirlar davomida B.H. kelishilgan pullarni olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Qo‘lga olingan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ishi qo‘zg‘atilgan. Qonunda bunday jinoiy harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Qiziq, 20 yashar qizning shaxsiy ma’lumotlari, boz ustiga ko‘zdan nari bo‘lishi kerak bo‘lgan uyatsiz foto va videolari qanday qilib begonaning qo‘liga tushib qoldi? Nega u bunday tasvirlarga tushish, ularni saqlash va jo‘natishni o‘ziga ep ko‘rdi? Axir oqibatda bir firibgarning tuzog‘iga ilindi-ku.
Qilmish — qidirmish. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Nomaqbullik, sharmandalik, baribir, kun kelib ochiladi. Ko‘proq bosh devorga borib tekkanida oshkor bo‘lib qoladi. Hozirgi vaziyatda ham xuddi shunday bo‘lgan. Firibgarlikni taftish etish nomaqbul harakatni ham ochiqlab qo‘ygan.
Bundan oldin ham shunga o‘xshash voqea haqida xabar bergan edik. Bir erkak o‘zini ayol sifatida tanishtirib, pul evaziga intim xizmat taklif qilgan. Oldindan kartasiga 500 ming so‘m pul o‘tkazdirib olgach, g‘oyib bo‘lgan. So‘ng “mijoz” havoga sovurilgan pullarini qaytarish ilinjida ichki ishlarga murojaat qilyapti. Albatta, jinoyatchi qilmishiga yarasha javob oladi. Ammo unga sharoit yaratib bergan, duch kelgan ayol bilan aloqa qilish ishtiyoqidagi erkakning ishi ham buzuqlikdan boshqa narsa emas.
Nazarimizda, bunday jinoyatlar aniqlangach, firibgarga qonuniy jazo tayinlanishi bilan bir qatorda uning qopqoniga ilinganlar bilan ham axloqiy tuzatish, tushuntirish ishlarini olib borish lozim. Har kim o‘ziga to‘g‘ri bo‘lsa, qo‘shnisini o‘g‘ri tutib yurmaydi.
Uyat — o‘limdan qattiq. Bir marta sharmandalikdan ruhan o‘lgan odam ikkinchi bor sharmanda bo‘lmaslik uchun pul tikib yurishi ikki karra uyatga qolishdir. Ma’naviy bo‘shliq mana shunday muammolarni yasashidan ota-onalar tarbiya bo‘yicha tegishli saboq chiqarishlari uchun yetarlidir.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter