Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Raqamli texnologiyalar vazirligi Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasida o‘z innovatsion loyihalari bilan qatnashmoqda

Raqamli texnologiyalar vazirligi Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasida o‘z innovatsion loyihalari bilan qatnashmoqda

Joriy yilning 10-13-dekabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da bo‘lib o‘tayotgan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish, yirik sanoat tashkilotlari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan muhim tadbirlardan biri hisoblanadi. 

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi ko‘magida tashkil etilib, sanoat sohasining innovatsion yechimlari va yangi texnologiyalari namoyish qilinmoqda.

Bu yil yarmarkada 4 627 dan ortiq korxonalar qatnashib, 6 mingdan ko‘proq turdagi mahsulotni namoyish etilmoqda. Ushbu mahsulotlar sanoatning mashinasozlikdan tortib to‘qimachilikgacha, kimyo sanoatidan elektronika mahsulotlarigacha bo‘lgan turli sohalarini qamrab oladi. 

Raqamli texnologiyalar vazirligi ushbu yarmarkada o‘zining maxsus stendi bilan qatnashib, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni taqdim etmoqda. Vazirlik stendida iqtisodiy samaradorlikni oshirish va operatsion xarajatlarni qisqartirishga qaratilgan 13 ta innovatsion loyiha namoyish etilmoqda. Ushbu loyihalar sun’iy intellekt, katta ma’lumotlarni boshqarish, biznesni raqamlashtirish kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olib, 100 foiz mahalliy ishlanmalar asosida yaratilgan.

Yarmarkada namoyish etilayotgan MyID Vision va MyID Palm kabi biometrik identifikatsiya tizimlari yuz va kaft tomirlarini aniqlash orqali xavfsizlikni ta’minlab, bugungi kunda 11 milliondan ortiq foydalanuvchi va 100 dan ziyod tashkilotlarda qo‘llanilmoqda. Hozirda tizimni qo‘shni mamlakatlar, xususan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bozorlariga chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Cradle Vision loyihasi esa real vaqt rejimida ob’yekt va shaxslarni aniqlash, mijoz oqimlarini tahlil qilish hamda biznes jarayonlarini avtomatlashtirishga yordam beradi.

Shuningdek, “Uzsuvta’minot” uchun ishlab chiqilgan billing tizimi iste’molchilar va tashkilotlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni optimallashtirib, vaqtni 30 foizga qisqartirish va xarajatlarni 25 foizga kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Billz tizimi savdo va kichik biznes uchun avtomatik hisob-kitob imkoniyatini yaratib, bugungi kunda 3 mingdan ortiq do‘konlarda muvaffaqiyatli joriy etilgan va mintaqaviy bozorlarga eksport qilinmoqda.

Bundan tashqari, “ARKON” platformasi savdo, ta’lim va ko‘rgazmalar sohalarida qo‘llaniladigan interaktiv visualizatsiyalarni taqdim etib, iqtisodiy samaradorlikni oshirishga yordam beradi. 

Raqamli texnologiyalar vazirligi ushbu yarmarkada sanoat korxonalari uchun innovatsion yechimlarni joriy etish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muloqotlar olib bormoqda. 

Ta’kidlash lozimki, yarmarka nafaqat yirik sanoat tashkilotlari, balki kichik va o‘rta biznes sub’yektlari uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu jarayonda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan taqdim etilgan loyihalar sanoat va texnologiya integratsiyasini kuchaytirish, shuningdek, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring