Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kiberzaifliklarning 81 foizi — yuqori darajali xavf toifasiga tegishli

Kiberzaifliklarning 81 foizi — yuqori darajali xavf toifasiga tegishli

Foto: “Cyber park”

Bugun, 11-avgust kuni Toshkent shahridagi INHA universitetida “Kiberxavfsizlik markazi” DUK va “Cyber park” hamkorligida kibermakondagi tahdidlarga qarshi kurashishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda qator vazirliklar, idora va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlaridan mutaxassislar, axborot texnologiyalari bo‘yicha ekspertlar, “Cyber park” rezidentlari, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda “Cyber park” rezidentlari — “Onesec”, “Baik technologies”, “Softline education”, “Universoft-IT”, “Cyber-bro” kabi kompaniyalar vakillari axborot va kiberxavfsizlik mavzularida taqdimot qildilar.

Ekspertlar va “Cyber park” rezidentlari tomonidan kiberhujumlarga qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalari, internet orqali sodir etilayotgan qonunbuzilishlarning oldini olish, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash, axborot texnologiyalaridan foydalanib amalga oshirilgan jinoyatlarni kriminalistik tadqiq etish, fosh etish va tergov qilishning o‘ziga xos xususiyatlari, kiberxavfsizlikni ta’minlashda davlat idoralari va xususiy sektorlar hamkorligini muvofiqlashtirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Ma’lumot uchun: “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan 2023-yilning 1-yarmida O‘zbekistondagi davlat idoralarining 81 ta rasmiy veb-resursi amaldagi axborot va kiberxavfsizlik talablariga javob berishi darajasini aniqlash bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilgan. Mazkur resurslarda jami 316 ta turli xavf toifalariga oid kiberxavfsizlik zaifliklari aniqlangan: zaifliklarning 81 foizi (255 tasi) yuqori darajali xavf toifasiga tegishli. Ushbu holat, ya’ni veb-resurslarni egallash va ularga ruxsatsiz kirishga urinish holatlarining ortishi veb-resurslarda kiberxavsizlik tamoyillarini izchil tatbiq etishni talab etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring