Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktab, ota-ona va mahalla o‘rtasida elektron muloqot yo‘lga qo‘yiladi

Maktab, ota-ona va mahalla o‘rtasida elektron muloqot yo‘lga qo‘yiladi

Foto: Google

Bugun, 5-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet” yaratish bo‘yicha tizim qilish zarurligi ta’kidlandi.

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va kasbga yo‘naltirish, tarbiyasi va o‘qishida muammo bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan birga ishlab, muammolarni yechishga qaratilgan aniq choralarni ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Mahalla raislari har oy maktablarda ota-onalar bilan uchrashib, mahalla va maktabdagi muhitni muhokama qilishi maqsadga muvofiq ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Maktablarda taniqli shoir va yozuvchilar, sportchilar, faxriylar, jamiyatda obro‘ga ega insonlar bilan uchrashuvlarni ko‘paytirish lozimligi aytildi.

Bolalar tarbiyasini yaxshilashga, ota-onalar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan milliy kontentni mahalla va ta’lim muassasalariga yetkazib turish topshirildi.

Mutasaddilarga “maktab – ota-ona – mahalla” zanjiri asosida elektron muloqot platformasini ishga tushirish topshirildi.

Yoshlar o‘rtasida ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarni tahlil qilib, ularning zararli ta’siridan himoyalash va ijobiy tomonidan foydalanish bo‘yicha ota-onalar va o‘quvchilarga sodda tilda qo‘llanmalar yaratish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, maktabga moslashish va kitobni sevishga o‘rgatish, yaxshi xulqli bo‘lish, atrofidagilar bilan muloqot qilishni o‘rganish va bilim olishga kuchli ishtiyoqni shakllantirish, kasb tanlash, jamiyatga moslashish, katta hayotga qadam qo‘yishda farzandlarga qanday yo‘l-yo‘riq berish zarur, degan savollar yuzasidan ota-onalar uchun xalqchil tilda materiallar tayyorlanadi.

“Yuqorida aytilgan tashabbuslar amaliyotda yo‘lga qo‘yilsa, ota-onada mas’uliyat, o‘qituvchida majburiyat, o‘quvchida ishonch, ta’lim va tarbiyada sifat, mahallada esa nazorat bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring