Honor Magic6 va Magic6 Pro flagmanlari taqdim etildi: 180 Mp periskop-kameradan yo‘ldoshli aloqagacha (foto)
Honor kompaniyasi Magic6 flagman smartfonlari turkumini (Magic6 va Magic6 Pro) taqdim etdi.
Honor Magic6 va Magic6 Pro smartfonlarida 6,8-dyuymli, chetlari qavariq, 2800 × 1264 pikselli OLED-displeylar o‘rnatilgan. Ekranlar 1 Gs dan 120 Gs gacha dinamik yangilanish chastotasiga ega bo‘lib, yorqinligi avtomatik rejimda 1800 kd/m2, HDR-kontent ishlatilganida 5000 kd/m2 gacha.


Har ikki smartfonda selfi-kamera avtofokusli 50 Mp sensordan iborat bo‘lib, soniyasiga 30 kadrli 4K-video olish imkonini beradi. Magic6 Proda yuzga qarab smartfonni qulfdan chiqarish uchun qo‘shimcha ToF-sensor o‘rnatilgan.

Magic6 Pro ort kameralar majmuasi: asosiy sensor — 50 Mp, OmniVision OVH9000, optik stabilizatsiya, lazerli avtofokus, o‘zgaruvchi diafragmali (f/1,4–2,0) ob’yektiv; 180 Mp sensorli periskopik teleob’yektivli modul (f/2.6), optik stabilizatsiya, 2,5 baravar optik va 100 baravar raqamli zum (kattalashtirgich); kengformatli tasvirlar uchun avtofokusli va f/2.0 optikali 50 Mp sensor.
Magic6 Pro asosiy kamerasida soniyasiga 60 kadrli 4K hamda soniyasiga 240 kadrli 1080p videolar tasvirga olish mumkin.

Magic6 ort kameralar majmuasi: asosiy sensor — 50 Mp; teleob’yektiv — 32 Mp; kengformatli tasvirlar uchun 50 Mp sensor.
Magic6da ham xuddi Magic6 Prodagi kabi asosiy kamerada soniyasiga 60 kadrli 4K hamda soniyasiga 240 kadrli 1080p videolar tasvirga olish ko‘zda tutilgan.

Har ikki smartfon MagicOS 8.0 qobiqli Android 14 operatsion tizimida ishlaydi. Smartfonlarda 12 yoki 16 Gb operativ xotira o‘rnatilgan. Magic6 512 Gb gacha, Magic6 Pro 1 Tb gacha ichki xotiraga ega.

Honor Magic6 5450 mAs sig‘imli batareyaga ega, tezkor quvvatlash texnologiyasi: simli — 66 Vt, simsiz — 50 Vt. Honor Magic6 Pro 5600 mAs sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlangan, tezkor quvvatlash texnologiyasi: simli — 80 Vt, simsiz — 66 Vt.
Ikkala smartfonda ham Wi-Fi 7 va Bluetooth 5.3 texnologiyasi qo‘llanilgan.
Magic6 Proning o‘zgacha xususiyati — ikki tomonlama yo‘ldoshli aloqani qo‘llaydi, nafaqat SMS yo‘llash, qo‘ng‘iroq qilib gaplashish ham mumkin. Smartfonlarda boshqa texnikalarni boshqarish uchun infraqizil port (IK-port) mavjud, telefonlar IP68 standartidagi (chang va suvdan) himoyaga ega.

Honor Magic6 va Magic6 Pro smartfonlari qora, yashil, ko‘k, binafsharang va oq korpuslarda chiqariladi.
Narxi (Xitoyda):
Magic6
- 12/256 Gb — $620;
- 16/512 Gb — $696
Magic6 Pro
- 12/256 Gb — $793;
- 16 Gb/1 Tb — $933
Smartfonlar 18-yanvardan Xitoyda sotuvga chiqadi. Global savdolar haqida keyinroq xabar berilishi aytilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter