Bizning bolalarimiz ham “Nyuton bilan virtual reallashtirish jarayonlari”ga real guvoh bo‘lish huquqiga ega

Yaqin bir necha yillar ichida “raqamli” so‘zi dunyo tillari lug‘atida eng ko‘p qo‘llanilgan so‘z desak aslo mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ushbu terminning kelib chiqishi XV asrga borib taqaladi va oldinda yana necha asrlik “raqamli kelajak” kutayotgani bizga qorong‘u.
Ta’lim sohasida raqamli texnologiyalarning ishtiroki juda uzoq tarixga ega emas. Xususan, 1950-yillardan Amerika sinfxonalarida proyektorlar va televizor bilan jihozlangan sinfxonalar tashkil etila boshlangan. Hatto internet ixtiro qilinmasidan avval Illinoys universiteti (AQSh) ustozlari tarmoqqa ulangan kompyuterlar orqali onlayn ma’ruza o‘qishgan ekan. 1984-yilda esa Toronto universiteti (Kanada)da to‘liq onlayn kurslar taklif qilingan, Feniks universiteti (AQSh) esa dunyoda birinchi bo‘lib ham bakalavr, ham magistrlik darajasi uchun onlayn darslarni yo‘lga qo‘ygan oliygoh deb topilgan. 2019-yilga kelib, keng ko‘lamli virtual darslarning joriy qilinishidan so‘ng, bugun raqamli ta’lim nafaqat o‘quvchilarning ixtiyoriy tanlovi, balki onlayn o‘qitish bozorining katta moliyaviy poydevoriga aylandi.
Texnoasrning raqamli ta’lim (yoki virtual/onlayn ta’lim) degan tushunchasi bugun ta’limga oid platformalar, onlayn darslar, ta’limiy dasturlar va katta axborot algoritmlarini anglatadi. Okeanorti olimlari bu tushuncha ma’nosini yanada kengaytirib, virtual reallik asosida sinfxonalarga kirib borish mumkinligi ustida ish olib borishmoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, inson miyasi o‘qish orqali 10 foiz, eshitish orqali 20 foiz va tajriba qilib ko‘rish orqali 90 foiz ma’lumotni eslab qolar ekan. Virtual reallik aynan tajriba qilib ko‘rish imkoniyatini berish mumkin bo‘lgan katta ta’limiy ixtiro sifatida ko‘rilmoqda. Tortishish qonunini o‘rganayotgan bolajonlar Nyuton bilan birga ushbu fizik hodisani tajriba qilib ko‘rishlari kitobdagi kichik illyustratsiyalardan ko‘ra ko‘proq ta’sir ahamiyatiga ega. Vaholanki, bu nafaqat tarix darslarining ideal shaklda o‘tilishi, balki Harvard professorining o‘z stulidan qimirlamasdan talabalar bilan real muloqot qilishini ta’minlaydi (Zoom platformalaridagi darslar nazarda tutilmagan).
Raqamli ta’limdan ko‘zlangan eng katta maqsad insoniyat uchun dastlabki ehtiyoj hisoblangan yozish, o‘qish va fikrlash qobiliyatlarini shakllantirishni osonlashtirishdan iborat. Uzoq hududlarda istiqomat qiluvchi yoki ta’lim olish uchun qurbi yetmagan oila farzandlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu ta’lim rejasi rivojlangan davlatlar olimlari tomonidan ishlab chiqilishda davom etmoqda. Onlayn o‘qitish bozorining yillik foydasi 187,87 million AQSh dollarini tashkil qilib, bu natija yaqin olti yil ichida raqamli ta’limdagi o‘sish 400 foiz balandlaganini ko‘rsatadi. Raqamli ta’lim dasturlarining eng chaqqon xaridorlari esa Afrika, Hindiston va Xitoy aholisi hisoblanadi.
Mamlakatimizda ham ushbu sohani rivojlantirish yo‘lida bir qancha tizimli va rejali ishlar boshlangan. Masalan, eng huquqiy tomoniga nazar solsak, O‘zbekiston prezidentining “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020-yildagi farmoniga asosan, elektron hukumat tizimini takomillashtirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining mahalliy bozorini yanada rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida IT Park filiallarini tashkil etish, shuningdek, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashni ko‘zda tutuvchi 220 dan ortiq ustuvor loyihalarni amalga oshirish boshlab yuborilgan. Ushbu farmon doirasida “Bir million dasturchi” loyihasini tashkil qilish va raqamli ta’limni rivojlantirish yo‘lida axborot xavfsizligini ham ta’minlashga oid loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, prezidentning 2023-yil 24-maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 162-sonli qaroriga muvofiq raqamli ta’lim resurslarini tashkil qilish eng dastlabki missiya ekanligini ta’kidlash o‘rinlidir.
Raqamli ta’lim loyihasini ishlab chiqish va uni keng miqyosda yo‘lga qo‘yishda raqamli ta’lim resurslarini tashkil qilish birlamchi masaladir. YouTube, Udemy, Khan Academy, Coursera va shu kabi boshqa platforma hamda veb-saytlar bugun onlayn ta’limning eng ko‘p tashrif buyuruvchi foydalanuvchilariga ega ta’lim resurslari hisoblanadi. Raqamli ta’limning yana bir o‘ziga xos jihati — vaqt va masofa masalasini chetlab o‘ta olishidir. Ya’ni, istalgan foydalanuvchi yuqoridagi platformalarda ro‘yxatdan o‘tib, dars boshlashi, istalgan vaqtda kursni davom ettirishi va dunyoning istalgan burchagidan aloqaga kirishishi mumkin. Ta’limning ushbu turi turfa xil dunyoqarash va savodxonlik darajasiga ega individuallar bilan ishlay olishi, turli yondashuvlar taklif qila olishi bilan yana bir e’tirofga sazovor bo‘lgan.
Aynan shu imkoniyatlarni mamlakatimizda ham ishlab chiqish va uni o‘z ta’lim bozorimizda targ‘ib qilish uchun yetarlicha huquqiy asoslar hamda moliyaviy qulayliklar mavjud. Asosiy masala esa ijtimoiy jamiyatda ulardan qay darajada faol foydalanishimiz, shu bilan birgalikda raqamli dunyoning keyingi rejalarini qanchalik tez qabul qilishimiz va moslashishimizdadir. Zero, bizning bolalarimiz ham “Nyuton bilan bo‘ladigan virtual reallashtirish jarayonlari”ga reallik asosida guvoh bo‘lish huquqiga ega.
Mirlaziz Akbarov,
Parkent tumanidagi 2-sonli kasb-hunar maktabi
informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter