Elektromobillardan hafsalasi pir bo‘lgan Mercedes-Benz benzinga qaytmoqda
Mercedes-Benz avtomobillarni elektrlashtirish rejalarini besh yil ortga surdi (kechiktirdi) va investorlarga ichki yonuv dvigatelli modellarini takomillashtirishda davom etishga va’da berdi. Ushbu qaror elektromobillarga talab kutilganidan past bo‘lgani bilan izohlanmoqda.
Shu tariqa kompaniya global savdoga chiqarayotgan elektromobillari, jumladan gibridlarining jami mashinalaridagi ulushini 50 foizga yetkazish rejasini 2025-yildan 2030-yilga surdi.
Avtomobilsozlar va yetkazib beruvchilar hamon asosiy e’tiborni elektromobillarga qaratishmoqda, oqibatda ushbu sohaga kirib kelayotgan sarmoyalar va texnologiyalar real talabdan oshib ketdi, o‘z navbatida avtokorxonalar ishlab chiqarish rejalarini o‘zgartirishga majbur bo‘lishyapti.
Mercedes-Benz bosh direktori Ola Kelleniusning fikricha, hatto Yevropada ham 2030-yilga borib elektromobillar yangi mashinalar bozorini 100 foiz egallay olmaydi, negaki, batareyalardan quvvatlanuvchi avtomobillarning ulushi hozir atigi 11 foizni (gibridlar ham qo‘shilsa 19 foizni) tashkil etmoqda.
“2027-yilda biz deyarli to‘liq yangilangan avtomobillar liniyasiga ega bo‘lamiz va ular bilan 2030 yilgacha yetib boramiz”, — dedi Kellenius.
Kompaniya elektrlashgan avtomobillar (gibridlar bilan birga) savdo ulushi jami chiqarilayotgan avtomobillarga nisbatan 19-21 foiz atrofida saqlanib qolishini kutmoqda.
Iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi, ta’minot zanjiridagi uzilishlar, Xitoy, AQSh va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-sotiqdagi ziddiyatlar ham Mercedes-Benz kompaniyasining 2024-yilda avtomobillar va furgonlar savdosidan tushumlar kamayishi haqida to‘xtamga kelishiga sababchi bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter