Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2024-yilda hayotimizni o‘zgartiruvchi 10 texnologiya — MIT tahlili

2024-yilda hayotimizni o‘zgartiruvchi 10 texnologiya — MIT tahlili

Foto: MIT Technology Review

Massachusets texnologiya institutining MIT Technology Review jurnali 2024-yilda inson hayoti va faoliyatini eng ko‘p o‘zgartirishi kutilayotgan muhim texnologiyalar ro‘yxatini (top-10) tuzdi. Bunga ishonsak bo‘ladi. MIT olimlarining o‘zlari ham ko‘plab ilg‘or ilmiy tadqiqotlarga mukkasi bilan sho‘ng‘ishgan, ayrim sohalarda balki yetakchi emasdirlar, ammo ortda ham qolishayotgani yo‘q.

Hamma narsa uchun sun’iy intellekt — bu ro‘yxatda birinchi! Milliardlab odamlar ChatGPT bilan tanishishdan tashqari, yana ko‘plab katta til modellari va o‘nlab maxsus neyrotarmoqlarda ishlashni o‘rganib olishdi. Bir yilning nari-berisida sun’iy intellekt dunyoni o‘zgartirib yubordi, axborot makoni maslahatgo‘y, matnlar yozuvchi, rasmlar chizuvchi, videolar yasovchi aqlli yordamchilarga to‘lib ketdi. Shak-shubhasiz, sun’iy intellekt va unga asoslangan ishlanmalarga qizg‘in qiziqish, bu texnologiyalarning shiddat bilan rivojlanishi 2024-yilda ham davom etadi.

Yuqori samarali quyosh fotoelementlarini MIT mutaxassislari muhim texnologiyalar ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa joylashtirishdi. Quyosh energiyasi muhim energomanbalar qatoriga kirdi, hatto ayrim mintaqalarda qazilma energiyasiga raqobatchi o‘laroq ko‘rilmoqda, masalan, Xitoy energetikasidagi ulushi 50 foizdan oshdi. Uning birgina kamchiligi — foydali ish koeffitsiyenti edi. Hozir quyosh panellarining samaradorligi 20 foiz atrofida. MIT mutaxassislari 2024-yilda perovskitli fotoelementlar keng tarqalishni boshlashi va tijoriy quyosh panellarining samaradorligini keskin oshirishiga ishonishmoqda.

2024-yilning ilg‘or texnologiyalari orasida uchinchi o‘rin Apple Vision Pro garniturasiga berildi. 3 500 dollarga narxlangan qurilma 2-fevraldan keng sotuvga chiqadi. Hozirgacha aralash reallik garniturasini urfga kiritishga urinishlar o‘zini oqlamagan (Mark Sukerbergning Oculus VR shlemlarini eslang). Bu safar qanday: qurilma qo‘lma-qo‘l bo‘ladimi yoki unutilishga mahkummi — tez orada bilib olamiz. Apple ko‘p va’dalarni beryapti. Ammo pishiq dasturiy ta’minot, ko‘p va xo‘b ilovalarsiz garnituraning o‘zi — bir pulga qimmat, vaholanki, narxi osmonda — hammaning ham “qo‘li yetmaydi”.

Aholining salomatligini yaxshilashga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi ishlanmalar to‘rtinchi qatordan joy oldi. Bular — semirishdan xalos etuvchi dori-darmonlar.  Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda ortiqcha vaznlilar ko‘payib borayotganini epidemiya deya ta’rifladi. Mounjaro va Wegovy singari yangi dorilar ushbu “kasallik”ka qarshi yaxshi samara berdi. Qolaversa, yangi dorilarning yon ta’sirlari ham foydali ekanligi — yurak xuruji va insultlardan himoyalashi aytilmoqda. Shularga o‘xshash yana boshqa dorilar ham paydo bo‘lmoqdaki, bu juda ko‘p odamlar qamrab olinishi va kasalliklardan xalos bo‘lishiga umid uyg‘otadi.

Geotermal energiyalardan foydalanish bo‘yicha yangi texnologiyalar — beshinchi o‘rinda. Yer bag‘ridan chiqayotgan issiqlikdan foydalanish boshlanganiga ancha yillar bo‘ldi, biroq chinakamiga samarali texnologiyalar va usullar paydo bo‘layotgani bu sohaning ochilmagan qo‘riq ekanini anglatadi. Burg‘ilash va quvurlar yotqizishning yanada murakkab usullari ilgari ilojsiz hisoblanmagan Yerning chuqur qa’ridan ham energiya va issiqlik olish imkonini beradi.

Chiplet (mitti integral sxema)lar ham 2024-yilning eng umidbaxsh texnologiyalari ro‘yxatiga kiritildi. Bir nechta kichik kristalldan katta chip va protsessorlar yig‘ish texnologiyalari paydo bo‘ldi. Bu esa nisbatan oddiy vositalar yordamida protsessorlar funksiyalarini oshirish va Mur qonunining ishlashda davom etishiga zamin yaratadi. Yaqin kelajakda yanada kuchli va murakkab ishlanmalar yaratishning yagona yo‘li — chipletlar bo‘lib qolmoqda.

Yettinchi o‘rinda — genlarni tahrirlash orqali “dorilar” ishlab chiqarish. 2023 yakuniga kelib bu toifa dorilarni odamlarda to‘liq hajmda qo‘llashga ruxsat berildi. Inqilobni o‘z “genetik qaychilari”dan o‘roqsimon-hujayrali anemiya va transfuzion-qaram beta-talassemiyani davolashga ruxsat olgan Vertex kompaniyasi boshlab berdi. Texnologiya samarali ekanini isbotladi, endi boshqalar ham yangi sohaga kirib kelishni boshlaydi.

Ilg‘or texnologiyalar ro‘yxatiga superkompyuterlarni masshtablashtirishni davom ettirish ham kirdi. Zamonaviy tizimlarning energiya sarfi shunchalik yuqori va boshqarilishi murakkabki, kelgusi masshtablashtirish — bir qarashda amalga oshirib bo‘lmas vazifadek edi. Ammo superkompyuterlar eksaflopsli dovonni ham zabt etib, iqlimiy, yadroviy reaksiyalar va boshqa ko‘plab jarayonlarni modellashtirish yanada tezroq, ammo kamxarj yuz berajak kelajakka yuzlanmoqda.

Insoniyatga qulaylik yaratib, ekologiyani asrovchi issiqlik nasoslari amaldagi yilning muhim texnologiyalari ro‘yxatida to‘qqizinchi o‘rinda e’tirof etildi. Bu nasoslar — konditsionerlarni eslatadi, faqat ishlash tamoyili boshqacha. Elektr tokida ishlovchi issiqlik nasoslari hatto qahraton sovuqda ham juda kam energiya hisobiga xonalarni isitib beradi. Issiqlik nasoslari jahonda urfga kirib boryapti, AQShda ommalashish bobida birinchi marta gaz pechlarini ortda qoldirdi. Germaniyada o‘tgan yili qabul qilingan qonun bilan har bir yangi qurilayotgan uy elektr tokida ishlovchi issiqlik nasosida isitilishi majburiyati belgilandi.

Va nihoyat, 2024-yilda siz va bizning hayotimiz va faoliyatimizga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi kutilayotgan muhim omillar qatoriga MIT vakillari X (sobiq Twitter)ga raqobatchi ko‘plab ijtimoiy tarmoqlarning paydo bo‘lishi ehtimolini kiritishdi. Mutaxassislarga ko‘ra, bu ijtimoiy tarmoqni sotib olgan Ilon Mask o‘zini despot sifatida namoyon etib, foydalanuvchilar va reklama beruvchilarni cho‘chitib yubordi. Shu bois ushbu tarmoq ijtimoiy tarmoqlar olamida egallab turgan markaziy o‘rin amalda yakson bo‘ldi va uning o‘rniga ko‘z tikayotgan ko‘plab “qotillar” paydo bo‘lmoqda, xususan, ular orasida o‘z foydalanuvchilari sonini ko‘paytirib borayotgan Bluesky va Threads singari tarmoqlar bor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring