Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamli transformatsiya biznesning rivojlanishiga qanday yordam bermoqda?

Raqamli transformatsiya biznesning rivojlanishiga qanday yordam bermoqda?

Foto: «fa.ru»

Bugungi dunyo biznesda tub o‘zgarishlarni talab qilmoqda. Kecha talabga ega bo‘lgan va ishlagan narsa bugungi kunda ahamiyatsiz bo‘lib qolmoqda. To‘yingan bozor, yuqori raqobat, mijozlar talablari biznesning raqamli transformatsiyasiga bo‘lgan zaruratining ba’zi sabablaridan hisoblanadi. Yangi texnologiyalarni joriy etish bugun kirib kelayotgan kelajakka qadamdir.

Raqamli transformatsiya nima?

Raqamli transformatsiya — bu kompaniyaning biznes jarayonlariga yangi texnologiyalarni joriy etish usuli bo‘lib, unda raqamli texnologiyalaridan biznes faoliyatini o‘zgartirish va yaxshilash uchun foydalaniladi. Buning hisobiga uning miqyosi kengayib, yanada samarali va daromadliroq bo‘ladi.

Biznesning raqamli transformatsiyasi yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan. Bir oz oldin biznes sohasiga ijtimoiy tarmoqlarning joriy etilishini inqilob deb atash mumkin edi. Bugun esa bu yetarli emas bo‘lib qoldi. Kompaniyalar takomillashtirish va rivojlanish uchun zamonaviy texnologiyalarga muhtoj. Biznesni yuritishning an’anaviy strategiyalaridan raqamli biznes strategiyalariga inqilobiy o‘tish tufayli kompaniya raqobatchilarga nisbatan sezilarli afzalliklarga ega bo‘ladi. Biroq qat’iy harakat qilish zarur. Yangi jarayonlarning ba’zilari tez va samarali ishga tushiriladi, boshqalari esa uzoq muddatli o‘zgarishlarga olib kelishi va hatto qisqa masofalarda buzilishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Misol uchun, ba’zi mijozlar innovatsiyalarni qabul qilishni istamasliklari sababli rad etishadi. Biroq raqamli transformatsiyaga to‘g‘ri yondashish va samarali vositalarni joriy etish kompaniyani «raqamlashtirish» va uning imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi.

Bu shunchaki ma’lumotni raqamlashtirish emas. Bu kompaniyani raqamli makonda targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarning katta to‘plamidir. Siz turli tajribalarga tayyor bo‘lishingiz, eskirgan biznes jarayonlaridan voz kechishingiz va biznesingizni kengaytirish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanishingiz kerak.

Nima uchun biznes raqamli transformatsiyadan o‘tmoqda?

Raqamli transformatsiya juda katta sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Bir necha o‘n yillar oldin biznesni faqat mahalliy darajada targ‘ib qilish mumkin edi. Gazetalardagi mahalliy e’lonlar, ustunlardagi e’lonlar va tashrif qog‘ozlarini tarqatish kabi. Keyin veb-saytlar paydo bo‘ldi va kompaniyalar asta-sekin, bir vaqtning o‘zida televizorda reklama berish bilan birga raqamli makonga kira boshladilar. Bugungi kunda raqamli transformatsiya yangi to‘lqinni boshdan kechirmoqda. Sun’iy intellekt faol rivojlanmoqda, mashinani o‘rganish amalga oshirilmoqda.

Raqamli transformatsiyaning afzalliklari va kamchiliklari

Raqamli axborot strategiyasi kompaniyaning o‘sishiga, daromadning oshishiga va yaxshilangan imidjga olib keladi. Yangi imkoniyatlar ochiladi. Biroq har bir narsaning salbiy tomoni ham bo‘ladi.

Musbat

Jarayonlarni avtomatlashtirish

Barcha ma’lumotlar bir joyda saqlanadi va tizim tomonidan qayta ishlanadi, bu inson omilining ta’sirini kamaytiradi va ish tezligini oshiradi.

Ishlab chiqarishning oshishi

Xizmat sifati yaxshilanadi, mijozlar vaqtini tejaydi, savollariga javob oladi va sifatli mahsulot xarid qiladi.

Xarajatlar qisqarishi

Jarayonlarni optimallashtirish hisobiga innovatsiyalarni joriy etish va rivojlantirish uchun vaqt va imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Bu esa kelajakka investitsiyalardir.

Manfiy

Katta xavf

Kompaniya ko‘p yillar davomida ishlayotgan biznes jarayonlariga ta’sir qiladigan tub o‘zgarishlarga muhtoj. Ishlarni bajarishning yangi usullari paydo bo‘ladi.

Yanada ko‘proq yangilanishlar

Masalan, yangi biznes jarayonlarini boshqarishga yordam berish uchun xodimlar va biznes egalarini o‘qitish zarur.

Shuni ta’kidlash kerakki, har qanday o‘zgarishlar muayyan qiyinchiliklar bilan bog‘liq. Ko‘pgina mijozlar yangi texnologiyalarni qabul qilishga tayyor emas. «Eskicha fikrlaydiganlar» chat bot orqali muloqot qilishdan ko‘ra, kompaniyaga qo‘ng‘iroq qilishni afzal ko‘rishadi. Yangi funksiyalarni joriy etish ularni ulardan qanday foydalanishni o‘rganishga vaqt ajratishga majbur qiladi. Hamma ham bunga tayyor emas. Shuning uchun ba’zi mijozlar ketishlari mumkin. Biroq kelajakda yangi texnologiyalarni joriy etish tufayli mijozlar soni ancha ko‘payadi va ularning sodiqligi yuqori darajada bo‘ladi.

Muhim! Raqamli transformatsiyani faqat o‘zgarish uchun qilmang. Aniq maqsadlar qo‘ying.

Raqamli transformatsiya texnologiyalari

Agar biznesni rivojlantirish uchun texnologiyadan foydalanish haqida gapiradigan bo‘lsak, bu vositalar nima ekanligini va ular qanchalik foydali ekanligini tushunish kerak. Ushbu maqolada biz bugungi kunda asosiy va eng mashhur texnologiyalarga e’tibor qaratamiz.

  • CRM, ERP, WMS, TMS, SAAS kabi zamonaviy vositalar va ma’lumotlar bazalari biznesingizning muayyan sohalarini boshqarishga yordam beradigan tizimlardir: mijozlar bilan munosabatlar, resurslar, ombor, transport, ma’lumotlar. Hatto o‘z dasturiy ta’minotingizni boshqa kompaniyalarga taqdim etib, qo‘shimcha daromad manbai sifatida foydalanish imkoniyati mavjud.
  • Kengaytirilgan tahlil. Sizda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar juda qimmatli aktivdir va ularning maqsadsiz yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Tahliliy vositalar yordamida siz ularni jarayonlaringiz, xodimlaringiz, resurslardan foydalanish samaradorligini kuzatish uchun ishlatishingiz mumkin. Shunday qilib, siz kompaniyadagi kamchiliklarni topishingiz va ularni tuzatishingiz, yaxshilashingiz va afzalliklarga aylantirishingiz mumkin.
  • Sun’iy intellekt va mashinani o‘rgatish sohasidagi yechimlar. Sun’iy intellekt tobora ommalashib bormoqda, chunki bu sizning shaxsiy ma’lumotlaringiz asosida doimiy ravishda o‘rganadigan mashinaga qaror qabul qilishni ishonib topshirish imkoniyatidir. O‘qitishning samaradorligi va qaror qabul qilishning to‘g‘riligi ma’lumotlar miqdoriga bog‘liq: ma’lumot qanchalik ko‘p bo‘lsa, algoritm uchun aniq va to‘g‘ri xulosalar chiqarish osonroq bo‘ladi.
  • Buyumlar Interneti. Kerakli joylarga joylashtirilgan qurilmalardan foydalanish: odamda, yerda, asbob-uskunalar yoki transport vositalarida, kerakli ma’lumotlarni olish, prognozlar qilish va qarorlar qabul qilish. Masalan, tibbiyotda bu texnologiya bemorlarning ahvolini kuzatish va tashxis qo‘yish, logistikada – mashinalarning holatini kuzatish, qishloq xo‘jaligida – ob-havo va tuproq holati haqida ma’lumot olish uchun qo‘llaniladi.
  • Robototexnika va jarayonlarni avtomatlashtirish – robotlar uzoq vaqtdan beri odamlar o‘rniga ko‘plab takrorlanadigan oddiy jarayonlarni amalga oshirib kelmoqda. Ularni korxonangiz ishiga tatbiq etish uning samaradorligini, ba’zan, hatto o‘nlab marta oshirishi mumkin. Albatta, bunday transformatsiya robotlarni boshqarish uchun maxsus dasturiy ta’minotni ishlab chiqishni ham nazarda tutadi. Texnologiyalarning har biri ma’lum maqsadda qo‘llaniladi, shuning uchun bitta yoki muayyan yechimlar to‘plamini tanlash kompaniyaning ehtiyojlariga bog‘liq. Shu bilan birga, texnologiyalarning har biri mutlaqo istalgan sohada samarali qo‘llanilishi mumkin. Faqat vazifani aniq belgilash muhimdir.

Raqamli transformatsiya strategiyasi

Raqamli transformatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun aniq strategiyani talab qiladi. Keling, rejalashtirishda yordam beradigan uchta asosiy jihatni ko‘rib chiqaylik.

  1. Qo‘lda ishlov beriladigan jarayonlarini raqamlashtirish. Agar sizda hujjatlar juda ko‘p bo‘lsa, barchasi raqamlashtiriladi. Katta miqdordagi zaxiraga ega omborni hisobga olish ham «raqam» ga aylanadi. Yetkazib beruvchilar yoki mijozlar bilan o‘zaro aloqa qilishning murakkab protseduralari ham raqamlashtiriladi. Sizning barcha ma’lumotlaringiz doimo bitta ma’lumotlar bazasiga tushishi sababli ularni boshqarish osonroq bo‘ladi. Muhim ma’lumotlarni yo‘qotish xavfi bartaraf etiladi.
  2. Intellektual texnologiyalarni joriy etish. Albatta, jarayonlar va ma’lumotlarni raqamlashtirish ma’lumotlar bilan ishlash uchun zarur vositalardan foydalanishni o‘z ichiga oladi. O‘z-o‘zidan bu vositalar (SI, ma’lumotlarni tahlil qilish) biznesga kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
  3. Korporativ madaniyatning o‘zgarishi. Jarayonlardagi har qanday o‘zgarishlar kompaniya xodimlarining ish xarakterini o‘zgartiradi. Xodimlarni yangi dasturiy ta’minotdan foydalanishga o‘rgatish va raqamli vositalarni odatiy hayot tarziga integratsiya qilish zarur.

Raqamli transformatsiyaning bu jihatlari ketma-ket bosqichlar emas, aksincha, ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va o‘zaro bog‘liqdir. Muvaffaqiyatga erishish uchun har bir jihatda uyg‘un va bir maromda rivojlanishiga erishish lozim.

Raqamli biznes transformatsiyasining asosiy bosqichlari

Agar transformatsiya bosqichlari haqida gapiradigan bo‘lsak, ular aniqroq va izchil bo‘ladi. Bu istalgan natijaga erishish uchun bajarilishi kerak bo‘lgan aniq qadamlardir. Keling, ularni batafsil ko‘rib chiqamiz:

  1. Transformatsiyalanadigan sohani aniq belgilash. Birinchi navbatda aniq maqsad qo‘yish lozim. Aynan nimani va qanday darajada transformatsiyalashni xohlaysiz? Qanday muammoni hal qilish va qanday maqsadga erishish kerak? Ushbu savollarga aniq javoblarsiz siz natijalarga erisha olmaysiz, ya’ni barcha harakatlar (va resurslar) behuda ketadi.
  2. Byudjetni aniqlash. Raqamlilashtirish uchun aniq nima kerakligini hal qilganingizda, «raqamli» byudjet haqida ham o‘ylashingiz mumkin bo‘ladi. Bu qiyin bo‘lishi mumkin, shuning uchun, birinchi navbatda, ehtimolli yechimlar va ularning narxi bilan tanishib chiqishingiz, ularni joriy qilish o‘zini oqlaydimi yoki yo‘qmi va rentabelligini baholashingiz tavsiya qilinadi. Bunda turdosh faoliyatdagi maxsus holatlar misollari yordam beradi.
  3. Yo‘nalish xaritasini ishlab chiqish. Bu yerda hamma narsa oddiy, agar biz barcha rejalashtirilgan qadamlarimizni grafik tarzda tasvirlasak, biz yo‘nalish xaritasiga ega bo‘lamiz. Biroq aniq dastlabki ma’lumotlarga ega bo‘lgan holda, raqamlashtirish xaritasini batafsil tuzish mumkin.
  4. Raqamli yechimlarni tanlash va joriy qilish. Raqamlashtirish uchun qanday yechimlar va vositalardan foydalanishni hal qilish zarur. Keyin ularni joriy yetadigan va rejani amalga oshiradigan pudratchi topish kerak.
  5. Xodimlarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘rgatish. Sizning xodimlaringiz vaqt va ma’lum resurslarni talab qiladigan yangi jarayonlar va raqamli vositalarni o‘rganishlari kerak. Sizning vazifangiz esa – o‘tish jarayonini malakali tashkil etishdan iborat bo‘ladi.6. Eskirgan texnologiyalardan voz kechish. Ehtimol, Sizda o‘z samarasini ko‘rsatmagan yechimlar yoki vositalar mavjud bo‘lgandir. Ba’zan ularni yangi yechimlar bilan integratsiya qilish mumkin, biroq umuman olganda eski narsani mahkam tutib olmaslik kerak va imkon tug‘ildi deguncha zamonaviy platforma o‘tish yaxshiroq.

Alohida sektorlarda raqamli transformatsiya

Agar siz hali ham raqamlashtirish sizning biznesingizga foyda keltirishiga shubha qilsangiz, keling, u har qanday sohada qo‘llanilishi mumkinligini yana bir bor eslaylik. Raqamli transformatsiya vositalari shunchalik xilma-xilki, ular zamonaviy biznesning deyarli har qanday vazifasini hal qilishga yordam beradi.

  • Ta’minot zanjiri, sotib olish va ishlab chiqarish: boshqarish qiyin bo‘lgan ushbu soha, agar to‘g‘ri texnologiya qo‘llanilsa, daromadli va kamroq mehnat talab qiladigan jarayonga aylanadi. Xarajatlarni kamaytirish uchun marshrutlarni optimallashtirish mumkin, ombor operatsiyalarini qayta loyihalash va yagona markaz nazorati ostiga qo‘yish mumkin. Inventarizatsiyani boshqarish mashinalarga ham ishonib topshirilishi mumkin. Tizim nafaqat statistik ma’lumotlarni taqdim etgan holda omborni kuzatishi, balki sizning talabingiz tendensiyalarini inobatga olgan holda kerakli tovarlarga avtomatik ravishda qayta buyurtma berishingiz mumkin.
  • Xizmatlar va xodimlarni boshqarish sohasi. Tovari yo‘q, biroq odamlar ko‘p jalb qilingan biznes raqamlashtirilishi oson kechadi. Mijozlar bilan munosabatlarni boshqarish tizimi aloqani o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlashga, konversiyani oshirishga yordam beradi. Xodimlarning ish faoliyatini nazorat qilish, ularning ish jadvali va ish yukini yagona tizim doirasida to‘g‘ri rejalashtirish mumkin.
  • Sog‘liqni saqlash. Klinikada shifokorlarning ishini «raqamlar» yordamida yo‘lga qo‘yish yoki dorixona omborini boshqarish mumkin. Bundan tashqari, siz real vaqt rejimida bemorlaringizning ahvolini kuzatishingiz, ularga yangi xizmatlarni taklif qilishingiz va tezkor maslahat berishingiz mumkin.
  • Bank sektori. Moliyaviy menejment nafaqat banklarga tegishli, balki u ma’lum darajada har bir kompaniyada ham mavjud. Barcha moliyaviy hujjatlar bitta ma’lumotlar bazasida saqlanishi mumkin va har qanday operatsiyani tugmachani bir necha marta bosish orqali amalga oshirish mumkin. Shu bilan birga, tizim har bir foydalanuvchi ma’lumotlarining xavfsizligini, shuningdek, kompaniya ma’lumotlarining yaxlitligi va xavfsizligini kafolatlaydi. Shunday qilib, siz moliyaviy boshqaruvni soddalashtirishingiz va tezlashtirishingiz mumkin, shu bilan birga, foydalanuvchilaringiz tajribasini yanada yaxshilashingiz mumkin.
  • Ulgurji savdo: onlayn va oflayn savdolar ham zamonaviy texnologiyalardan foydalanadi. Siz nafaqat potensial mijozlarga mahsulotingizni reklama qilishingiz, balki qulay sodiqlik dasturini taklif qilishingiz, do‘koningizni osongina topishga yordam berishingiz yoki u haqda eslatishingiz, tez va qulay xaridlarni amalga oshirishingiz mumkin.

Avtomobil sanoati: bu soha robototexnika va jarayonlarni avtomatlashtirishning afzalliklarini boshidan eng ko‘p ko‘rgan hisoblanadi. Agar biz nafaqat ishlab chiqarish haqida gapiradigan bo‘lsak-chi? Avtomobil sanoati uchun mahsulotni savdoga chiqarish eng qiyin va eng davomli jarayonlardan hisoblanadi. Avtomatlashtirish nafaqat biznes uchun resurslarni boshqarishni osonlashtirishga, balki mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga yordam beradi.

Mahsulot menejerlari raqamli transformatsiyadan qanday foydalanishlari mumkin?

Kompaniyalar raqamli biznes transformatsiyasidan ikki sohada foydalanishlari mumkin: ichki jarayonlar va bozor imkoniyatlari. Mahsulot menejerlari mahsulotlarni boshqarish va yaxshilash uchun yangi texnologiyalar vositalaridan osongina foydalanishlari mumkin. Ba’zi vositalar mijozlar bilan deyarli avtomatik aloqa o‘rnatish imkonini beradi. Shu sababli, xizmatlar uchun sharhlarni to‘plash, ishlab chiqarilayotgan mahsulotga munosabatni aniqlash osonroq bo‘ladi. Undan so‘ng – mahsulotning o‘zini yaxshilash uchun o‘zgartirishlar qilish. Masalan, kompaniyaning yangi mahsuloti bozorga osonroq kirishiga yordam beradigan taqdimotlarning yangi turlarini o‘tkazish.

Ichki jarayonlar. Raqamli transformatsiya jamoa ichidagi ishni yaxshilashga, samaradorlikni oshirishga yordam beradi. Shuningdek, u rivojlanish rejalarini ishlab chiqish va kompaniya manfaatlarini ilgari surish imkonini beradi.

Bozor imkoniyatlari. Raqamli transformatsiya mijozlar muammolarini hal qilishga yordam beradi. Aloqa avtomatlashtirilgan. Mijoz menejer bilan aloqani kutishni xohlamaydi, u shu yerda va hozir muammoni hal qilishni xohlaydi. Mahsulot menejerlari mijozlarning og‘riqlarini yaxshiroq tushunishadi va ularni bartaraf etishga yordam beradigan yechimlarni taklif qilishadi. Yangi bozor imkoniyatlari ochiladi.

Muvaffaqiyatli raqamli transformatsiyalarga misollar

Ko‘pgina yirik kompaniyalar o‘z faoliyatiga raqamli transformatsiyani joriy qilmoqdalar. Ehtimol, shuning uchun ular kattalashgandir, chunki mijozlar bilan muloqot qilish, ularning sodiqligini oshirish va raqamli makonda o‘zaro aloqani yaratish biznesni kengaytirishga yordam beradi.

IKEA

IKEA TaskRabbitni 2017-yilda sotib olgan. Bu mebel yig‘adigan odamlarni topishga yordam beradigan veb-sayt. Shuningdek, u yetkazib berish xizmatlarini ham taklif etadi. IKEA mijozlari ko‘pincha ushbu resurs xizmatlaridan foydalanadilar, chunki ular o‘zlari mebel yig‘ishni xohlamaydilar yoki qila olmaydilar.

Keyinchalik kompaniya kengaytirilgan reallik loyihasini amalga oshirdi. Endi xaridorlar mebel sotib olishdan oldin o‘z uylarini virtual jihozlashlari va mebel ularning dizayniga qanday mos kelishini ko‘rishlari mumkin. Bu korxona imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishga yordam berdi.

Yana bir muvaffaqiyatli loyiha – Space10. Ushbu loyiha o‘z ichiga tadqiqot markazi va ko‘rgazma maydoni qamrab olgan. Bu yerda IKEA yashash maydoniga ega avtonom avtomobillar konsepsiyasini taqdim etadi. Biroq kompaniyaning o‘zi bunday avtomobillarni ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmayapti, faqat konsepsiyalarni ishlab chiqadi.

LEGO

1997-yilda LEGO bir qator video o‘yinlarni ishga tushirish bilan biznesni raqamli transformatsiyasini amalga oshirdi. Shu bilan birga, kompaniya mahsulotlarning ko‘p qismini bepul taklif qildi, kompaniyaning mashhurligi va o‘sish darajasi sezilarli darajada oshdi.

Zamonaviy yondashuv – bu sizning mahsulotlaringiz imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish imkonini beruvchi 3D bosib chiqarish texnologiyasidan foydalanishdir.

Korxonani samarali raqamli transformatsiya qilish yo‘lidagi yana bir qadam – bu mijozlar o‘zlarining blok variantlarini taklif qilishlari mumkin bo‘lgan veb-saytni ishlab chiqishdir. Kompaniya foydalanuvchilar tomonidan ishlab chiqilgan to‘plamlarni chiqarishni ko‘rib chiqmoqda.

Barcha o‘yinchoqlar ham zamonaviy bo‘lib, texnologiya bilan jihozlangan. Endi sensorlar oddiy konstruktorlarda paydo bo‘lmoqda. LEGO jismoniy bloklarni virtual dunyo bilan birlashtiradi. Bunday texnologiyalarni joriy etish mijozlar bazasini sezilarli darajada kengaytirishi, yangi auditoriyani jalb qilishi, avvalgi mijozlarning sodiqligini oshirishi mumkin. Bu, shuningdek, kompaniyaga o‘z segmentida yetakchi bo‘lib qolish va yanada rivojlantirish imkonini beradi.

NIKE

NIKE – sport poyabzali va kiyim-kechak sanoatidagi gigant kompaniya. Ammo biznes egalari bu bilan to‘xtab qolmay, raqamli transformatsiyani amalga oshirdilar. Ular oyog‘ingiz shakli va o‘lchamini skanerlash orqali poyabzal tanlashga yordam beruvchi ilovani yaratdilar. Dastur nuqtalarni yaratadi, shundan so‘ng u mijozga to‘g‘ri poyabzal tanlashni taklif qiladi. Bunda menejerlar ma’lumotlarni olib, zaruratga qarab ularni qayta ishlaydilar va mijozlarga moslab poyabzal yaratadilar.

Mobil ilovalarni ishlab chiqishdan tashqari, kompaniya mijozlarning sodiqligini oshirishga sarmoya kiritdi va NIKE+ dasturini ishlab chiqdi. U heshteglarni Internetda joylashtirgan, brendni targ‘ib qilishga yordam beradigan va sodiq mijozlar bo‘lgan faol foydalanuvchilarni mukofotlaydi. O‘z mijozlariga nisbatan bunday munosabat savdo hajmining sezilarli darajada oshishiga olib keldi. Ishlanma Yaponiyada sinovdan o‘tkazildi va natijalari a’lo darajada bo‘ldi.

NIKE 6000 ta poyabzal materiallarini raqamlashtirdi. Buning yordamida dizayn jamoasi tezroq va samaraliroq ishlaydigan bo‘ldi, bozorda talab paydo bo‘lgan zahoti mahsulot yaratishi imkoni paydo bo‘ldi.

AUDI

Avtomobil sanoati an’anaviy soha hisoblanadi va ularda raqamli bozorga kirish uchun ehtiyoj mavjud emas. Shu fikr AUDI avtomobil ishlab chiqaruvchisi o‘zining raqamli transformatsiyasini dunyoga taqdim etgunga qadar omma orasida keng tarqalgan bo‘lgan.

2012-yilda Audi City – ko‘rgazma zali loyihasi amalga oshirildi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, foydalanuvchilar avtomobillar to‘xtab turish mumkin bo‘lmagan kichik zallarda avtomobil modellari katalogi bilan tanishishlari mumkin. Bunday zallar savdo markazlari va do‘konlarda joylashgan. Xarid qilganda odam kirib, mahsulotlar bilan tanishadi. U yerda odam mashina sotib olishi mumkin. Bundan tashqari, bunday binolarda forumlar, ko‘rgazmalar va muhokamalar o‘tkaziladi, bu brendning joylashuvini yaxshilaydi.

Audi do‘konlarida ekranlar avtomobilning to‘liq hajmini ko‘rsatadi va taqdimot qiladi. Foydalanuvchi o‘z smartfoni yoki planshetidan avtomobil ichiga «qarash»i, dvigatel tovushini eshitishi, uning harakatini kuzatishi mumkin. Audi City dasturining joriy etilishi tufayli sotuvlar oddiy salonlarga nisbatan 60 foizga oshdi.

Sizning kompaniyangiz raqamli transformatsiyaga tayyormi?

Raqamli transformatsiyaga investitsiya kiritish shunchaki kelajakka qadam emas. Kompaniyaning o‘sishi, rentabelligini oshirish va butunlay yangi, zamonaviy va ilg‘or mijozlar bilan munosabatlarini qurish zarurati. O‘tish muhim, ammo kompaniya raqamli transformatsiyaga tayyormi yoki yo‘qligini qanday bilasiz?

Dastlab, bu qanday maqsadda amalga oshirilayotgani haqida o‘ylashingiz kerak. Aniq maqsadlarni tushunish sizga ehtiyojlarni aniqlash va ularni qondirish yo‘llarini topish imkonini beradi. Buning uchun batafsil tahlillarni o‘tkazadigan va kompaniyaning ish holatini o‘rganadigan mutaxassislarga murojaat qilish tavsiya etiladi. Ular sizga munosib yechimni taklif etadi – raqamli transformatsiya strategiyasini ishlab chiqadilar. Bozorni batafsil o‘rganib, maqsadli auditoriyani tahlil qiladilar va yangi texnologiyalarni ilgari surish va joriy etish strategiyasini taklif qiladilar.

Shohruh Rahmat, «Axborot texnologiyalar va axborot resurslarini rivojlantirish markazi» davlat unitar korxonasi Loyihalar bajarilishini nazorat va tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring