Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT vaziri «Space Technology Conference STC-2022»da ishtirok etdi (Foto)

AKT vaziri «Space Technology Conference STC-2022»da ishtirok etdi (Foto)

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

Ayni kunlarda Toshkentda «Space Technology Conference STC-2022» xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir nechta xorijiy davlatlar vakillari ham ishtirok etmoqda.

Bugun, 10-may kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ushbu konferensiyaning ochilish marosimida qatnashib, nutq so‘zladi.

AKT vaziri dastlab so‘nggi yillarda O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasiga katta e’tibor qaratilayotgani, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ushbu yo‘nalishda ustuvor vazifalar belgilab berilganini ta’kidlab o‘tdi.

«Davlatimiz rahbari tomonidan axborot kommunikatsiya va texnologiyalari sohasini rivojlantirish bo‘yicha juda katta vazifalar oldimizga qo‘yildi va juda katta ishlar boshlandi. Oxirgi o‘tgan oylar ichida ham O‘zbekiston o‘ziga yarasha dunyoning ko‘pgina axborot texnologiyalari mutaxassisi va kompaniyalarini jalb etadigan markazga aylanib bormoqda.

Prezidentimiz O‘zbekistonni mintaqaviy axborot texnologiyalari xabiga aylantirish bo‘yicha katta vazifalarni belgilab berdi va ushbu vazifani amalga oshirishdagi eng katta qadamlardan bittasi ham mana shu konferensiya bo‘lsa kerak. Chunki ushbu konferensiyada dunyoning juda ko‘plab ekspertlari va mutaxassislari ishtirok etmoqda. Raqamlashtirish bilan kosmik tadqiqotlarni birgalikda olib boramiz», – dedi AKT vaziri konferensiya doirasida so‘zlagan nutqida.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, yo‘ldosh aloqasi hududlarda aholini zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlash imkonini beradi.

«Olis, tog‘li, cho‘l, dasht hududlardagi aholining sifatli va ishonchli telekommunikatsiya xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini maqbul narxlarda qondirish pirovard maqsad qilganmiz. Shu bilan birga, kosmik texnologiyalar ma’lumotlar integratsiyasi orqali biz imkon boricha mamlakatimizning barcha sohalarini iqtisodiy tarmoqlarini raqamlashtirishda oldimizga qo‘yilgan vazifalarga tezroq yetishishga imkonimiz bo‘ladi.

Inson omilini kamaytirish, haqiqiy holatni kosmik texnologiyalar orqali tez va oson o‘rganish mamlakatni raqamlashtirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirishga imkoniyat ochib beradi», – deya ta’kidlab o‘tdi AKT vaziri Sh. Shermatov. Xaqarao konferensiya doirasida bir qator xalqaro kompaniyalar vakillari bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda to‘liqroq ma’lumotlar taqdim etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring