Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ta’lim tizimini raqamlashtirishning ijobiy va salbiy tomonlari (video)

Bugungi kunda vaqt tig‘izligi sabab odamlarning raqamli axborot manbalariga talabi ham tobora ortib bormoqda.

Masalan, ularning davlat organlari bilan muloqoti elektron davlat xizmatlari, banklar bilan esa raqamli ilovalar orqali amalga oshirilyapti.

Shu singari, o‘qishga hujjat topshirish jarayonlarining raqamlashtirilishi ortidan abituriyentlarning ham bag‘riga shamol tegdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bora-bora raqamli texnologiyalarsiz ish bitirish imkonsiz bo‘lib qolishi ham turgan gap. Demakki, aholi bu sohadan to‘g‘ri foydalanishni muntazam o‘rganib borsa, ziyon qilmaydi. Axir bu davr talabi.

Quyida xalqimizni ta’lim tizimidagi raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishtirish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi direktori Alisher Abdullayev bilan bo‘lgan suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz.

Suhbat davomida sohada amalga oshirilgan ishlar, aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar hamda ta’lim tizimini raqamlashtirishning ijobiy va salbiy jihatlari haqida bir qator ma’lumotlarga ega bo‘lishingiz mumkin.

– Bugungi kunda ta’lim tizimiga raqamli texnologiyalarning joriy etilishi talaba-yoshlarga nima bermoqda?

– Xabaringiz bor, so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, talabaning oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishidan boshlab, to diplom olgunigacha bo‘lgan jarayonlarning bari raqamlashtirilmoqda. Bu nafaqat talabalar uchun, balki oliy ta’lim muassasasi uchun ham iqtisodiy jihatdan samaradorlik beradi. Jumladan, ilgari hujjat topshirish jarayonlarining o‘zi har ikki tomon uchun ham ko‘plab ovoragarchiliklar keltirib chiqarar edi. Hozirgi kunda esa hujjat topshirishdagi barcha jarayonlar elektronlashtirilib, birgina platforma orqali amalga oshirilyapti. Hattoki, talabaning ijtimoiy ahvoli haqidagi ma’lumotga ega bo‘lish uchun uning pasport ma’lumotlarini tizimga kiritishning o‘zi kifoya.

– Shu kunga qadar vazirlik tizimida raqamlashtirishga oid yana qanday islohotlar amalga oshirilgan va hozirgi kunga kelib, ularning samaradorligi qay darajada?

– Oliy ta’lim muassasalarini raqamlashtirish borasida oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish maqsadida HEMIS tizimi joriy qilindi. Mazkur tizimning qulayligi shundan iboratki, u orqali talabalarning dars jarayonlarini o‘zlashtirishi, reyting daftarchasi, ularning har kunlik davomati, fanlarga tegishli resurslar, oraliq jadvallari, baholari va diplom ma’lumotlarining barchasi raqamlashtirildi. Natijada fakultet dekanlarining talabalar bilan ishlashi yanada osonlashdi.

– Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda raqamlashtirish orqali ko‘plab rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tizimi yangi bir bosqichga ko‘tarilmoqda. Bizda-chi?

– Bilasizmi, talaba qachonki qimmatli vaqtini behuda narsalarga sarflamasa, uning ta’lim olish sifati ham ortib boradi. Masalan, hali abituriyentlik chog‘idanoq imtihonlarga tayyorgarlik avjiga chiqqan pallada hujjat topshirish bilan ovora bo‘lish, o‘qishga kirgandan so‘ng ham ayrim ma’lumotnomalar uchun dekan eshigi ortida turnaqator navbatlar kutish yoki boshqa bir dars jarayonlari bilan bog‘liq sarsongarchiliklarga aynan raqamlashtirish orqali barham berilganligi talaba yoshlarning ilm olishdan chalg‘imasdan, o‘z ustida ko‘proq ishlab, yanada rivojlanishlariga zamin yaratmoqda.

– Sohada raqamlashtirish jarayonlarining joriy qilinishi yanada shaffoflikka zamin yaratyaptimi?

– Albatta, ta’lim tizimini raqamlashtirish orqali o‘qishga hujjat topshirish jarayonlaridagi ba’zi bir korrupsion holatlarning oldini oldik, deya ayta olamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring