Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Sog‘liqni saqlash tizimining raqamli transformatsiyasi” mavzusidagi respublika raqamli sog‘liqni saqlashning yagona platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

“Sog‘liqni saqlash tizimining raqamli transformatsiyasi” mavzusidagi respublika raqamli sog‘liqni saqlashning yagona platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida olib borilayotgan islohotlar doirasida yangi dasturlarni hayotga tatbiq etishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq yurtimizning barcha hududlaridagi tibbiyot muassasalari faoliyatini raqamlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Shu maqsadda zamonaviy texnologiyalar o‘zlashtirilyapti va “aqlli” uskunalar keltirib o‘rnatilyapti.

Bu boradagi sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida “Elektron poliklinika” va “Elektron retsept” dasturlari bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilayotganligini keltirish mumkin.

Shu maqsadda joriy yilning 20-yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “UZINFOCOM” yagona integratori tomonidan “Sog‘liqni saqlash tizimining raqamli transformatsiyasi” mavzusidagi respublika raqamli sog‘liqni saqlashning yagona platformasi taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda Sog‘liqni saqlash, Raqamli texnologiyalar vazirliklari va boshqa tegishli idoralar rahbarlari, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari va hududiy boshqarmalar vakillari ishtirok etdi.

Taqdimotda raqamli tibbiyotning imkoniyatlari va qulayliklari sahna ko‘rinishi orqali namoyish etildi. Unda tibbiyot muassasalari faoliyatidagi raqamlashtirish jarayonlari bir shifokor hayoti misolida ochib berildi.

Mazkur yangi tizimlar orqali shifokorlar bemorlarning kasallik tarixi haqidagi ma’lumotlarni respublikaning istalgan hududidan onlayn ko‘rish va yangilash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Taqdimotda ilgari faoliyat ko‘rsatgan 50 dan ortiq axborot tizimlarining yagona platformaga o‘tkazilishi bilan tizim foydalanuvchilari uchun qator noqulayliklar bartaraf etilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, raqamlashtirish jarayoni aholi uchun tibbiy xizmatlardan foydalanishda yangi qulayliklar yaratgani alohida qayd etildi. Tizimlarning hayotga tatbiq etilishi shifokorlarning ish samaradorligini oshirishi, bemorlarga esa tezkor va aniq tibbiy yordam ko‘rsatilishiga zamin yaratadi.

Tadbir yakunida, ilg‘or texnologiya va tibbiyotning uyg‘unligini ifoda etgan “Yangi O‘zbekiston tibbiyoti” gimni ijro etildi va yig‘ilganlarda yorqin taassurot qoldirdi.

Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimiz tibbiyotini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring