Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamli texnologiyalar vazirligida Navoiy ensiklopediyasi taqdimoti o‘tkazildi

Raqamli texnologiyalar vazirligida Navoiy ensiklopediyasi taqdimoti o‘tkazildi

Raqamli texnologiyalar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda Vazirlik markaziy apparati hamda tizimdagi korxona va tashkilotlar xodimlari uchun 4 jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotda Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri N. Xolbo‘tayev Alisher Navoiy, uning hayoti va ijodi, asarlari haqida ma’lumot berish bilan birga, uning ijodiga bag‘ishlangan to‘rt jildlik qomusning nashr etilishi adabiyotimizda, ilm-fanimizda, umuman ma’naviy hayotimizda ulkan voqealigi ekanligini, Alisher Navoiy ensikplopediyasining birinchi taqdimoti Yozuvchilar uyushmasida o‘zbek adiblari, ijodkorlari uchun tashkil qilingan bo‘lsa, ikkinchi taqdimot Raqamli texnologiyalar vazirligida o‘tkazilayotganiga urg‘u berib, mazkur soha vakillari bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotining yetakchilaridan biri ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, raqamlashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarni alohida qayd etib, kelgusida Navoiy asarlarini ham raqamli ko‘rinishda tayyorlash, alohida veb-sayt hamda mobil ilovalarni yaratish orqali ularning yanada keng targ‘ib qilinishi muhim ahamiyatga egaligini va bu jarayonda Vazirlik hamda uning tizimidagi korxona va tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qilinishi zarurligini aytib o‘tdi.  

Taqdimotda so‘zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari J. Maxsudov Vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berib, Alisher Navoiy ijodini faqatgina navoiyshunoslar yoki adabiyotchilar emas, balki keng omma o‘rganishi maqsadga muvofiqligini, uning asarlarida bugungi kun jamiyati hayotiga, xususan, raqamli texnologiyalarga ham oid ma’lumotlar uchrashini ta’kidladi.

Navoiy ensiklopediyasi tayyorlanishida bevosita ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori o‘rinbosari, professor M. Asadov hamda ushbu institut katta ilmiy xodimi, f.f.n., dotsent S. Rafiddinovlar Navoiy ilmiy, hayotiy, tarixiy ma’lumotlar jamlangan ensiklopediyani tayyorlash jarayonlari, bu faoliyat Alisher Navoiy merosini o‘rganish bo‘yicha ulkan qadamligini, Navoiyni yaxshiroq bilish uchun uning asarlarini o‘qish va uqish zarurligini qayd etishdi.

Taqdimot davomida Navoiy hayoti va ijodiy faoliyatiga oid savol-javoblar o‘tkazildi hamda savollarga to‘g‘ri javob berganlarga Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari tomonidan Alisher Navoiy g‘azallari o‘qildi. O‘zbekiston xalq hofizi E. Ro‘zimatov boshchiligidagi jamoaning Navoiy g‘azallari asosidagi musiqiy chiqishlari tadbirning yanada ko‘tarinki ruhda o‘tishini ta’minladi.

Ma’lumot uchun: Ensiklopediyada navoiyshunoslikka oid masalalar, buyuk shoir asarlarining turli yillardagi nashrlari, xorijiy tillarga tarjimalari, yurtimiz va jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma kitoblari, shuningdek, rassomlik, haykaltaroshlik, teatr, kino singari san’at turlarida Navoiy siymosining aks ettirilishiga oid maqolalar o‘rin olgan. 

“Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ga O‘zbekistonning 78 nafar taniqli navoiyshunos olimi, yosh tadqiqotchilar, shu bilan birga, turkiyalik va ozarbayjonlik olimlarning mavzu bo‘yicha maqolalari kiritilgan. Ushbu ensiklopediya O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1000 nusxada chop etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring