Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ilk marotaba mapaton o‘tkaziladi

O‘zbekistonda ilk marotaba mapaton o‘tkaziladi

Illyustrativ foto

24–26-noyabr kunlari O‘zbekistonda ilk marotaba mapaton tadbiri o‘tkaziladi. Aholining ichimlik suvi  bilan ta’minlanganlik darajasi va oqava suv tizimi qamrovi bo‘yicha dolzarb ma’lumotlarni yig‘ish maqsadida 120 nafardan iborat ko‘ngillilar va soha mutaxassislari jalb etiladi.

Mapaton — ma’lum bir mavzuda geoaxborot ma’lumotlarini shakllantirish bo‘yicha musobaqadir. Mapatonni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, birinchidan, tajriba-sinov tariqasida tanlangan Yangiyo‘l tumani doirasida ichimlik suvi va oqava suvi tizimining haqiqiy qamrovini aniqlashdan iborat. Ikkinchidan, mahallalarga tashrif buyurib, aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazish  orqali “O‘zsuvta’minot” AJ ma’lumotlar bazasini to‘ldirish. Yakuniy natija sifatida suv ta’minoti tarmog‘i va tizimiga ulanish, GIS (geoaxborot tizimi) holati, “O‘zsuvta’minot” AJ ma’lumotlar bazasini to‘liqligi bo‘yicha vaziyat baholanadi.

Mapaton, mintaqadagi umumiy qurg‘oqchilik holati, shuningdek, O‘zbekiston prezidentining suv masalalari bo‘yicha bir qator videoselektorlardagi nutqlari va yaqinda qabul qilingan — 2023-yil 24-oktyabrdagi 343-sonli qarori nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi. Mapaton, Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, “O‘zsuvta’minot” AJ, Toshkent shahridagi Inha universiteti tomonidan tashkil etiladi.  Geo2 va Inttech kompaniyalari moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi.

Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, hududda 220 mingga yaqin aholi 38 705 ta turarjoy va 229 ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiladi. Rasmiy ma’lumotlarga asosan aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 75 foizni tashkil etadi. To‘rtta mahallada suv ta’minoti mavjud emas va ichimlik suvi boshqa hududlardan tashib olib kelinadi. Yangiyo‘l tumanida davlat dasturlari va  Osiyo taraqqiyot banki (OTB) kredit  mablag‘lari hisobidan bir qancha loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, OTB 2-bosqich loyihasida 34 ta mahallani, 3-bosqichda 15 ta mahallani qamrab oladi. Mapaton mahallalar doirasida amalga oshirilayotgan turli loyihalarning real qamrov darajasini aniqlashda yordam beradi.

Noyabr oyida Xalqaro GIS (geoaxborot tizimi) kunini nishonlash doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar fazoviy ma’lumotlar, geodeziya va kartografiya sohasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Mapatonni tashkil etishda maqsadlardan biri, intiluvchan yosh kadrlarni geodeziya va kadastr sohasiga jalb etish. Shu sababli, mapatonni tashkil etishda ko‘ngillilar taklif etildi (Ko‘ngillilar asosan geoaxborot o‘quv yo‘nalishi mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muasasalari, ya’ni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, Toshkent shahridagi Adju universitetilarining talabalaridan tashkil topdi). Guruhlarga mentor sifatida Geofazoviy ma’lumotlar bilan ishlovchi Kadastr agentligi, “O‘zsuvta’minot” AJ, Toshkent shahar hokimligining kadastr sohasidagi malakali mutaxassislari jalb qilindi.

Ikki kun ichida 10 ta guruh 64 ta mahalladagi 550 ta ko‘cha kesimidagi ma’lumotlarni jamlaydi va 26-noyabr kunining yakunigacha Yangiyo‘l tumani mahallabay ma’lumotlar bazasi tuziladi. Eng ko‘p va sifatli ma’lumot jamlagan guruh 2023-yil 26-noyabr kuni mapaton tadbirining yopilish marosimida taqdirlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring