Kompyuterni endi o‘rganayotganlar uchun: fayllardan boshlaymiz (IT-savodxonlik)
Kompyuter nimaligini hammamiz bilamiz, unda fayllar saqlanishidan ham bexabar emasmiz. Va bu fayllar musiqa, foto, video, matn va hokazo ma’lumotlardan iboratligi ham kundek ravshan. Bizga oddiy va tushunarli ko‘ringan bu narsalar kompyuterning o‘zi uchun boshqacharoq va murakkabroq. Hozir tushuntiramiz.
Ushbu maqola — kompyuterni endi o‘rganayotganlar uchun boshlayotgan navbatdagi saboqlarimizning dastlabkisi. Kompyuter yoki fayl haqida gapirishimiz ehtimol siz uchun erish tuyular, ammo ota-onangiz yoki kompyuterdan “uzoq” do‘stingizga fayl nimaligini tushuntirmoqchi bo‘lsangiz, marhamat, shu maqolani tavsiya qiling. Bu birinchi maqolamiz va murakkablikka qarab ketaveramiz, balki sizga ham foydasi tegib qolar, shunday ekan, kuzatishda davom eting.
Fayl nima?
Kompyuterning ko‘zi bilan qaraganda, fayl — qattiq diskdagi baytlarning ketma-ketligi. Agar 100 gigabaytli qattiq diskni 100 milliard baytning ketma-ketligi deb tasavvur qilsak, muayyan fayl ana shu diskdagi baytlarning nechtasinidir tashkil qiladi.
Yana ham tushunarli bo‘lishi uchun rasmga qarang:
Baytlarning bu ketma-ketligi albatta izma-iz kelishi shart emas — fayl diskning turli burchaklarida joylashgan bir nechta bo‘laklardan iborat bo‘lishi ham mumkin:
Qolgan boshqa fayllar ham xuddi shunday saqlanadi — diskda bir yoki bir nechta bo‘laklardan iborat joylashadi. Kompyuter, qaysi fayl aynan qaysi bo‘laklardan tashkil topganini bilish uchun, xotirasining bir qismini fayllar jadvaliga ajratadi. Ushbu jadvalda diskdagi barcha fayllar haqidagi ma’lumotlar saqlanadi:
Nomlar va kengaytmalar
Faylning nomi ko‘pincha nomning o‘zi va kengaytmadan iborat bo‘ladi, ularni o‘rtadagi nuqta ajratib turadi:
Shu bilan masala hal emas. Faylning nomi kengaytmasiz va nuqtasiz bo‘lishi yoki nuqta bilan boshlanishi ham mumkin: masalan, .htaccess kabi.
Umuman olganda, faylaning kengaytmasi bormi-yo‘qmi, kompyuterga farqi yo‘q. Unda nega kerak? Bu kompyuter va inson qanaqa ma’lumotlar unda saqlanishini va qaysi dasturda faylni ochish kerakligini tushunishi uchun. Buning uchun kompyuter kengaytmalar va ilovalar jadvalini yaratadi — qanaqa kengaytmadagi fayllarni qaysi dasturlarda ochish lozimligi unda yozilgan:
Har bir amaliy tizim (operatsion tizim)ning faylning nomlanishi bo‘yicha o‘z talablari bor: Windows tizimida .con deb nomlangan faylni yaratib bo‘lmaydi, MacOS tizimida esa bunaqa muammo yo‘q.
Fayllar va papkalar
Hamma fayllar bir joyga to‘dalanib qolmasligi uchun (ilk kompyuterlardan shunday bo‘lgan) papkalar o‘ylab topilgan — ular o‘ziga xos virtual qutilar bo‘lib, ularning ichida fayllar yoki boshqa papkalar saqlanishi mumkin.
Agarda papkani o‘chirib yuborsangiz, uning ichida saqlanayotgan barcha fayllar va papkalar ham o‘chib ketadi. Agar papkani bir joydan boshqa joyga ko‘chirsangiz, ichidagi barcha narsalar qo‘shilib ko‘chadi.
“Faylga yo‘l” tushunchasi ham bor. Bu kerakli faylgacha yetib borish uchun o‘tish kerak bo‘lgan papkalar ketma-ketligi. Agar sizda “Hisobot 2023” fayli “Hisobotlar” papkasida, “Hisobotlar” esa D diskdagi “Ishlar” papkasida joylashgan bo‘lsa, unda faylga yo‘lning to‘liq ko‘rinishi quyidagicha bo‘ladi:
D:\Ishlar\Hisobotlar\Hisobot 2023.doc
Papka — inson uchun maxsus o‘ylab topilgan fayllarni tashkillashtirish usuli. Kompyuter esa o‘zidagi muayyan xizmat fayli qayerda joylashganini papkalarsiz ham eslab qoladi.
Papka ham fayl
Balki buni bilarsiz, papka ham fayl sanaladi, faqat maxsus, o‘ziga yuklatilgan vazifalarga ega. Ushbu faylning ichida qaysi fayllar ushbu papkaga tegishli ekani to‘g‘risidagi axborot yozib qo‘yilgan. Demak, papka — fayl ekan, biz bir papkani birining ichiga joylaganimizda, kompyuter bir fayl ikkinchisida ichida joylashganini qayd etib qo‘yadi.
Faylda nimani saqlasa bo‘ladi?
Fayl — shunchaki diskdagi baytlar ketma-ketligi, demak, u yerga istalgan narsani yozish mumkin, bular:
- filmlar;
- fotosuratlar;
- musiqalar;
- hisobotlar;
- jadvallar;
- o‘yinlar;
- ishlanmalar tili uchun drayverlar kutubxonasi va boshqalar.
Fayllarda muhimi ularning ichida nimaligi emas, balki kompyuter ular bilan qanday ishlay olishi, faylni ochish uchun qaysi dasturlarni ishga tushirishni bilishi. Agar Windows operatsion tizimida ishlovchi kompyuterga eng so‘nggi rusumdagi ayfon maxsus formatda olgan suratni ko‘chirsangiz, qo‘shimcha dasturlarsiz uni ocha olmaysiz.
Shuning uchun ham fayllarning eng muhim jihati — ularni ochish va ko‘rish mumkinligi. Aks holda fayl nullar va birlar ketma-ketligi yoki yaroqsizligicha qolaveradi.
Fayl va hujjat — bitta narsami?
Diskdagi nomi va manzili mavjud istalgan ketma-ketlik fayl deb ataladi. Fayl shifrlangan (oddiyroq aytganda qulflangan) va ochilmayotgan bo‘lsa, ichida buzilishlar yoki bo‘shliq bo‘lsa ham baribir faylligicha qoladi.
Hujjat bu — foydalanuvchi uchun biron bir ahamiyatga ega, ochib, unga ongli ravishda o‘zgartirish kiritish mumkin narsa. Deylik, sizning Word formatidagi referatingiz — siz uchun hujjat, kompyuter uchun — fayl.
Solishtirish uchun: Microsoft Word dasturining tizim kutubxonasi — hujjat emas, oddiy fayl. Siz uni ocha olmaysiz, biroq Word dasturi ishlash uchun undan foydalanadi.
Telefon va planshetlarda fayllar qanday saqlanadi?
Bularda fayllarning saqlanishi xuddi kompyuterdagi kabi bo‘ladi, faqat fayl tizimi (ichki tashkillashtirish usuli) farqlanadi. Fayl tizimlari va ular qanday bo‘lishi haqida keyingi maqolada gaplashamiz.
Manba: thecode.media
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter